Breaking News

O'zbekistonda davlat bug'doy hosilini fermerlardan olib qo'ymoqda


Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, bu yil O`zbekistonda eng ko’p miqdorda - 6 million tonnadan oshiq bug'doy hosili yig`ilgan. Mustaqil manbalar davlat dehqonlarga tegishli donni olib qo'yayotganini qayd qilishadi.

Bu yilgi don mavsumi nazorati uchun 60 mingga yaqin huquq-tartibot organlari xodimlari safarbar qilingani va militsiya xodimlarining bevosita bug`doy dalalarida navbatchilikka qo`yilgani ta`kidlanadi.

Mavsum tugallanmoqda, O`zbekiston qishloq xo`jaligi vazirligi bu yil 6 million 100 ming tonna hosil yig’ilganini ma`lum qildi.

1992-93 yillarda don mahsulotini yetishtirish 2 million tonnani tashkil etgan. Bu yilgi xirmon munosabati bilan O`zbekiston prezidentining o`zbek g`allakorlariga tabrigi e`lon qilingan.

O`zbekiston Qishloq xo`jaligi vaziri o`rinbosarining mahalliy matbuotga bergan intervyusida aytilishicha, o`tkazilayotgan islohotlar, agrotexnik xizmat ko`rsatishning yuqoriligi, fermerlar manfaatdorligi unumdorlikka erishishda muhum omil bo`lib xizmat qilgan.

Markaziy nashrlarda g`allachilikdagi muvaffaqiyatlar e’tiroflanarkan, bu borada fermerlarning manfaatdorligi haqida aniq ma`lumot uchramaydi. Asosiy e’tibor agrotexnik xizmat, urug`chilik va texnik ta’minoti masalalarining uyushqoqlik bilan o`tkazilganiga qaratiladi.

Mustaqil manbalarga ko`ra, fermer xo`jaligi manfaatdor bo`lmagan va majburan belgilangan g`alla hosildorligining ortayotgani qishloq xo`jaligi ustidan nazoratning tobora keskinlashayotganini va fermerlar ahvolining o`girlashayotganini ko`rsatmoqda.

Muxolifatdagi “Ozod dehqonlar” partiyasi vakili Bahodir Namozovga ko`ra, g`alla yetishtirishdan o`zbek fermeri manfaatdor emasligi aniq, biroq shunga qaramay davlat buyurtmasi davom etmoqda.

“G`alla ekmagan fermerning yeri tortib olinadi, g`alla ekishdan dehqonga qanday foyda borligi o`ylab ko`rilmayapti, fermerlar g`allani sotib olib reja bajarishga majbur bo`lishmoqda”, - deydi Nomozov.

Inson huquqlari himoyachisi Marat Zohidovga ko`ra, o`zbek fermerlari yetishtirayotgan don asosan aroq zavodlariga mo`ljallanmoqda, shu bois ham fermerlar har qachongidan ko`ra ko`proq ishlatilmoqda.

“Shartnoma dehqonga bosim o`tkazish uchun bir tomonlama tuzilmoqda, fermerga esa bo`sh qog’oz tutqazilmoqda. Bundan tashqari bug’doyni olib puli to`lanmayapti. O`zbek fermerlari qul sifatida ishlatilmoqda”, - deydi Zohidov.

O`zbekistonda fermer xo`jaliklari rasman erkin tuzilma bo`lsada, biroq ularning qanday sharoitda va qanday hosil ekishlarini davlat belgilab beradi. Ularning o’z uyushmalari mavjud, biroq uyushma hukumat tomonidan tashkil etilgan va belgilangan yo`riqlar asosida ish ko`radi.

O`zbek fermerlarining mustaqil uyushmaga birlashish harakatlari esa keskin qarshilikka uchragan. Toshkent viloyati fermerlari birlashmasining sobiq raisi Abdurahmon Hosilovga ko`ra, viloyat fermerlar birlashmasini respublika birlashmasiga aylantirish uchun chaqirilgan ta’sis qurultoyi barbod bo`lgan. Qurultoyga besh viloyatdan tashrif buyurgan fermerlarning yo`li to`silgan.

“Dehqonlarning respublika miqyosida birlashishini istamaydigan odamlar bor. Hukumat tomonidan tashkil etilgan Fermerlar uyushmasi esa faqat hukumat qarorlarini bajaradi va fermerlar manfaatini himoya qila olmaydi”, - deydi Hosilov.

Abdurahmon Hosilov Toshkent viloyatidagi fermerlar rejadagi va rejadan tashqaridagi bu yilgi bug’doyni oxirigacha davlatga topshirishga majbur bo`lishgan. Uning aytishicha, bu holat davlat byudjetidagi yetishmovchiliklar bilan bog’liq. Davlat bug`doyni oxirgi kilogrammgacha yig’ishtirib olishga majbur bo`lmoqda.

Ma’lumotlarga ko`ra, respublikaning turli viloyatlarida davlat belgilagan rejani bajarmagan fermer xo`jaliklari prokuraturaga chaqirilmoqda. Ayrim xo`jaliklar bozordan 200 so`mdan don olib davlatga 180 so`mdan topshirishga majbur bo`lishmoqda. Mustaqil kuzatuvchilarga ko’ra, dehqonlarning asosiy tirikchilik manbai bo`lib kelgan g`alladan bo`shagan maydonga boshqa ekinlarni ekish ta`qiqlangan.

XS
SM
MD
LG