Breaking News

Xalqaro valyuta jamg’armasi O’zbekistonga imkoniyat bermoqchi


Xalqaro valyuta jamg`armasi O`zbekiston bilan hamkorlikni qayta boshlamoqchi. Bir necha yil burun O`zbekiston tashkilot bergan tavsiyalarni amalga oshirmagach, jamg`arma O`zbekistondagi faoliyatini deyarli to`xtatgan edi.

Uch yil avval Xalqaro valyuta jamg`armasi (quyida XVJ) va O`zbekiston hukumati o`rtasida mamlakat iqtisodini erkinlashtirish borasida memorandum imzolangan edi.

Mazkur memorandumga ko`ra, O`zbekiston jamg’arma tavsiyalarini bajarish shartini qabul qilgan. Ayniqsa, kovertatsiya masalasida, qishloq xo`jaligi, kichik va o`rta biznes faoliyati, bank sohasida erkin bozor iqtisodiyoti tamoyillarini qo`llash nazarda tutilgan edi.

Keyinchlik O`zbekiston o’z zimmasidagi majburiyatlarni deyarli amalga oshirmadi. XJVning O’zbekistondagi faoliyati tobora cheklanib bordi.

Yaqinda XJV vakillarining O`zbekistonga tashrifidan so`ng O`zbekiston Markaziy banki va XJV qo’shma matbuot bayonoti e`lon qildi.

Bayonotga ko`ra, tomonlar munosabatlarni qayta boshlashi mumkin. Unda jamg’armaning O`zbekistondagi iqtisodiy vaziyatga oid umumiy tavsiyalari yana tilga olinadi.

Jumladan, inflyatsiyani pasaytirish, bank sohasidagi erkinliklar, tashqi savdoga qo’yilgan to`siqlarni olib tashlash.

Markaziy bank matbuot xizmatiga ko`ra, bu tavsiyalarning aynan nimalardan iborat ekanligi ularga ma’lum emas. Shuningdek, O`zbekiston bilan XVJ o`rtasida boshlangan avvalgi muzokaralarning taqdiri haqida ham matbuot xizmati ma`lumot bera olmadi. Ayni paytda O`zbekistonda XVJ vakolatxonasi bor, lekin jamg`ama vakili yo’q.

Avval imzolangan memorandumda, jumladan, qishloq xo`jalik sohasida, fermerlarning o`z mahsulotlarini mustaqil sotish tavsiyasi ham kiritilgan edi.

Bu tavsiyaga ko`ra, O`zbekiston hukumati fermerlardan olingan don va paxta mahsulotlarini ikkiga taqsimladi. Bir qismini davlat rejasiga ko`ra, ikkinchi qismini birjalar orqali yana davlatning o`zi sotib ola boshladi.

Fermalarga ko`ra, faqat shakl o`zgargan xolos. Aslida don ham, paxta ham avvalgidek faqat davlat omborlariga tashiladi. Davlat xohlagan narxda pul to`laydi. Fermerlarga belgilangan davlat rejasi esa yanada oshirilgan.

Kuzatuvchilar fikriga ko`ra, fermer manfaati deyarli yo’qqa chiqarilgan iqtisodiy siyosat inqirozga yetaklishi mumkin. Ayni paytda davlat rejasi va xarajatlar miqdori oshgani fermerlarni qo`shib yozishga, soxta hisobot topshirishga majbur qilmoqda.

Jizzaxlik fermer Ma’murjon Azimovning aytishicha, hokimiyat hosildorlik miqdori va maydon o’lchami nisbatini inobatga olmayotgani sababli shunday vaziyat yuzaga kelmoqda.

“Masalan, 25 sentner joyga 30 sentnerdan qo`yishadi, natijada fermerlar planni bajara olmagandan keyin, ular paxta sotib olishga majbur bo`lishmoqda. Buning sababi o’sha tuman hokimlari fermerlarni majbur qiladi – “sen planni bajarasan, bo`lmasa yeringni tortib olamiz” deb. Undan keyin fermerlar yerni saqlab qolish uchun paxta sotib olishga majbur bo`lishadi”, - deydi Azimov.

Ma’murjon Azimovning so’zlariga qaraganda, fermerlar o`z mablag`idan foydalana olmaydi, bank xodimlari ularning ruxsatisiz fermerlarga tegishli pulni hokimiyat ko`rsatgan joyga ko`chirishadi.

Toshkent Moliya institutining dotsenti Ibrohim G`ofurov O`zbekistondagi banklar faoliyati erkin emasligini aynan davlat iqtisodiy islohotlar boshida turganligi va bu davlat manfaatidan kelib chiqqan holda amalga oshrilishi bilan izohlaydi.

“Tijorat banklarining faoliyati davlat siyosatiga yo`naltiriladi va shu maqsadda ular faoliyatiga cheklov qo`yilishi mumkin”, - deydi Go`furov.

Yaqinda bir guruh mustaqil kuzatuvchilar O`zbekistondagi iqtisodiy vaziyat yuzasidan davra kengashi o`tkazgan.

Kengash ishtirokchilaridan biri, ekspert Toshpo’lat Yo`ldoshev ta’biricha, mutaxassislar 15 yil mobaynida O`zbekiston iqtisodiyotida biror o`zgarish bo`lmaganini, aksincha, orqaga ketish kuzatilayotganini qayd etishgan.

“Albatta, Xalqaro valyuta jamg`armasi o`zining hamkorlik qilish tavsiyalarini bildirgan, lekin bu tavsiyalar bajarilmaydigan bo`lsa, O`zbekiston iqtisodiga milliardlab dollar investitsiya qilinganda ham qumga singgan suv kabi natijasiz ketadi”, - deydi Yo`ldoshev.

Ekspert fikriga ko`ra, O`zbekiston banklarining tashqi investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlari keskin nazorat ostida. Banklar iqtisodiy vaziyatga doir birorta iqtisodiy axborot chiqara olmaydi. Faqat hukumat ruxsati bilan ish qiladi. Umuman, moliya va bank sohasidagi vaziyat juda o`gir.

Ta’kidlanishicha, O`zbekistondagi og`ir iqtisodiy sharoit, sarmoyalar hajmining qisqarayotgani hukumatdan aniq iqtisodiy islohotlar o`tkazishni talab qilmoqda.

Biroq erkin iqtisodiy islohotlar hukumat nazoratini zaiflashtiradi, aholida mustaqil biznes yuritish imkoniyati paydo bo`ladi. Bu esa, deydi mutaxassislar, O`zbekiston hukumati manfaatiga zid – iqtisodiy siyosat faqat hukumat o`zgarishigagina bo`gliq.

Ayrim fikrlarga ko`ra, erkin iqtisodiy islohotlar XVJ tomonidan qanchalik qat’iyat ko`rsatilishiga ham bo`gliq. Hozircha, O`zbekiston va XVJ o`rtasidagi muzokaralarning qanday shartlar asosida olib borilishi ma`lum emas.

XS
SM
MD
LG