Kaliforniyadagi havo ifloslanishi aholi salomatligiga ta'sir ko'rsatmoqda

  • Amerika Ovozi

2017-yil iyul oyi oxirida AQShning Kaliforniya shtati 2030-yilgacha iqlim o’zgarishiga qarshi kurash doirasida zaharli gazlar chiqimini cheklashga qaratilgan qonun muddatini uzaytirishga ovoz berdi. Kaliforniya boshqa shtatlarga qaraganda iqlimi ancha toza bo'lgani bilan ayrim hududlarda smog katta muammo.

​Natali Sua ismli ayolning olti farzandi Kaliforniyaning San-Xoakin vodiysida yashaydi, ikki farzandida astma bor.

"Temir yo'lga yaqin yashaymiz. Har safar poyezd o’tganda chang-to’zon ko’tariladi. Natijada atrofimizdagi havo juda iflos. Bayramlarda bolalarim ko’chaga chiqib o’ynolmaydi. Chiqsa, astmasi qo’zg’aladi", - deydi Natali.

Vodiy ikki tog’ tizmasi o'rtasida joylashgani uchun iflos havo tarqalib ketmaydi. Atrofda ekin maydonlari va fermalar joylashgan. Shuningdek, Los-Anjeles va San-Fransisko o'rtasida sanoatlashgan hudud bor. Havo juda ifloslanib ketgan. Mamlakat bo’ylab eng ko’p astmaga chalingan bolalar ana shu zonada yashaydi.

"Nafas olish yo’llari shifokori bo'lganimdan so'ng shoshilinch tibbiy markazda ishlovchi hamkasblarim bilan shunga guvoh bo'ldimki, smog hosil bo'lgan kuni bemorlar soni ko'payib, ular nafas bo’g'ilish, qusish, bosh og'riq holatlari bilan keladigan bo’ldi", - deydi Kaliforniya astma markazidan Kevin Xamilton.

Mahalliy rasmiylar havoni tozalashga 40 milliard dollar sarflagan bo’lsa-da, natija kam. Mahalliy hokimiyat chora ko’rmasa, katta jarima ostida qolishi, federal byudjetdan keladigan ikki milliard dollardan oshiq pulni yo’qotishi mumkin. Rasmiylarning aytishicha, ular imkon boricha harakatda.

"Agar shtat va federal hukumatlardan pul ololsak, masalan, yuk mashinasi haydovchilariga yangi transport sotib olishda 50 foizga yordam qilishimiz mumkin. Yangi yuk mashinalari 90 foizga tozaroq havo chiqaradi. Hozir ana shu yordam pulini olish ustida ishlayapmiz", - deydi havoni ifloslantirishni tartibga solish markazidan Said Sadriddin.

Mablag’ mahalliy aholiga osonlikcha yetib kelmasligi mumkin. Shtat ma’lumotiga ko’ra, ifloslangan havo har yili 1200 bevaqt o’limga sabab bo’ladi.

"Qaniydi bolalarimni olib boshqa joyga ko’chib ketolsam, lekin qiyin. Shunga ko’nikishga, chidashga majburman",- deydi Natali Sua.

Bu esa ifloslangan havodan nafas olish natijasida vujudga kelayotgan sog’liq muammolari hali ancha davom etadi degani.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG