19 yildirki, jahon bo'ylab erkinlik darajasi tushib bormoqda. Kamida 60 davlat o'tgan bir yil mobaynida fuqaro huquqlari va demokratiya bobida orqaga qadam tashlagan. 34 davlatda sezilarli progress kuzatilgan.
Ko'plab mamlakatlarda yakkahokimlik, siyosiy erkinliklarning torayishi, sud mustaqilligi pasayishi, nodemokratik saylovlar, muxolifatga nisbatan zulm avj olgan.
Davomiy mojarolar va urushlar sabab ham erkinlikka zarar yetgan. Urushayotgan tomonlarning inson huquqlarini buzishi normal holat va ular deyarli javobgarlikka tutilmaydi. Bu esa jinoiy elementlarni kuchaytirgan.
AQSh poytaxtidan turib faoliyat yuritadigan "Freedom House" (Ozodlik uyi) yillik hisobotidan mana shu mazmundagi xulosalar o'rin olgan.
"Ozodlik uyi" har yili tuzadigan "Erkinlik xaritasi" davlatlarni uch rangda ko'rsatadi. Siyoh rangdagilari "erkin emas" deya topilgan, sariqdagilar "qisman erkin", yashil rangdagilar esa "erkin".
Markaziy Osiyodagi barcha o'lkalar siyoh rangda. Yillardan beri shunday.
Bir paytlar Qirg'iziston "qisman erkin" deb hisoblanar edi, lekin oxirgi yillarda bu respublikada ham boshqaruv avtoritar tus olib, tuzum demokratiyadan chekingan.
Xalqaro maydondagi burilishlarni tahlil qilar ekan, "Ozodlik uyi" Suriyada Bashar al-Assad boshliq yakkahokimlik qulaganini ijobiy o'zgarish, deya qayd etadi. Lekin endi bu mamlakatda erkin, ya'ni real siyosiy raqobatga asoslangan saylovlarga, xalq irodasi va ovozi tinglanishiga yo'l beriladimi? Yangi rahbariyat inson huquqlari va demokratik institutlarni hurmat qila boshlaydimi?
"Erkinlik xaritasi" yaqindan o'rganilganida, Bangladeshda erkinlik darajasida +5, Butan +5, Shri Lanka +4, Suriya +4 ekanini ko'rasiz. Ya'ni 100 ballik shkalada bu davlatlar shu qadar ildamlagan.
Finlyandiya 100, Shvetsiya 99, Yangi Zelandiya 99, Norvegiya 99, Kanada 97, Daniya 97, San Marino 97, Niderlandiya 97, Irlandiya 97, Lyuksemburg 97 ball bilan eng erkin davlatlardir.
Qo'shma Shtatlarning bahosi 100 dan 84.
Ortga ketganlar ichida esa eng salbiy holatlar quyidagi davlatlarda: Quvayt -7, Tunis −7, Salvador −6, Gaiti −6.
Eng past bahoda turganlar, ya'ni 100 balldan eng uzoq davlatlar: Turkmaniston 1, Janubiy Sudan 1, Sudan 2, Eritreya 3, Shimoliy Koreya 3, Markaziy Afrika Respublikasi 5, Tojikiston 5, Suriya 5, Afg'oniston 6, Ozarbayjon 7, Belarus 7, Myanma 7.
Butan va Senegal "qisman erkin" dan "erkin" maqomiga o'tgan. Iordaniya "erkin emas" dan "qisman erkin"ga aylangan.
Kuvayt, Niger, Tanzaniya va Tailand "qisman erkin"edi, endi esa "erkin emas" deb topilgan.
"Ozodlik uyi" hisobicha, O'zbekistonda erkinlik darajasi Rossiyadagi bilan teng, ya'ni 100 dan 12 ball olgan. Qozog'iston 23, Qirg'iziston esa 26.
"Ozodlik uyi" boshqa inson huquqlari tashkilotlari singari Markaziy Osiyoni demokratiyadan yiroq mintaqa deb biladi. Reallikka ishora qilinadi: Markaziy Osiyodagi respublikalarning birortasida siyosiy raqobatga ruxsat berilmaydi, muxolifat yo'q va shu bois saylovlar adolatsiz va nodemokratik; parlamentlar va sudlar mustaqil emas; prezidentlar - yakkahokimlar.
Mintaqada biror hukumat bunday hisobotlarga bevosita munosabat bildirmaydi. Yil boshida "Ozodlik uyi"dan tashqari "Human Rights Watch", "Xalqaro Amnistiya" va "Transparency International" kabi huquq himoyachilari va shaffoflik targ'ibotchilarining tahlilnomalari e'lon qilinadi. Ular Markaziy Osiyodagi holatni muntazam ravishda tanqid qilib, hukumatlarni huquqbuzarlik va adolatsizliklarda ayblaydi.
Biroq Markaziy Osiyo liderlari xalqaro minbarlardan turib, qolaversa o'z xalqiga murojaat qilganida islohotlar olib borayotgani, barqarorlikni ta'minlab, demokratik taraqqiyot jadal ketayotganini da'vo qiladi.
Parlamentlar, xususan O'zbekiston Oliy Majlisi a'zolariga ko'ra, yurtda qonun ustuvor, huquq va erkinlik hurmat qilinishi uchun zamin yaratilgan.
BMT va boshqa organlarga beriladigan hisobotlar va bayonotlarda ham mintaqa hukumatlarining vakillari xalqaro qonunlar, me'yor va normalarga amal qilinmoqda, deya ta'kidlaydi.
AQShga keladigan rasmiy delegatsiyalar Vashingtonda nafaqat davlat arboblari, balki xalqaro tashkilotlarning ekspertlari bilan suhbatda ham mamlakatida huquq toptalmoqda degan tahlilni inkor etadi.
"Ozodlik uyi" hisoboti ustida ishlagan yetakchi ekspert Yana Goroxovskaya deydiki, demokratiya tarafdorlari avvalo vatanda uning uchun harakat qilib, davlat idoralarini xalq uchun xizmat qilishga undashi zarur.
"Xorijdagi huquqbuzarliklarga jim qarab turmaslik lozim. Xavfsizlik va barqarorlik uchun inson huquqlarini himoya qilib, uning uchun ter to'kayotganlarni quvvatlash kerak", - deydi mutaxassis.
"Ozodlik uyi" xaritadagi har bir davlatni qonun ustuvorligini ta'minlashga, yakkahokimlikka qarshi kurashga, zo'ravonliklarning oldini olishga, xavsizlik organlarini isloh qilishga, demokratik institutlarni rivojlantirishga, tub siyosiy-ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishga undaydi.
Xalqaro hamjamiyat, ya'ni BMT va boshqa tashkilotlar ham har bir mamlakatga nisbatan yondashuvida shularga diqqat qaratishi kerak, deyiladi hisobotda.
195 mamlakat va 13 territoriyadagi vaziyatni "Ozodlik uyi" 0-4 ballik shkalada 25 indikatorga qarab ko'rib chiqadi. Ulardan kelib chiqib, keyin umumiy erkinlik darajasi 100 ball ichida belgilanadi.
Eng salmoqli indikatorlar - siyosiy erkinliklar va fuqaro huquqlari, ya'ni eng ko'p ball shular hisobiga to'g'ri keladi.