“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan xavfsizlik bo‘yicha tadqiqotchilarning aytishicha, Eron oxirgi o‘n yilliklardagi eng shiddatli harbiy mashg‘ulotlar o’tkazgan.
Vashingtondagi ekspertlar fikricha, Eron dekabr oyining oxiridan mart oyi o‘rtalarigacha davom etgan harbiy mashg‘ulotlarida AQSh va Isroilga xavf soluvchi ba’zi qurollarni sinovdan o‘tkazgan. Shu bilan birga, bu mashg‘ulotlar Eron mudofaasidagi ayrim zaifliklarni ham ko‘rsatib bergan.
“Bu harbiy mashg‘ulotlarning sur’ati, intensivligi va ommaga e’lon qilinishi misli ko‘rilmagan darajadadir”, - dedi Demokratiyani himoya qilish jamg‘armasi vakili Behnam Ben Taleblu.
Vashington Yaqin Sharq siyosati instituti tahlilchisi Farzin Nadimi so‘nggi 20 yil davomida Eron Islom Respublikasi harbiy kuchlarini o‘rganib kelmoqda.
“Men hech qachon ularning bunaqa qisqa vaqt ichida bu qadar ko‘p harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazganini ko‘rmaganman”, - dedi u.
Eron davlat ommaviy axborot vositalari 28-dekabr kuni harbiy mashg‘ulotlar boshlanganini xabar qilgan edi. Bir hafta o‘tib, ular bu mashg‘ulotlar “Buyuk payg‘ambar 19” deb nomlanganini va har yili o‘tkaziladigan “Qudrat” mashqlarining bir qismi ekanini ma’lum qildi. Ushbu harbiy o‘quv mashg‘ulotlari 4 - 9-yanvar kunlari Eron Islomiy Inqilob Gvardiya Korpusi (IRGC) quruqlik kuchlari tomonidan Eronning g‘arbiy hududlarida o‘tkazildi.
Eron so‘nggi oylar ichida bir nechta yirik harbiy mashg‘ulotlarni o‘tkazdi, jumladan, havo mudofaa mashg‘ulotlari Eron armiyasi tomonidan Natanz, Fordo va Arakdagi yadro obyektlari yaqinida o‘tkazildi; dengiz mashg‘ulotlari Fors ko‘rfazida IRGC harbiy-dengiz kuchlari tomonidan o‘tkazildi; quruqlikdagi mashg‘ulotlar Eron janubi-g‘arbida IRGC yerusti kuchlari tomonidan ikkinchi bosqich mashg‘ulotlari sifatida o‘tkazildi; “Zulfiqor” harbiy mashg‘ulotlari Eron armiyasi tomonidan janubiy Eron, Ummon ko‘rfazi va Shimoliy Hind okeani hududida o‘tkazildi.
Yaqinda Eron “Atom Energetikasi tashkiloti rahbari Muhammad Islomiy ikki kunlik “yadro mudofaa mashg‘uloti” boshlanganini e’lon qildi. U jurnalistlarga mashg‘ulot tafsilotlarini oshkor etmadi.
Tadqiqotchilar ushbu mashg‘ulotlar asosan elektron simulyatsiyalarni o‘z ichiga olishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Eron rasmiylari va davlat ommaviy axborot vositalari harbiy mashg‘ulotlar jamoatchilik ruhiyatini ko‘tarish, Eronning mudofaa va hujum salohiyatini mustahkamlash, harbiy kuchlar o‘rtasidagi integratsiyani oshirish va mahalliy ishlab chiqarilgan texnologiyalardan foydalanish orqali tashqi tahdidlarni bartaraf etish kabi maqsadlarga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.
Eron kuchli tahdidni his qilmoqdami?
“Eronliklar Isroil va AQShdan kelayotgan harbiy tahdidning oshganini aniq his qilmoqda”, - dedi Nadimi.
Prezident Donald Tramp lavozimga kirishganidan keyin Eronni ogohlantirish siyosatini kuchaytirdi.
AQSh Eronni boyitilgan uranni qurol darajasiga yetkazish va uni yadroviy kallakka aylantirish oqibatlari haqida ogohlantirmoqda. Tehron esa uzoq yillardan beri yadroviy qurol yaratishga intilayotganini inkor qiladi.
“Eron yadroviy qurolga ega bo‘lishi mumkin emas, agar men ularning yadroviy qurolga ega bo‘lishi mumkinligini taxmin qilsam, bu ular uchun juda noxush oqibatlarga olib keladi”, - dedi Donald Tramp Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan qo‘shma matbuot anjumanida.
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bilan Quddusda bergan bayonotida Netanyahu Isroil o‘tgan 16 oy ichida Eronga qarshi “katta zarba” berganini ta’kidladi. Bu zarbalarga Isroilning Eronga qarshi birinchi yirik havo hujumi ham kiritilgan bo‘lib, oktabr oyining oxirida Isroil Eron tomonidan o‘sha oy boshida amalga oshirilgan ballistik raketalar hujumiga javoban, Eronning havo mudofaa va raketa obyektlariga ketma-ket zarbalar bergan edi.
"Prezident Trampning qat’iy yetakchiligi va sizning so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashingiz bilan, men hech shubha qilmaymanki, biz ishni oxiriga yetkaza olamiz va albatta yetkazamiz”, - dedi Netanyahu Marko Rubio bilan uchrashuvda.
“Amerika Ovozi”ning Erondagi harbiy mashg‘ulotlar haqidagi so‘roviga javoban, Isroil harbiylari, “Isroil mudofaa kuchlari doimiy ravishda vaziyatni baholash ishlarini olib boradi va turli mudofaa hamda hujumkor ssenariylarga tayyorgarlikni ta’minlash uchun uzluksiz choralar ko‘radi”, deya bayonot berdi.
“Amerika Ovozi” Isroil hukumatining Eron harbiy mashg‘ulotlariga bergan bahosi haqida so‘raganida, Bosh vazir Netanyahu vakili bu borada izoh berishdan bosh tortdi.
AQSh Mudofaa vazirligi ham Eronning harbiy mashg‘ulotlariga nisbatan pozitsiyasi bo‘yicha “Amerika Ovozi” so‘roviga javob bermadi.
Amerikaning “Enterprise” instituti tarkibidagi Jiddiy tahdidlar loyihasi eksperti Brayn Karterning fikriga ko‘ra, Eron o‘zini zaif his qilmoqda, chunki uning Livan va Suriyadagi ittifoqchilari va vositachilariga yaqinda jiddiy zarbalar berildi.
Livanda Isroil sentabrdan noyabrgacha olib borgan ikki oylik harbiy operatsiya davomida Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Hizbulloh” terror guruhi yetakchilarini yo‘q qilgan hamda harbiy salohiyatining katta qismini vayron qildi.
Suriyada dekabr oyida sunniy islomiy isyonchilar Eron bilan yaqin aloqada bo‘lgan avtoritar rahbar Bashar Assadni hokimiyatdan ag‘dardi.
Brayn Karterning fikricha, Eronning havo mudofaa va dengiz harbiy mashqlari AQSh va Isroilni Eronning muhim obyektlariga hujum qilishdan qaytarish uchun o‘tkazilmoqda.
Isroilning “Hizbulloh” harbiy qudratini zaiflashtirgani Eronni o‘zining asosiy mudofaa vositasidan mahrum qildi. Shu sababli, Eron AQSh va Isroil ehtimoliy hujumiga qarshi havo mudofaa va dengiz kuchlarini mustahkamlashga harakat qilmoqda.
Yerusti qo‘shinlari bilan o‘tkazilayotgan mashqlar esa asosan Eronning g‘arbiy hududlarini himoya qilishni yaxshilashga qaratilgan. Eron rasmiylari Suriyada va Iroqda sunniy jangari guruhlarining yana kuchayishi ehtimoliga jiddiy qaramoqda va bunga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, Eronning harbiy mashg‘ulotlarida AQSh va Isroilga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan qurol tizimlari ham sinovdan o‘tkazilgan. Agar Eron hujumga uchrasa, u ushbu qurollar bilan javob qaytarishi mumkin.
Farzin Nadimining ta'kidlashicha, Eronning uzoq va qisqa masofali ballistik raketalari Isroil va AQShning mintaqadagi harbiy bazalari uchun jiddiy xavf tug‘diradi.
“Eron istalgan vaqtda yuzlab ballistik raketalarni uchirib, Isroil yoki AQSh havo mudofaasini bosim ostida qoldirishi mumkin”, - dedi u.
Karterning ta'kidlashicha, Eron harbiy-dengiz kuchlari tez harakatlanuvchi kichik katerlarga ega bo‘lib, ular kemalarga qarshi raketalar bilan qurollangan.
“Bu katerlar AQShning mintaqadagi harbiy kemalariga hujum qilish va ularga tahdid solish imkoniyatiga ega”, - dedi u.
Nadimi so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi harbiy mashg‘ulotlar davomida Eron armiyasining oddiy harbiy qismlari ilg‘or qurollar va strategiyalarni kam qo‘llagan. Bu esa Eron harbiy salohiyatidagi zaif tomonlarni ochib bergan.
“Men IRGC (Islomiy inqilob mudofaa korpusi) va Eron armiyasining doimiy qismlari tomonidan zamonaviy qurollar – dronlar va Shahed-149 yuqori balandlikda uzoq muddat harakatlanuvchi qurilmalarining keng qo‘llanilishini kuzatmadim”, - dedi Nadimi.
Bu ilg‘or dron tizimlaridan faqatgina Eronning elita harbiy bo‘linmalari keng foydalanmoqda.
Brayn Karterning fikriga ko‘ra, Eron mudofaasidagi yana bir zaiflik – mahalliy ishlab chiqarilgan havo mudofaa tizimlariga haddan tashqari tayanishdir.
Bu zaiflik, ayniqsa, 2023-yil oktabr oyida Isroil Eronga tegishli eng ilg‘or rusumdagi S-300 havo mudofaa tizimi birliklarini yo‘q qilganidan keyin yaqqol namoyon bo‘ldi.
“Eronning ushbu harbiy mashg‘ulotlarda ishlatgan havo mudofaa tizimlari AQSh va Isroilning zamonaviy imkoniyatlari bilan solishtirganda ancha orqada ekanligini inobatga olsak, Eronning AQSh yoki Isroil havo hujumini qaytarish ehtimoli juda past”, - dedi Brayn Karter.