Breaking News

O'zbekiston paxtazorlaridagi hozirgi muammolar


Toshkent viloyati paxtazorlari, 11-noyabr, 2024
Toshkent viloyati paxtazorlari, 11-noyabr, 2024

2024-yilda uch million tonna paxta yetishtirgan O'zbekiston bu sohada dunyoda hamon yetakchi davlatlardan. Respublika oq oltini haqida gap ketganda dalalarda majburiy mehnatga barham berilgani mamlakatning oxirgi 10 yillikdagi eng salmoqli yutuqlaridan biri sifatida qayd etiladi. Ammo inson huquqlari tashkilotlari nazarida, paxtazorlarda hali muammo ko'p. Ularga yechim esa hukumat va'da qilgan islohotlarda, deya undamoqda Inson huquqlari bo'yicha O'zbek forumi.

Berlinda asoslangan nohukumat tashkilot tahlilicha, o'tgan yili O'zbekiston paxtazorlarida keng ko'lamli majburiy mehnat hollari kuzatilmagan. Bolalar zo'rlab ishlatilayotgani ham aniqlanmagan. Tashkilot tashabbusi bilan olib boriladigan monitoring, albatta, barcha hududlarni qoplamagan. Shu bois faollar majburiy mehnat muammosi tag-tugi bilan yo'qolgan deyishdan yiroq.

O'zbekistonda qishloq xo'jaligi liberallashishi kerak, deya undamoqda Inson huquqlari bo'yicha O'zbek forumi. Soha hamon hukumatning keskin nazoratida.
O'zbekistonda qishloq xo'jaligi liberallashishi kerak, deya undamoqda Inson huquqlari bo'yicha O'zbek forumi. Soha hamon hukumatning keskin nazoratida.

O'zbek forumi aniqlashicha, qator hududlarda davlat korxonalarining xodimlaridan terimga chiqish talab qilingan. Ko'plar bu majburiyatdan boshqalarni bu ishga yollab, ya'ni cho'ntagidan kimgadir uning o'rnida paxta terish uchun to'lab, qutulgan.

"Amerika Ovozi" ham bu haqda ma'lumotlarga ega. O'tgan kuzda O'zbekistonning bir necha viloyatlarida, jumladan Toshkentda davlatga qarashli zavod va boshqa muassasalarning ishchilari paxtaga chiqqan yo haqqini berib, boshqalarga terdirgan.

Huquq tashkiloti ta'kidlashicha, hukumat uchun hozir eng dolzarb vazifa - 2017-yil va keyingi davrda berilgan va'dalarni bajarish, jumladan qishloq xo'jaligini taraqqiy ettirish uchun ishlab chiqilgan strategiyani amalga oshirish, islohotlarni tatbiq etish.

"Natijada dehqonlar ko'proq erkinlikka ega bo'lishi kerak, toki nima ekib-yetishtirishni o'zi hal qilsin, xususan klasterlar bilan paxta bahosini, terimchilar bilan ularning ish haqini bemalol kelishib, savdolasha olsin", - deyiladi O'zbek forumi hisobotida.

Noyabr oyida ham terilmay yotgan paxta, Toshkent viloyati, 11-noyabr, 2024
Noyabr oyida ham terilmay yotgan paxta, Toshkent viloyati, 11-noyabr, 2024

Monitoringga ko'ra, hukumatning fermer ishiga doimiy aralashishi sabab terim o'z vaqtida olib borilmagan va terimchi yetishmagan hollar ko'p kuzatilgan. Noyabr oyida ham terilmay qolgan paxta bo'lgan.

Sentabrda hukumat paxta narxini tushirgani bois fermerlar odam yollashga qiynalgan. Hosil haqida hisobot kutayotgan boshqaruv esa, markazda, viloyat va tuman darajasida har doimgidek dehqonlarga bosimni oshirgan.

Keng miqyosda bo'lmasa-da, odamlar terimga chiqishga majburlangani asosan shu omilga borib taqaladi.

Toshkentning talabi shuki, paxta terimi boshlanganidan keyin har kuni rejaning 4 foizi bajarilishi lozim.

O'zbekiston hukumati 2020-yildan beri paxta kvotasi qo'ymaydi, ammo amalda paxtakorlar baribir qator shartlar bilan yuzlashadi, ya'ni "paxta ekilishi shart" va "plan bajarilishi shart".

O'zbek forumi xulosasiga ko'ra, respublikada paxta sohasi hamon to'liq hukumat nazoratida, xususiylashtirish jarayoni sust, korrupsiya keng, o'zgarishlar rahbariyat ko'zi uchun qilinadi.

Real o'zgarish mehnatkashlar uyusha olishi, o'z haqqini talab qila olishi, fermerlar o'z manfaatlari uchun kurasha olishi, davlat va xususiy sektor bilan bemalol muzokara qila olishi, axborot vositalari va faollar qishloq xo'jaligidagi har bir jarayonni erkin kuzatib, yorita olishidir.

Dehqonni quvvatlash, jumladan paxtakorning iqtisodiy va biznes bilimini oshirish, tadbirkorlik sirlarini o'rgatish, zamonaviy texnologiya va imkoniyatlardan xabardor etish zarur.

Uquvli va tajribali fermerlar o'z vaqtida sifatli mahsulot taklif qila oladi, muammolarni safdoshlari bilan hal qilishga qodir bo'ladi, oqibatda esa hukumat zimmasidan ham ancha ish olinadi, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan mustaqil ekspertlar.

Ular fikricha, O'zbekiston qanchalik intilmasin, hukumat ham, paxtakor ham hamon azaliy illatlar iskanjasida. Ma'muriy buyruqbozlik hali ham kuchli, dehqon esa dardini ayta olmay azobda. Masalani hal etish uchun mediadan madad izlaydiganlar bor, masalan, blogerlardan, garchi boshqaruv tanqidiy materiallarga kamdan-kam hollarda konstruktiv javob beradi.

Paxtani qo'lda terish amaliyoti keng ekan, maosh ham raqobatbardosh bo'lishi kerak, deyiladi O'zbek forumi tahlilnomasida. Mavsumiy ishlardan tirikchilik qiladiganlar odatda boshqa joylarda ham band bo'lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG