Breaking News

Keri Leyk - AQSh Global media agentligida maxsus maslahatchi


Prezident Tramp "Amerika Ovozi" rahbarligiga ko'rsatgan Keri Leyk bu tashkilot kiradigan AQSh Global media agengligida maxsus maslahatchi lavozimida ish boshladi
Prezident Tramp "Amerika Ovozi" rahbarligiga ko'rsatgan Keri Leyk bu tashkilot kiradigan AQSh Global media agengligida maxsus maslahatchi lavozimida ish boshladi

AQSh Global media agentligi (U.S. Agency for Global Media/USAGM) boshqaruvida yangi maxsus maslahatchi ish boshladi - Arizona shtatidan sobiq jurnalist, siyosiy arbob Keri Leyk.

Media sohasida 30 yillik tajribaga ega Leyk Prezident Donald Tramp tomonidan "Amerika Ovozi" direktori bo'lish uchun ko'rsatilgan.

Biroq Leyk bu lavozimga tasdiqlanishi uchun oldin USAGM rahbari Senat tomonidan ma'qullanishi kerak. Bu lavozimga Trampning nomzodi - konservativ siyosiy faol va yozuvchi Brent Bozell qachon Kongress huzuriga chaqirilib, senatorlar bilan savol-javob qilishi noma'lum.

Agentlikning respublikachi va demokratlardan iborat boshqaruv kengashi bor, u ham yangilanishi kerak.

USAGMning muvaqqat rahbari Roman Napoli Leykni agentlik xodimlariga tanishtirar ekan, uni teleradio olamida shuhrat qozongan, Amerika prezidentlaridan intervyular olgan, yuksak mukofotlarni qo'lga kiritgan mutaxassis, deya maqtagan.

“Trump ma'muriyatining maslahatchisi sifatida Keri USAGM va uning tarkibidagi tashkilotar faoliyati belgilangan strategiyaga mos ravishda olib borilishini ta'minlash uchun hissa qo'shadi”, - deydi Napoli elektron xatida.

USAGM haftasiga dunyo bo'ylab 420 milliondan oshiq auditoriyaga ega xalqaro axborot tarmog'idir.

Informatsiya oqimi va jurnalistika cheklangan mamlakatlarga xabar va tahlil uzatadigan agentlikka "Amerika Ovozi"dan tashqari Kuba uchun teleradio xizmati, "Ozodlik" radiosi, "Erkin Osiyo" radiosi, Yaqin Sharq teleradiosi, Ochiq texnologiya fondi va "Frontline Media" fondi kiradi.

USAGM missiyasi erkinlik va demokratiyani quvvatlab, jahon aholisiga zarur axborotni yetkazish va shu tariqa u bilan bog'lanishdir.

Napoli agentlik xodimlariga qayd etishicha, Leyk Tramp ma'muryati siyosati aniq va samarali yoritilishini ta'minlashda muhim rol o'ynaydi.

"Amerika Ovozi" bu borada USAGM boshqaruviga savollar bilan murojaat qilganida javob olmagan.

Qonunlar AQSh hukumatiga yuqorida tilga olingan axborot vositalarining jurnalistik faoliyatiga, xususan kontentga aralashishni man etadi.

USAGM tarkibidagi tashkilotlar dunyoning har burchagida dezinformatsiya va kasbiy cheklovlar bilan yuzlashadi. Shuningdek, bu vositalarga nisbatan tanqid ham keng, jumladan ular ayrim hollarda noxolislikda ayblanadi, boshqaruvi va xavfsizlik choralari savolga tutiladi.

Leyk yaqinda Konservativ siyosiy harakat anjumanida so'zlaganida, "Amerika Ovozi" uchun birlamchi vazifa "ishonchli va haqqoniy axborot uzatish" bo'lishi kerak, deb aytgan. Direktor sifatida shunga urg'u berishini ta'kidlagan.

“83 yildan beri "Amerika Ovozi" dunyoni davlatimiz haqida voqif etib kelmoqda. Ishi ba'zida a'lo, ba'zida esa kamchiliklari bor. Biz axborot urushi davridamiz. Bizga haqiqatni yetkazuvchi kuchli qurol kerak. "Amerika Ovozi" bu xizmatni qila oladi", - degan Leyk.

Prezident Trampning yaqin maslahatchisi Ilon Mask USAGM va uning tarkibidagi axborot vositalarini yopishga chaqirgan.

“Biz Tramp TV bo'lmaymiz", - deydi Leyk.

Lekin, deydi u Amerikaning qator media platformalarida qilgan chiqishlarida, "Amerika Ovozi" bir yoqlama axborot uzatib, "Trampni chaynaydigan" kanal ham bo'lmaydi.

Leyk "CNN", "MSNBC", "PBS", "The Washington Post" va "The New York Times” kabi manbalarning keskin tanqidchisidir.

Leyk 2022-yilda Arizona shtati gubernatori bo'lish uchun kurashgan, saylana olmagan. 2024-yilda bu shtatdan AQSh Senatiga ham harakat qilib, unda ham demokrat raqibiga yutqazgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG