Breaking News

O'zbekistonda mardikor ayollar ko'paymoqda


O’zbekistonda o’z bilak kuchlarini sotishga majbur bo’layotgan ko’plab ayollarni Toshkent mardikor bozorida ham uchratish mumkin. Mardikor bozoridagi turli millat vakillaridan iborat ayollarning aytishicha, erkaklarning ish joyi hisoblangan joyi bunday bozorlarda so’nggi yillarda xotin-qizlarning ham ko’paygani iqtisodiy nochorlik natijasidir.

O’zbekistonning yirik shaharlarida ayollar mardikor bozorlarini uchratish tabiiy holga aylangan. Respublikada fuqarolar, ayniqsa ayollar ijtimoiy muhofazalangani ko’p bora e’tirof etiladi. Biroq ayni paytda ushbu muhofazani o’z hayotida his qilmagan ba’zi ayollar avvaldan erkaklar joyi hisoblangan mardikor bozoriga chiqishga qaror qilganlar. Toshkentning Chorsu bozori yonida to’planadigan ayollar o’z bilak kuchlarini sotishayotgani sababini mana bunday izohlashadi:

“Sharoit qiyin, mavjud korxonalar maoshlari bola-chaqa boqishga yetmaydi. Uy puli, svetning puli deydimi, o’shalarga ham tolay olmayapmiz”.

“Aptekada ishlardim, hozir oylik kam, majbur bo’lib shu yerga chiqyapman”.

“Xo’jalik vaqtida oyligimni bermaydi.”

Mardikor ayollar yollangan joyga borganda turli yumushlarni bajarishdan qaytmasliklarini aytishadi:

”Bizlar katta-katta boyvachchalarning uylariga borib, uyini yig’ishtirib beramiz, kirini yuvib beramiz”.

“Kimdir qo’lidan kelsa ko’rpa-ko’rpacha qaviydi, kimdir uy tozalashlarga borishadi”.

“Og’irchilik, qiyin mehnatni ko’rgan ayollar ketmon chopishlarga ham boradi” deyishadi ayollar.

Mazkur bozorda respublikaning turli viloyatlaridan kelgan 12 yoshdan 60 yoshgacha bo’lgan xotin-qizlarni uchratish mumkin. Mardikor ayollarning aksariyatini yoshlar tashkil etadi. Jizzaxlik 22 yoshli Nigora ham bu yerga ish izlab kelgan.

Hozir qizi bilan bir ayolnikida ijarada turishini aytarkan, Toshkent propiskasi bo’lmagani uchun ham bu yerda ishga joylasha olmayotgani sabab, ayni paytda yollanib odamlarning ko’rpa-to’shaklarini tikayotganini bildiradi. Ko’pincha militsiya xodimlari tomonidan olib ketilib turishlarini qaydlarkan, yaqinda o’zim ham bir oy qamalib chiqdim, deydi ko’ziga yosh olib Nigora.

Mardikor bozoridagi ayollar mehnat qilib pul topishni istashar ekan, daromad topishning bu yo’li ularning o’zi, sog’ligi uchun ham bexatar emas. Noma’lum joyga, asosan erkaklar tomonidan yollanib borganda ayol turli xo’rliklarga ham duchor bo’lishi mumkin, deyishadi ular: “Xizmatimizga yarash pul bermaydi bir xili, ba’zilaridan kuyamiz, bir xili pul bermasdan haydab yuboradi”, “Ba’zan ishga brogan joyimizda ha mardikorsan-da, deb kamsitishadi”.

Ayollarning aytishicha, nochorligu ro’zg’ordagi yetishmovchilik nafaqat o’zbek ayollarini, balki respublikada istiqomat qilayotgan turli millat vakillarini ham o’z bilak kuchlarini sotishga majbur etmoqda. Bu yerdagi xotin-qizlar turli millatga mansub ekanini aytisharkan, tojiklar, qozoqlar, ruslaru tatarlar, turklaru ozarbayjon millati vakillari ham yollanib ishlashayotganini bildirishadi mardikot ayollar.

