AQSh Prezidenti Donald Tramp Oq uyda Amerika harbiy va tijoriy kemasozlik sohasini jonlantirish maqsadida yangi ofis tashkil etilganini e’lon qildi. Uzoq yillardan beri dolzarb tus olgan bu mavzu, Trampning ta’kidlashicha, milliy xavfsizlik uchun nihoyatda muhim. U kemalar qurilishini "juda tez" jadallashtirish zarurligini aytarkan, bunday tashabbus aynan Xitoy bilan kuchayib borayotgan strategik raqobat davriga to‘g‘ri kelmoqda.
"Dengiz floti kemasozlik sanoati hozirda minimal darajagacha qisqargan," – dedi AQSh dengiz piyodalari qo‘mondoni general Erik Smit o‘tgan yil oxirida bergan eksklyuziv intervyusida.
Hozirda AQSh harbiy dengiz floti qurollanish va yuk hajmi bo‘yicha dunyodagi eng kuchli flot hisoblanadi; biroq kemalar soni bo‘yicha Xitoydan ortda qolmoqda. AQSh dengiz flotida hozir 296 ta kema bor. Xitoyda esa ular soni bu yil 400 dan oshishi kutilmoqda.
Flot hajmi qisqarishda davom etmoqda
AQSh harbiy dengiz floti kemalar sonini oshirishni maqsad qilgan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda flot hajmi kamayishda davom etmoqda. O‘tgan yilgi byudjet bor-yo‘g‘i 6 ta yangi kemani moliyalashtirgan, lekin shu bilan birga, 15 ta eski kemani flotdan chiqarib tashlagan – ya’ni natijada 9 ta kema yo‘qotilgan. 2025-moliyaviy yil rejalariga ko‘ra, 6 ta yangi kema quriladi, ammo 19 tasi xizmatdan olinadi, bu esa yana 13 ta kema yo‘qotilishini anglatadi.
Britaniyaning “BAE Systems”, AQShning “Huntington Ingalls Industries” va “Fairbanks Morse Defense” kabi kompaniyalari kemasozlik sanoatining asosiy ustunlari hisoblanadi. Ushbu yirik sanoat gigantlari deyarli butunlay AQSh harbiy buyurtmalariga bog‘liq. Lekin sanoat yetakchilarining aytishicha, flotga kema qurish va ta’mirlash bo‘yicha sharoit mavjud bo‘lsa-da, dengiz flotidan yetarli buyurtmalar kelmayapti.
"Biz hozir imkoniyatlarimizning atigi 50 foizidan foydalanmoqdamiz," – dedi “BAE Systems”ning kemalarni ta’mirlash bo‘limi vitse-prezidenti Brad Moyer.
Kema qurilishiga bo‘lgan talab AQSh harbiy byudjetiga qarab doimiy ravishda keskin o‘zgarib turishi sanoat tarmog‘ida beqarorlikni keltirib chiqarmoqda.
"Ko‘plab yetkazib beruvchilar, minglab kompaniyalar bankrot bo‘ldi, bu juda jiddiy xavf tug‘diradi," – dedi “Fairbanks Morse Defense” bosh direktori Jorj Uittier “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida. Uning kompaniyasi Shimoliy va Janubiy Amerikadagi eng yirik dvigatel ishlab chiqaruvchi korxona bo‘lib, AQSh harbiy flotining amfibiya kemalari uchun asosiy dvigatellarni yetkazib beradi. Har bir dvigatel kichik avtobus hajmidagi ulkan qurilmadir.
"Bizda kamida ikki dvigatel yetkazib beruvchi bo‘lishi kerak. Lekin agar AQSh harbiy-dengiz floti yiliga bor-yo‘g‘i 6 ta kema quradigan bo‘lsa, bitta yetkazib beruvchini ham ushlab turish qiyinlashadi. Bunday muammolarni faqat sanoat o‘sishi bilan hal qilishimiz mumkin," – dedi Uittier.
Ta’mirlashdagi kechikishlar va ishchi kuchining qisqarishi
Kema ta’miri bo‘yicha kontraktlarning kechikishi va ba’zi loyihalarning bekor qilinishi ko‘plab ishdan bo‘shatishlarga sabab bo‘lgan. Masalan, sanoatning yirik o‘yinchilaridan biri – “BAE Systems” 2023-yilda G‘arbiy sohil kemasozlik zavodida 300 ga yaqin ishchini ishdan bo‘shatishga majbur bo‘ldi.
Norfolk shahrida esa so‘nggi o‘n yillikda ta’mirlash uchun ajratilgan harbiy kemalar soni 44 tadan 30 tagacha kamaydi. Shu vaqt ichida ishchilarning 60 foizi ishdan bo‘shatilgan.
General Erik Smitning aytishicha, natijada kemasozlikka ixtisoslashgan mutaxassislar yetishmovchiligi yuzaga kelgan.
"Kema quruvchilar tug‘ilib, voyaga yetmaydi. Bizda payvandchilar, elektrchilar bor, lekin doimiy ish bo‘lmasa, ular “Harley-Davidson”, “Ford” yoki boshqa kompaniyalarga o‘tib ketaveradi," – dedi u.
Mutaxassislar ushbu muammolarning sababini Kongressning byudjet ajratish jarayonidagi uzilishlar va flotning ta’mirlash tizimidagi kamchiliklar bilan bog‘lashmoqda.
"Kema ta’miri tizimi ishdan chiqqan," – dedi Uittier.
Kongress oxirgi marta 2019-yilda o‘z vaqtida byudjet qabul qilgan. O‘sha vaqtdan beri moliyalashtirish vaqtincha davom ettirilayotgan bo‘lsa-da, bu yangi loyihalar boshlanishiga to‘sqinlik qilmoqda.
"Bu faqat harbiy-dengiz floti uchun emas, balki butun kemasozlik sanoati uchun qiyinchilik tug‘dirmoqda," – dedi Uittier.
Amerikaning tijoriy kemasozligi ham inqirozda
Kongress AQSh harbiy-dengiz flotining byudjetini oshirish va kemasozlik sanoatini jonlantirish bo‘yicha yangi qarorlar qabul qilishi kutilmoqda. Biroq, senator Mark Kelli VOA’ga bergan intervyusida tijoriy kemasozlik ham jiddiy muammolarga duch kelayotganini ta’kidladi.
"Ikkinchi jahon urushi paytida AQShda 10 000 ta tijoriy kema bor edi, hozir esa atigi 85 ta. Agar favqulodda vaziyat yoki harbiy mojarolar yuz bersa, yuk va qo‘shinlarni dengiz orqali tashish imkoniyatimiz juda cheklangan bo‘ladi," – dedi u.
Hozir AQShda yiliga atigi 5 ta tijoriy kema quriladi, Xitoyda esa 1000 dan ortiq.
"Xitoyning yagona kemasozlik zavodi bizning barcha zavodlarimiz birlashgandagi hajmdan ham kattaroq," – deya ogohlantirdi senator.
Kelli "Amerika uchun kemalar" qonun loyihasini ilgari surdi. Unga ko‘ra, AQSh tijoriy flotini 10 yil ichida 250 ta kemaga yetkazish rejalashtirilgan. Bu esa harbiy kemasozlik uchun materiallar yetkazib berish zanjirini yaxshilashga yordam beradi.