Bir yarim oy oldin ikkinchi bor prezidentlik qasamyodini qilgan Donald Tramp Kongress huzuriga kelib, mamlakatning ayni damdagi ahvoli haqida hisobot berdi. Vashingtondagi azaliy siyosiy an'ana. Respublikachilar uni olqishladi, muxolifat, ya'ni demokratlar undan norozi ekanini namoyish etish uchun chapak chalmadi.
Amerika oltin asrga kirmoqda, deya bong urgan 78 yoshli rahbar ma'muriyati shiddat bilan harakat qilayotganini aytdi.
"Prezidentlar to'rt, hatto sakkiz yilda qila olmagan ishlarni biz 43 kunda amalga oshirdik", - deydi Tramp.
"Amerika orzusi barhayot. U aslo so'nmaydi. Biz bilan dunyoning biror davlati tenglasha olmaydi. Amerikadek qudratli davlat yo'q, bo'lmaydi"", - deydi prezident.
Xalq respublikachilar tarafida, deydi Tramp, ommaviy so'rovlar natijalariga ishora qilib. Buni inkor etgan demokratlarning ayrimlari nutqni qoralab qichqirgani uchun zaldan chiqarib yuborildi. Qolgan liberallar qo'llarida turli tanqidiy chaqiriq va plakatlar bilan o'tirdi.
"Bu - mening prezident sifatida beshinchi hisobotim. Qanchalik yutuqqa erishmaylik, mo'jiza kabi o'zgarishlar qilmaylik demokratlar hech mamnun bo'lmaydi, ularni tantana qilmaydi. Muvaffaqiyatlarimizga sherik emas", - deya gina qildi prezident.
Tramp shu kungacha 100 dan ortiq farmon chiqargan, shuningdek, 400 dan ortiq qaror.
Uning aytishicha, yuqori inflyatsiya va qimmatchilik oldingi prezidentning xato siyosati oqibatlaridir. Demokratlar buni qanchalik inkor etmasin, Tramp bugungi qiyinchiliklarda Jo Baydenni ayblaydi.
"Prezident sifatida mamlakatni bu muammolar domidan chiqarishga harakat qilayapman", - deydi u.
Tramp yonilg'i narxini tushirishni va'da qilgan, shuningdek, oziq-ovqat bahosini. Amerika energetik jihatdan mustaqil bo'la oladi va bo'ladi, deydi u.
4-martdan binoan AQSh uch yirik hamkori Kanada, Meksika va Xitoy mollariga tarifni oshirdi. 20-25 foizga. Bu davlatlar keskin javob berishga bel bog'lagan.
Tramp ularning tarifi oshishidan qo'rqmasligini aytadi. Maqsad, deydi, ichki ishlab chiqarishni oshirish, ish o'rinlarini vatanda ko'paytirish. Qo'shnilar esa Oq uyni ularning iqtisodini barbod qilishga urinayotganlikda ayblaydi. Savdo urushi asossiz va uni Tramp olib bormoqda, deya ta'kidlamoqda Ottava, Mexiko va Pekin.
"Shu qadar tez harakat qilayapmizki, chegaradan noqonuniy o'tish misli ko'rilmagan sonda kamaydi", - deydi prezident.
Amerika hujjatsiz muhojirlarga toqat qilmaydi, ayniqsa jinoyatda gumon qilinganlar darhol deportatsiya qilinadi, deydi u.
Tramp bu muammoda ham Bayden va uning ma'muriyatini ayblaydi. Amerika jinoyatchi ajnabiylarga to'lib ketishiga ular qo'l qovushtirib qo'ygan, deydi u. Demokratlar esa har yili yuzlab ming chet elliklar deportatsiya qilinganini eslatadi.
"Amerikani keraksiz, hujjatsiz immigratnlardan tozalab, ulardan ozod bo'lamiz", - deydi Tramp, bunday o'zgarish qilish nafaqat yangicha siyosat balki yangi prezident talab etdi, deya bong urar ekan.
"Ukrainadagi urushga barham berish uchun qattiq ishlayapmiz. Rossiya va Ukraina katta sonda odamlarini boy berdi. AQSh Ukraina himoyasi uchun yuzlab milliard dollar yordam ko'rsatgan. Bu mojaroga nuqta qo'yish lozim va biz tinchlik muzokaralariga vositachilik qilib, sulhga erishishga shaymiz", - deydi Tramp.
Yaqin Sharq ham tinchlikka erishishi lozim va Amerika qo'ldan kelgan barcha chorani ko'radi, deydi prezident.
Sistematik islohotlar boshlagan prezident federal tizimni kichraytirmoqchi, minglab xodimlarni ishdan olmoqda, agentliklar yopilmoqda, tashqi yordam muzlatilgan va butun faoliyat qayta ko'rib chiqilmoqda.