Toshkentning Chorsu bozori ruparasidagi yollanma ayollar to’plog’idan 100-150 qadamcha beriroqda erkaklar mardikor bozori mavjud. Bu yerda tepasiga “Vaqtinchalik ish bilan ta’minlash markazi” degan yozuvning paydo bo’lganiga 3-4 yilcha bo’lgan. Biroq men na mazkur markazni van a uning xodimlarini uchratdim. Bu markaz nomigagina mavjud, deyishadi mardikorlar.

“Mana bu yerda mehnat birjalarini ochib qo’yishdi, o’tgan yili turar joyinglardan spravka olib kelinglar, 6 oy muddatga hujjat qilib beramiz, deyishdi. Lekin qishlog’imizdan kerakli hujjatlarni yig’ib kelganimizda ham, Toshkentda yashash va ishlash uchun vaqtinchalik qayddan o’tkazishmadi,”- deyishadi mardikorlar.

Toshkent shahridagi “Mehnat, aholini ish bilan ta’minlash va himoya qilish” boshqarmasi vakillari esa, poytaxtdagi mardikor bozorlarida faqatgina viloyatlardan kelgan fuqarolarnigina uchratish mumkin, degan fikrda.

“Har dekadada fuqarolar yig’iladigan joylarga biz mutaxassislarimiz bilan borib, qanaqa fuqarolar chiqyapti, ular qaysi viloyatlardan kelgan, ularning amalga oshiradigan ishlari qanaqaligi, nega ular bunday joylarga murojaat etishayotganini o’rganib boramiz. Chorsuda oldingi yillar 1000-2000 ga yaqin fuqaro yig’ilgan bo’lsa, hozir 5-10 ta qolgan. Lekin talabalar Ibn Sino dahasida yig’ilishadi. Bu asosan Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqarolar emas,” -deydi ismini oshkor qilishni istamagan poytaxtdagi ”Mehnat, aholini ish bilan ta’minlash va himoya qilish” boshqarmasi vakili.

Mardikor bozorida bugun ishga yollanishi mavhum bo’lib turgan ayol qiyofasi nafaqat o’zbek xalqi, balki butun Sharq uchun yot manzara hisoblanadi. Mustaqillik yillarida paydo bo’lgan ayollar mardikor bozorlari respublikaning barcha viloyatlariga xos holat ekanligini aytadi muxolifatdagi “Erk” partiyasi faoli, shoira Dilorom Ishoqova.

“Yaqinda Farg’onaga borib keldim. Kechasi o’tib ketyapmiz, soat ikkilar, xalatlarini yerga solib ayollar yotibdi yo’lning chekkasida. Moshinalar o’tyapti, ayollar yo’lning chekkasida yotibdi-ki, birdaniga balkim biror odamga ishchi kuchi kerak bo’lib qolar deb. Menga alam qiladigani, mayli bizning she’rlarimiz, kitobimiz chiqmay qo’ya qolsin, mayli biz xalq dushmani bo’lgan bo’laylik, tuzumga qarshi kurashib biz aybdordirmiz. Lekin bu ayollarning aybi nima, ular nimaga u ahvolda yotibdi?!”- deydi Dilorom Ishoqova.

Kuzatuvchilarga ko’ra, O’zbekiston hududida avvallari mardikor bozorlari bo’lmagan. Mardikor bozorlarining paydo bo’lishi va unda nafaqat erkaklarning, balki ayollarning ham bilak kuchlarini sotishga majbur bo’lishayotgani mustaqillik davrining bozor iqtisodiyotiga o’tish murakkabliklari bilan izohlanadi. Joylarda ish o’rinlari tashkil etish, bir oilani tebrata oladigdn maosh bilan ta’minlash mazkur illatga chek qo’yishning yagona yo’li hisoblanishiga urg’u beradi.

XS
SM
MD
LG