Breaking News

Markaziy Osiyodagi siyosiy jarayonlar tahlili - yangi kitobda


Yaqinda Moskvadagi Umumiy tarix instituti xodimi, tarix fanlari doktori Artyom Ulunyanning “Markaziy Osiyo 2000-2005 yillarda: Imkoniyat boy berildimi? Fikrlar va bashoratlar” deb nomlangan kitobi chiqdi. Unda so’nggi yillarda Markaziy Osiyodagi ichki siyosiy vaziyat tahlil qilinadi.

Artyom Ulunyan Markaziy Osiyodagi siyosiy jarayonlarni yaqindan o’rganadigan mutaxassislardan. Uning kitobida nafaqat G’arb tahlilchilarining, shuningdek, Rossiya, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyodagi rasmiy va mustaqil siyosatshunoslarning ham so’nggi 5-6 yil ichida mintaqadagi siyosiy jarayonlar bo’yicha tahlil va xulosalari keltirilgan. Kitobda “Imkoniyat boy berildimi?” degan asosiy savolga Ulunyan shunday javob beradi.

“Xulosa shuki, mintaqada demokratik o’zgarishlar uchun hech qachon imkoniyat bo’lmagan ham. Imkoniyat faqatgina 2000 yildan beri Markaziy Osiyo davlatlarida demokratik o’zgarishlar bo’lishini istagan xalqaro ekspertlar xayolida, ssenariylarida bo’lgan.”

Artyom Ulunyan O’zbekistonning hozirgi siyosiy tuzum ostida hali-beri demokratiyalashmasligini ta’kidlaydi.

"Karimov tuzumi demokratik bo’lmaydi. Muxolifat bilan muloqot qilmaydi. Tuzum ichida turli manfaat guruhlari bo’lsa-da, ular tuzumni o’zgartirish mumkin emasligi bo’yicha hamfikr. Saroy to’ntarilishi orqali o’zgarishlar yuz bersa ham, avtoritar kursdan qaytilmaydi,” – deydi Artyom Ulunyan.

Moskvalik olim kitobida Markaziy Osiyoning yirik davlatlar bilan munosabatlari ham tahlil qilingan. Uning aytishicha, rasmiy Moskva va Toshkent o’rtasida aloqalar yaxshilanishiga qaramay, har ikki tomon ham o’zini ehtiyotkorona tutmoqda va boshqasining quchog’iga o’zini tashlamayapti.

"Karimov rasmiy Moskva bilan ma’lum masofani ushlab turibdi. Bu unga G’arb bilan ustomonlik qilishga imkoniyat yaratadi. Rossiya ham O’zbekiston xarhashasiga to’laligicha tushgani yo’q va Karimov ustidan ma’lum darajada bosim o’tkazishga intilmoqda,” - deydi Ulunyan.

Biroq bu siyosat, deydi u, Toshkentni Moskvadan uzoqlashtirib yubormaydi, chunki Karimov Yevropa bilan ham, AQSh bilan ham, mintaqadagi qo’shnilari bilan ham aloqasi yomonligini tushunadi.

O’zbekiston Rossiya diqqatini tortish uchun Xitoydan foydalanishi mumkin. Biroq rasmiy Pekin Moskva o’rnini bosa olmaydi, deydi Ulunyan. Xitoy bilan munosabatlarning o’ta yaqinlashishi, tahlilchi nazarida, Rossiyaning O’zbekistonga nisbatan siyosatining keskinlashuviga olib kelishi mumkin.

Rossiya Bosh prokuraturasining Ivanovodagi andijonlik qochqinlarni O’zbekistonga topshirish qarorini bekor qilgani AQSh Davlat kotibi muovinining Toshkentga tashrifi bilan bog’liq, deydi Ulunyan.

Biroq biz bilan suhbatda bo’lgan AQSh rasmiylaridan birining aytishicha, Richard Baucher Toshkentda iliq kutib olingan, lekin unga aytilgan so’zlar tashrifdan so’ng o’z aksini topmagan.

“AQSh strategik sabablarga ko’ra O’zbekiston bilan aloqalarni butkul uzishga shoshilmayapti,” - deydi Ulunyan.

Tahlilchi nazarida, Qirg’iziston tashqi siyosatidagi keskin burilish prezident Bakiyevning amaldagi tuzumni saqlab qolish niyati bilan bog’liq.

“Qirg’izistondagi demokratik inqilobdan so’ng Bakiyev tuzumi Markaziy Osiyo rahbarlarini xavotirga solib qo’ydi. Ta’kidlash joizki, Qirg’iziston demokratlari faol ravishda mintaqaning boshqa davlatlaridagi demokratik kuchlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Shu paytgacha yangi siyosiy tuzumni yaratishga ulgurgan Bakiyev uni boy berishdan cho’chiyapti."

Artyom Ulunyan fikricha, BMT tomonidan qochqin maqomini olgan andijonliklarni O’zbekistonga ekstraditsiya qilish orqali Qirg’iziston rasmiy Toshkentning, ikki amerikalik diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborish orqali esa rasmiy Moskvaning ko’nglini ovlashga urinmoqda.

O’zbekiston yoki Rossiya Qirg’iziston ichki ishlariga aralashishi mumkin, degan o’yda Bakiyev so’nggi paytdagi tashqi siyosatini ular tomon belgilagan, deb xulosa qiladi Moskvadagi Umumiy tarix instituti xodimi, tarix fanlari doktori, siyosatshunos Artyom Ulunyan.

XS
SM
MD
LG