Trampning siyosiy homiysi va do'sti, multimilliarder Ilon Mask bu ishlarga bosh-qosh. Oq uy uni maxsus xizmatchi, deya ta'riflaydi.
"Isrofgarchilikni bas qilamiz. Milliardlab dollarni ayaymiz va bu byudjetdagi kamomadni yopadi", - deya tushuntiradi prezident.
Demokratlar esa uni Kongress tasdiqlagan mablag'ni ushlab turganlikda, qonunchilar ma'qullagan dasturlarni yopib, bosh qomusni buzayotganlikda ayblaydi.
Mamlakat bo'ylab federal sudlar fuqarolar, kasaba uyushmalari va shtatlardan tushgan shikoyatlarni ko'rib chiqmoqda. Aksariyat hollarda sudlar arz qilganlar tarafida, ya'ni Tramp ma'muriyatiga mablag'ni muzlatmaslik, federal xizmatchilarni ishdan olmaslik va idoralar faoliyatiga to'sqinlik qilmaslikni buyurgan. Oq uy esa qarorlarida qat'iy ekanini bildirib, yuridik kurashdan qochmasligini bildiradi.
Tramp hamma uchun soliqlarni kamaytirishga so'z bergan, Kongressni uning bu boradagi takliflarini tasdiqlashga chaqirmoqda. Minimal maosh oladiganlar va ijtimoiy himoyaga tayanadiganlardan soliq olmaslik kerak, deydi prezident. Liberallar nazarida esa Tramp boylarning manfaati uchun xizmat qilmoqda va soliqlarni aynan ular uchun tushirmoqchi.
AQSh armiyasi yanayam kuchadi, mudofaa uchun sarmoya oshadi, zobitlarni tayyorlash, qurolli kuchlarni charhlashga e'tibor oshadi, deydi Tramp.
Milliy xavfsizlikni mustahkamlash uchun, deydi prezident, Panama kanali boshqaruvi Amerika kompaniyalari nazoratiga o'tadi. Oq uy bu kanal Xitoy boshqaruvida deya ishonadi, Pekin va Panama rahbariyati buni rad etsa-da.
Grenlandiya o'z kelajagini hal etish huquqiga ega va agar istasa, AQSh uni o'z tarkibiga jon deb qabul qiladi, deydi Tramp. Grenlandiya, Arktika va Atlantika orasidagi orol, dunyodagi eng kattasi, Daniyaga tegishli muxtoriyat. Hozirgi Oq uy bu orolni AQSh xavfsizligi uchun o'ta muhim deb hisoblaydi. Daniya, Tramp fikricha, unga yetarlicha qaramayapti.
Ichki masalami tashqi siyosatni, hammasida Amerika manfaatlari ustun bo'ladi, deydi prezident, har bir qadam va har bir dollar Amerika tinchligi, qudrati va farovonligi uchun xizmat qiladi.
"Har bir kunimizni o'z qadrimiz, sharafimiz va foydamiz uchun kurashga bag'ishlaymiz", - deydi prezident.
Muxolifatdan reaksiya
Tramp nutqiga demokratlar nomidan Michigan shtati senatori Elissa Slotkin munosabat bildirdi.
Slotkin respublikachi prezidentni mamlakatni jar yoqasiga yetaklayotganlikda aybladi. Tizimni ishdan chiqarmoqda, davlat organlari orasidagi munozanatni buzmoqda, Mask kabi boy hamtovoqlari bilan demokratiyaga tahdid solmoqda, deydi demokrat senator.
"Tramp ijtimoiy himoya tarafdori emas. Soliqni pasaytirar ekan, u oddiy amerikaliklar uchun ko'zlangan imtiyozlarga hamla qiladi, ularni bekor qilishga yaqin", - deydi Slotkin.
Uning aytishicha, Trampning tashqi siyosati Amerika manfaatlariga zid; prezident Rossiya rahbari Vladimir Putinga bosh egmoqda, Amerikani yakkalamoqda, unga ishonchni chilparchin qilmoqda, uning global nufuzini yemirmoqda, uning umumbashariy qadriyatlarga aylangan tamoyillarini oyoqosti qilmoqda.
"Fuqaor va saylovchi sifatida har birimiz o'ta ogoh turishimiz, o'z haq-huquqlarimiz va adolat uchun kurashishimiz lozim", - deydi Slotkin.
Demokratlar nomidan u amerikaliklarni Prezident Trampga ishonmaslikka chaqirdi. Muxolifat har bir yurtdosh manfaati uchun harakat qiladi, deydi Slotkin.
Boshqa demokratlar fikricha ham Tramp yolg'onchi, uydirmalarga mukkasidan ketgan, xalq uchun xizmat qilmayotgan prezident.