Breaking News

Dadaxon Hasanov: Xalq dardini kuylayman


O`zbekistonda azaldan haqiqiy ijodkorlarga millat vijdoni sifatida qarab kelingan. Xalq aynan shunday fidoiy insonlar ijodida o`z dardini, orzu-intilishlari-yu armonlari ifodasini ko`rgan. Tabiiyki, bunday ijodkorlarga hamma zamonlarda ham amaldagi hukumat yaxshi munosabatda bo`lmagan.

Bugungi kunda ham O’zbekistonda o’z siyosiy qarashlari, erkin fikrliligi yoki muxolifatda ekani bois ijodi ta’qiqqa uchragan adabiyot, san’at, madaniyat namoyondalari uchraydi. Bunday ijodkorlar matbuot, radio-televideniyedan chetlashtirilgan. Asarlarining chop etilishiga to’siqlar qo’yilgan.

Ulardan biri - Dadaxon Hasanov.

1970 yillardan beri o’zbek qo’shiqchiligiga betakror ovozi bilan kirib kelgan Dadaxon Hasanov tez orada xalqning sevimli hofiziga aylangan edi. “Laylo”, “Siz otamni ko’rmadingizmu?” kabi lirik qo’shiqlari bilan mashhur bo’lgan hofiz repertuarida keyinchalik siyosiy qo’shiqlar asosiy o’rinni egallay boshladi.

Hofizga ko’ra, buning boisi shundaki, “sharqda qo’shiqchilikka lirik san’at sifatida qarab kelishgan, lekin 70-yillardan keyin bizda katta bir uyg’onish yuzaga kelgan. Balki shu uyg’onish, shu jarayon ta’sir qilgan bo’lsa kerak, men 70-yillardan ijtimoiy-siyosiy qo’shiqlar aytishga kirishganman. Chunki men bu siyosiy qo’shiqlarni kurash deb bilaman. Bu – mustaqillik uchun, ozodlik uchun, farovonlik uchun, qullikdan ozod bo’lish uchun kurash-da. Xalqimiz ongiga she’r, adabiy va badiiy asarlar bilan ham ta’sir qilish mumkin, lekin qo’shiq – eng yaxshi vosita, xalqqa tez ta’sir qiladi. Shuning uchun men butun kuch-imkoniyatimni siyosiy qo’shiqlar aytishga bag’ishlaganman”, - deydi Dadaxon Hasanov.

U nafaqat hofiz, balki shoir hamdir. O’zining ijtimoiy-siyosiy she’rlarini qo’shiq qilib xalqqa taqdim etadi.

“Siyosiy qo’shiqlarning jamiyatda, hayotda o’rni beqiyos deyishim mumkin. Chunki ilgarilari, men siyosiy yoki ijtimoiy qo’shiq aytib tursam, odamlar kelib menga “sho’hidan ayting, yalla ayting, bir o’ynaylik” derdilar. Qayta qurish, oshkoralik, demokratiya jarayonlari boshlangandan keyin, ayniqsa mustaqilligimiz arafasida, va hozir ham men lirik qo’shiq aytib tursam, “jiddiyrog’idan eshitaylik”, deyishadi. Chunki bu ijtimoiy-siyosiy qo’shiqda shu xalqning, shu millatning dardi, orzu-armonlari, kurashlari kuylanadi. Shuning uchun, menimcha, qo’shiqlarim ularning qalbiga o’rnashib boryapti, deb bilaman”, deydi hofiz.

Hofiz va shoir Dadaxon Hasanov muxolifatchi hamdir. U “Birlik” xalq harakati asoschilaridan. 80-yillar oxirida O’zbekiston mustaqilligi uchun kurashganlar safida bo’lgan.

“Lenin o’z vaqtida “qo’shiq bilan inqilob qilish mumkin”, deb aytgan ekan. Shu qadar qo’shiqning ta’siri kuchli bo’ladi. Qo’shiq odamni qayoqlargadir boshlaydi. Hozirgi qo’shiqchilarimiz, ayniqsa radio-televideniyeda, konsert zallarida javlon urayotgan yoshlarimiz bu narsani tushunmaydi. Har bir zamonning ozining qo’shig’i bo’ladi, har bir qo’shiqchining o’z zamoni bo’ladi. Hozir mana shunaqangi mayda-chuyda qo’shiqlarning zamoni va zamon qo’shiqlarimizga mos. Mayda, tobora tubanlashib, pastga qarab ketayotgan olomondan biron-bir jiddiy narsani kutish mumkin emas. Siyosiy, ijtimoiy, falsafiy, hikmatli, ma’noli, ma’rifiy qo’shiqlar eshitsa, xalqning ko’zi ochilib, “voy, bu nima deyapti”, deb haligi qo’shiqqa qarab ergashib ketadi. San’atning kuchi shunaqa”, - deb hisoblaydi Dadaxon Hasanov.

Hofiz va shoir Dadaxon Hasanov muxlislaridan biri Yo’ldosh Nosirov:

“Qani endi shu insonni televideniyega chiqarishsa, ko’pchilik xursand bo’lardi. Dadaxon Hasanov ovoziga o’xshash xonanda, afsuski, yo’q. Lekin ashulalarini aytib yurganlar bor. U xalqning haqiqiy dardini aytayotgan xonandalardan biridir.”

“Men ta’qiqqa 1962 yildan buyon duchor bo’lganman. O’shanda universitetning filologiya fakulteti qoshida “Hamzachilar” degan ijodiy uyushma tuzgandik,” – deb eslaydi Dadaxon Hasanov. “Mana shu ijodiy uyushmaning zamirida milliy mustaqillik harakatlari borligini KGB bilib qolib, olti oylik uyushmani tarqatib yo’q qilib yuborgan. Shu-shu nazarimda hukumatning qora ro’yxatidaman. Ta’qib-tazyiq tobora kuchayib bordi. 1976 yili Sverdlov nomidagi konsert zalida “Turkiston”, “vatan”, “Amir Temur” deb qo’shiq aytganim uchun kechasi meni Lenin rayon ichki ishlar boshqarmasiga olib ketib, qamab qo’yishgan. Chunki konsertimda har “Turkiston” deganimda, “vatanim” deganimda, “Amir Temur” deganimda tomoshabinlar zavqlanib-shavqlanib o’rnidan turib olqishlardilar. Bundan KGB qo’rqib ketib, konsertni to’xtatib, meni olib borib qamagan. 1989 yilga kelib qayta qurish, oshkoralik, demokratiya siyosatidan foydalanib, juda hayajonlanib jiddiy qo’shiqlarni kuchaytirib yuborganimdan keyin, qo’shiqlarimni ta’qiqlash, ularni ko’chirmaslik, ko’paytirmaslik va tarqatmaslik to’g’risida buyruq berilgan. Mustaqillik davrida xalqning qalbidagi dardini, chekayotgan azob-uqubatlarini men qo’shiq tili bilan xalqimga kuylayapman”, deydi hofiz Dadaxon Hasanov.

XS
SM
MD
LG