Breaking News

O'zbekiston ayollari: xo'rlangan, qadrsiz va nochor


8 Mart Xalqaro Xotin-Qizlar Kuni O'zbekistonda deyarli bir asrdan beri bayram qilinadi. Jamoatchilik o’rtasida va davlat miqyosida keng nishonlanadi. Bu kun ko’p jihatdan go’zallik, nafosat, bahor ayyomi sifatida ta’riflanadi. Ammo, 8 mart tarixan ayollarning jahon bo’ylab teng fuqarolar sifatida tan olinishiga chaqirilgan kun.

Xotin-qizlar kuniga shu qadar ahamiyat berilsa-da, deyishadi ba’zi mutaxassislar, mustaqil O’zbekiston ayollari hukumat nazarida ham, jamoatchilik ko’z oldida ham haligacha teng huquqli fuqarolar emas.

Amerika Ovozi O'zbekiston ayollarining bugungi kuni haqida yetakchi feminist, ya’ni xotin-qizlar haq-huquqlari faoli va bu borada ko’plab kitoblar va ilmiy maqolalar muallifi Marfua To’xtaxo’jayeva bilan suhbatlashdi.

Marfua To’xtaxo’jayeva nazarida O’zbekistonda ayollar huquqlarini himoya qilinishiga qarshi kurash ketmoqda. Hukumat, deydi mutaxassis, xotin-qizlar manfaati uchun faqat unga qarashli tashkilotlar shug’ullanishini istaydi. Ammo, O’zbekistonda ayollarning huquqiy himoyasi bilan shug’ullanayotgan tashkilotlar ham borku. Xo’sh, ular-chi? Marfua To’xtaxo’jayeva ularning hozirgi faoliyati deyarli to’xtab qolgan, deya javob beradi.

O’zbekiston matbuotida ayollar qiyofasi ko’proq ona va uy bekasi sifatida aks ettiriladi. Qizlarni esa oilaviy hayotga tayyorlash, ularni uy-ro’zg’or tebratishga o’rgatish ham madaniy, ham siyosiy masala. Gender muammolar, ya’ni jinslararo munosabatlarni o’rgangan mutaxassislar nazarida esa ayolning teng huquqli va yetuk fuqaro bo’lishi, jamiyatning sog’lom a’zosi bo’lishi uchun avvalombor ularni oqitish, ma’naviy tarbiyalash lozim.

Sobiq Sovet ittifoqi qulaganidan beri siyosat bobida ayollarning u qadar faollashgani sezilmaydi. Ayollar hali ham yuqori boshqaruv va qaror qiluvchi sahnalarga chiqa olishmagan. Mutaxassislar fikricha, bu juda murakkab jarayon. Chunki, Amerikadek taraqqiy etgan davlat siyosatida ham ayollar kuchli vakolatlarga ega emaslar. Qonun chiqaruvchilarning atigi 16 foizi ayollar. O'zbekistonda faol ayollar bu nohukumat tashkilotlarida ishlovchi xotin-qizlardir, deydi Marfua To’xtaxo’jayeva.

O’zbekiston Oliy Majlisida bugungi kunda har doimgidan ham ko’proq ayollar bor. O’zbekiston qonuniga ko’ra Oliy Majlisga nomzodi ko’rsatilganlarning kamida 30 foizi ayollar bo’lishi lozim. Hozirda 100 a’zolik senatda atigi 10 ayol vakil bor, 120 a’zolik Quyi palatada 21 nafar ayol deputat bor. Marfua To’xtaxo’jayevaning fikricha, gap sonda emas, sifatda.

XS
SM
MD
LG