Breaking News

Yevropa O'zbekistonga nisbatan sanksiyalarini qayta ko'rib chiqadi


Bryusselda Yevropa Parlamentining Inson huquqlari bo’yicha quyi qo’mitasida O’zbekiston masalasi muhokama qilindi. Tinglovda Xalqaro Xelsinki Federatsiyasining O’zbekistonda inson huquqlari borasidagi ahvolni o’z ichiga olgan hisobot taqdim etildi.

27 fevral kuni Xalqaro Xelsinki Federatsiyasining “O’zbekiston inson huquqlari jamiyatining yo’q qilinishi” sarlavhasi ostida 22 sahifali hisoboti chop etildi. Bir kun o'tib esa hisobot Bryusselda Yevropa Parlamentining Inson huquqlari bo’yicha quyi qo’mitasiga taqdim etildi.

Hisobotda so’nggi oylarda O’zbekistonda inson huquqlari faollariga nisbatan hukumat tazyiqi kuchaygani xavotir bilan tilga olinadi. Ayniqsa Andijon voqealaridan so’ng ularning ba’zilari mamlakatni tark etishga majbur bo’lgani ta’kidlanadi.

Hisobot Yevropa Ittifoqini O’zbekiston bilan munosabatlarida inson huquqlari masalasiga qattiq urg’u berishni so’raydi va u bilan bog’liq muammolarni O’zbekiston-Yevropa Ittifoqi muloqot guruhi doirasidagina muhokama qilish bilan cheklanmaslikni tavsiya qiladi.

Ayni damda Yevropa Ittifoqida Markaziy Osiyo bilan aloqa qilish strategiyasi ishlab chiqilar ekan, Xalqaro Xelsinki Federatsiyasi Ittifoqni O’zbekiston hukumatiga nisbatan 2005 yil oktyabrida qo’yilgan sanksiyalarni yengillashtirmaslikka, aksincha Yevropaga viza olish huquqidan mahrum bo’lgan ayrim hukumat vakillari ro’yxatiga prezident Islom Karimovni ham qo’shishga, ro’yxatdagi o’ndan ortiq rasmiyning Yevropadagi hisob raqamlari va mulklarini muzlatishga chaqiradi.

Ma’lumki, o’tgan yil noyabr oyida O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Bryusselga safar qilib, ikki tomonlama aloqalarni jonlantirishga chaqirgan edi. O’shanda O’zbekiston va Yevropa Ittifoqi Andijon voqealari va inson huquqlari bo’yicha alohida-alohida muloqot olib borishga kelishib olgan edilar.

Andijon voqealari bo’yicha muloqot guruhi yil oxirida O’zbekistonga safar qilib, ayrim rasmiylar bilan uchrashgan edi, biroq O’zbekistonda inson huquqlarini muhokama qilishga qaratilgan Yevropa Ittifoqi muloqot guruhi haligacha tuzilmagan va uning O’zbekistonga qachon borishi noma’lum.

Yevroparlament quyi qo’mitasidagi tinglovda parlamentdagi yetti siyosiy guruhdan biri, Liberallar va Demokratlar Ittifoqi fraksiyasi vakili Yoxan van Xekning yordamchisi ham bo’lgan. Uning aytishicha, bunday guruh tez kunlarda O’zbekistonga yo’l olishi mumkin.

"Yig’ilishda Yevropa Ittifoqining Inson huquqlari bo’yicha oliy vakili ham ishtirok etgan. Uning aytishicha, inson huquqlari bo’yicha muloqot guruhi O’zbekistonga 1-2 hafta ichida borib qolishi mumkin. Ayni damda tashrif dasturi ishlab chiqilmoqda. Guruh Andijonga ham bormoqchi va bu borada O’zbekiston hukumatidan ruxsat olishga harakat qilmoqda," deydi Yevroparlament deputatining yordamchisi.

Biroq Yevropa Kengashi vakili Riina Kionkaning aytishicha, 27 fevral kuni Toshkentdan olingan rasmiy nomaga ko'ra, O'zbekiston hukumati yana bir Yevropa Ittifoqi guruhining O'zbekistonga kirishiga ruxsat bermasligi mumkin. Kelasi hafta Bryusselda Yevropa Kengashi sanksiyalarni yana bir bor ko'rib chiqadi. Riina Kionka fikricha, hukumatning hozirgi pozitsiyasi sanksiyalarni kuchda qoldirishga majbur qilishi mumkin.

Yevropa Parlamenti quyi qo’mitasidagi tinglovda mamlakatdan o’tgan yili chiqib ketgan va ayni damda Parijda faoliyat yuritayotgan huquq faoli, O’zbekiston inson huquqlari jamiyatining bosh kotibi Tolib Yoqubov O’zbekistondagi inson huquqlari ahvoli haqida ma’ruza qildi.

Uning aytishicha, Yevropa Ittifoqi O'zbekiston hukumati bilan muloqotni davom ettirishi kerak va rasmiy Toshkentga demokratik islohotlarni o'tkazish zarurligi uqtirib borilishi kerak. Tolib Yoqubov fikricha, Yevropa Ittifoqida vaziyatni to'g'ri tushunish boshlangan.

XS
SM
MD
LG