Breaking News

Kongress: AQSh hukumati ishdan to'xtab qolmasligi kerak


Joriy byudjet 14-martgacha va yangisi ma'qullanmasa, Amerika federal tizimi ishdan to'xtab qoladi. Buning oldini olish uchun Kongress yangi byudjetni ma'qullashi kerak.

Oq uy qonunchilarni 2017-yilda soliqlarni tushirgan qonunni uzaytirishga undamoqda. Saylovchini imtiyozlardan ayiruvchi qadamlar tashlanmasligi uchun Kongressdagi ikki partiya kelishib olishi kerak.

Prezident Donald Tramp xohlaydiki, qonunchilar bitta, barcha maqsadlarni qamraydigan loyihani tasdiqlashi, unda ham soliqlar pasaytirilishi, ham Oq uy istagan xarajatlar ma'qullanishi lozim.

Vakillar palatasida shunga o'xshash mazmundagi loyiha muhokamada, ammo Senat o'tgan hafta sal boshqacha byudjet uchun ovoz bergan. Unda, jumladan, Pentagon uchun 150 milliard dollar, chegara xavfsizligi uchun 175 milliard dollar ajratilishi ko'zlanadi.

Senat soliq va imtiyozlar masalasini keyinroq ko'rib chiqish harakatida.

Har ikki palatada respublikachilar juda oz farq bilan ko'pchilik.

Senatda respublikachilar lideri Jon Tun, Vashington, 19-fevral, 2025
Senatda respublikachilar lideri Jon Tun, Vashington, 19-fevral, 2025

"Respublikachilar uchun hozir eng muhimi - noqonuniy immigratsiyaga qarshi choralarni quvvatlash, chegarani mustahkamlash va qonun ustuvorligini ta'minlash", - deydi Senatda ko'pchilik lideri Jon Tun.

Muxolifat lideri Chak Shumer nazarida esa respublikachilar "har doimgidek" boylar uchun soliqni tushirish payida.

“Respublikachilar bebaho vaqtni Amerikaning eng badavlat qatlamini rozi qilish uchun sarflab, ishchi-mehnatkashlarning manfaatlariga ko'z yummoqda, o'nlab million amerikaliklarning, o'rtahol qatlamning dardini chetga surmoqda", - deydi demokrat senator.

Hukumat ishi davom etishi uchun har ikki palata bir xil mazmundagi loyihani 14-martgacha ovozdan o'tkazishi kerak.

Aks holda tizimning aksariyat qismi maoshsiz qoladi, davlat o'z fuqarolari va kreditorlarga zarur to'lovlarni uzata olmaydi.

Senatda muxolifat yetakchisi Chak Shumer, Vashington, 19-fevral, 2025
Senatda muxolifat yetakchisi Chak Shumer, Vashington, 19-fevral, 2025

Sog'liqni saqlash, tibbiy sug'urta, dori-darmonni arzonlashtirish bilan bog'liq "Medicaid" dasturini qisqartirish ehtimoli muhokama qilinayotgani har ikki partiyadan ko'plab qonunchilarni xavotirga solmoqda.

Demokratlar soliq pasaytirilishiga azaldan qarshi va aynan boylar uchun imtiyozlar oshirilishi, ular nazarida, iqtisodiy va ijtimoiy adolatsizlikni kengaytirib, turmushni yanayam qimmatlashtiradi.

Vakillar palatasida demokratlar lideri Hakim Jeffris deydiki, respublikachilarning maqsadi - 4,5 trillion dollarga teng soliqni boylar, jumladan respublikachi siyosiy homiylar va korporatsiyalardan olib, oddiy amerikaliklar yelkasiga qo'yishdir.

"Ular "Medicaid"ni ham yo'q qilmoqchi", - deydi Jeffris.

Prezident Tramp esa ijtimoiy tarmoqlardagi postlarida Kongressdan uning barcha takliflarini inobatga oluvchi yirik qonun loyihasi ma'qullanishini kutayotgani haqida bong urib turibdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG