BMT doirasida uch yil to`lgan Ukraina urushi bo’yicha uchta rezolyutsiya qabul qilindi. Markaziy Osiyo ularning ikkitasi bo´yicha betaraflik pozitsiyasini egalladi.
Ukraina yuzasidan bu safargi rezolyutsiyalar jiddiy munozaralar uyg'otdi. AQSh, Rossiya va Xitoy kabi qudratli davlatlar Ukraina masalasida bir xil pozitsiyani egalladi. Bu - xalqaro ziddiyatlarga munosabatda kam kuzatiladigan holat.
24- fevral kuni BMT Bosh Assambleyasi yig’ilishida biri AQSh, boshqasi Ukraina va Yevropa davlatlari tomonidan ishlab chiqilgan rezolyutsiyalar muhokamaga qo`yildi.
Ukraina va Yevropa tashabbusidagi rezolyutsiya Rossiya bosqinini keskin qoralab, agressiyaga chek qo’yishga va rus armiyasini Ukrainani tark etishga chaqiradi.
AQSh tashabbusidagi rezolyutsiyada esa urush bosqin emas, Rossiya-Ukraina ziddiyati deb atalgan, ammo Yevropa davlatlari bu rezolyutsiyaga Rossiya bosqinini ifodalovchi tahrir kiritishga muvaffaq bo`lgan.
Natijada AQShning o`zi bu rezolyutsiya bo`yicha betaraf qoldi. 70 ga yaqin davlat, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari ham betaraf ekanini bildirdi.
Ukraina tashabbusidagi rezolyutsiyaga nisbatan ham 65 davlat, jumladan Markaziy Osiyo mamlakatlari betaraf bo'ldi, 90 davlat uni yoqladi, 18 davlat unga qarshi chiqdi.
Diqqatlisi, Rossiya bilan bir qatorda AQSh ham Ukraina tashabbusidagi rezolyutsiyaga qarshi ovoz berdi. Urushning uchinchi yiliga kelib, AQSh va Rossiya bu mojaro masalasida yakdil ekani xalqaro hamjamiyatni bir tomondan ajablantirsa, ikkinchi tomondan xavotirga solmoqda.
Shu kuni BMT Xavfsizlik kengashida ham AQSh tashabbusidagi rezolyutsiya qabul qilingan. Tomonlarni tinchlik muzokarasiga chaqirgan bu hujjat AQSh, Rossiya va Xitoy tomonidan birdek dastaklangan.
Xavfsizlik kengashining doimiy a`zolari veto huquqidan foydalanmagan. AQSh nazarida rezolyutsiya tinchlikka eltuvchi yo`ldir.
Kreml nazarida Vashington endilikda urushga "ancha xolis" qarayotgani ijobiy burilish.
Rossiya prezidentining matbuot kotbi Dmitriy Peskov deydiki, AQSh haqiqatan tinchlik tarafdori ekanini ko'rsatmoqda.
Tramp ma'muriyati xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash ucun harakat qilmoqda, deydi rasmiylar.
AQShning BMTdagi vakili Doroti Shea Xavfsizlik kengashiga murojaat qilarkan, rezolyutsiya qabul qilinishi murosa tomon ilk qadam, dedi.
"Endi biz Ukraina, Rossiya va xalqaro hamjamiyat uchun osoyishta kelajak sari harakat qilishimiz zarur", - deydi diplomat.
Markaziy Osiyo Ukraina urushi, jumladan bu boradagi rezolyutsiyalar bo`yicha ham betaraf. Bu pozitsiya uch yil davomida o`zgarmagan.
Rossiyaning yaqin qo’shnisi Qozog’iston tomonlarni muloqotga chaqirgani inobatga olinmasa, mintaqa Ukraina urushi borasida asosan sukutda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev dunyoda geosiyosiy vaziyat og’irlashgani, beqarorlik kuchaygani, bu iqtisodiy aloqalarga ta’sir ko’rsatayotgani haqida gapirganida ham bevosita Ukraina urushini tilga olmaydi.
Ukrainaning Markaziy Osiyo bilan aloqalari uzilmagan, ammo siyosi va iqtisodiy hamkorlik bag'oyat susaygan.
Prezident Volodmir Zelenskiy urush davomida bir marta mintaqa liderlariga bilvosita murojaat qilgan. Kiyevda jurnalistlar bilan uchrashuvda Markaziy Osiyo rahbarlarini Vladimir Putin oldida tiz cho`kmaslikka, Ukrainani qo’llashdan voz kechmaslikka chaqirgan.
Urushgacha Markaziy Osiyo-Ukraina rishtalari ancha faol edi. Ukrainada yashayotgan, ishlayotgan, biznes qilayotgan mintaqaliklar ko`p edi. Urushga qaramay ularning bir qismi Ukrainada qoldi. Rossiyaga bosqiniga qarshi kurashayotganlari ham ko`p.
Ravshanbek Ro’zmetov - Ukraina fuqaroligini olgan, urushning dastlabki kunlaridan hududiy mudofaa safiga qo’shilganlardan biri.
Uning fikricha, Ukraina yengilmasligi Markaziy Osiyo manfaatlariga ham xizmat qiladi.
“Bu urushga nisbatan betaraflik Markaziy Osiyo manfaatlariga javob bermaydi. Agar Putin Ukrainada g’alaba qozonsa, keyingi nishonini Markaziy Osiyoga qaratishiga hech kim, hatto Rossiyada ishlab yurgan mintaqaliklar ham shubhalanayotgani yo`q. Oxirgi paytda rus shovinistlari tomonidan Markaziy Osiyoga qarshi qilingan bayonotlar ham shundan darak berdi. O´ylashimcha, buni mintaqa liderlari, ayniqsa Qozog’iston rahbariyati yaxshi tushunadi, lekin Rossiya oldidagi qo`rquv ularni tahlikaga solib qo`ygan. Ular bu qo’rquvni yengib, hech bo`lmaganda Rossiya va Ukraina bilan teng darajadagi hamkorlikni boshlashi kerak, bosqinni bosqin deb atashga jur’at topishi kerak”, - deydi Ro’zmetov.
AQShda prezidentlikka Donald Tramp kelishi Ukraina urushiga nisbatan yondashuvni yangilagan.
Jo Bayden prezidentligi davrida Rossiyani bosqinchi deb ko'rgan Amerika Kreml hamlalarini agressiya, xalqaro me’yorlarning qo’pol toptalishi deb baholangan bo'lsa, hozirgi Oq uy mojaroga Rossiya-Ukraina ziddiyati deb qaramoqda.