Breaking News

Amerika musulmonlari terrorga qarshi fatvo e'lon qildilar


Amerikadagi musulmon hukamolari terrorizmga qarshi fatvo e’lon qildilar. Ma’lum bo’lishicha, mamlakatdagi 100 ga yaqin musulmon tashkilotlarining mazkur fatvoni tasdiqlashlari, terrorga qarshi urushga katta ta’sir o’tkazadi.

“Islom diniy ekstremizmni va begunoh kishilarga qarshi zo’ravonlikni qattiq qoralaydi. Biz aniq va ravshan shuni ma’lum qilamizki: Birinchidan, fuqarolarga qarshi barcha terroristik hurujlar - haromdir. Ikkinchidan, musulmonlarning barcha turdagi terroristik amaliyotlarni olib borayotgan guruhlar bilan hamkorlik qilishi haromdir. Uchinchidan, qonunni himoya qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilib, barcha begunoh fuqarolarning hayotini saqlash, har bir musulmonning burchidir," dedi Fiqh kengashining raisi Muzammil Siddiqiy 28 iyul kuni Vashingtonda bo’lib o’tgan matbuot anjumanida.

Bir qator musulmon tashkilotlari orasida kengash fatvosini shuningdek Shimoliy Amerika Islom Jamiyati ham tasdiqladi. Jamiyat prezidenti, Shayx Muhammad Nur Abdulloning bildirishicha, musulmon yetakchilarining avvalgi bayonotlari siyosiy ruhda bo’lgan. Bu safargisi esa aksincha, diniy qarashlardan kelib chiqqan holda, terrorga qarshi kurashga samarali ta’sir qiladi.

“Bu fatvo biz shimoliy Amerika hukamolari uchun yangilik emas. Biz avvaldan musulmonlar orasida shu yo’lni targ’ib qilardik. Tinch aholiga qarshi qilingan barcha turdagi zo’ravonlikni qoralaymiz, hoh ular musulmon, hoh nasroniy, yahudiy, hindu va kim bo’lmasin. Jamiyatimiz bilan mazkur fatvoni quvvatlaymiz," deydi Shayx Nur Abdulloh.

“KAIR” ya’ni, Amerika-Islom aloqalari kengashi nafaqat fatvoni tasdiqlayapti, balki uni izohlovchi television e’lonlarni ingliz, arab va urdu tillarida tayyorlamoqda. Kengash vakili Ibrohim Xuperning aytishicha mazkur e’lon nafaqat musulmon bo’lmay turib, Islom terrorni quvvatlaydi deb firklaydiganlarga, balki AQShdagi barcha musulmonlarga ham yetib borishi lozim.

“Biz mamlakatdagi barcha Imom-xatiblarni mazkur fatvoni juma namozi paytida ham o’qib berishni so’rayapmiz. Sabab, juma namozlari jamoat bo’lib o’qiladi va mazkur nomani ko’pchilik musulmonlar eshitishga muvaffaq bo’ladi," deydi Ibrohim Xuper.

Amerika musulmonlari yetakchilarining bildirishicha, mazqur diniy qonun, ya’ni Fatvo islomninng ikki manbaiga asoslanadi. Biri Qur’oni Karim, ikkinchisi Muhammad payg’ambarning ta’limoti. Bu qonun avval ham terrorizmni qoralab aytilgan so’zlarga kuch bag’ishlaydi. Mazkur Fatvo musulmonlar islom nomidan terror xurujlarini amalga oshiradilar degan qarashlarga javob bo’lib xizmat qiladi.

XS
SM
MD
LG