Breaking News

AQSh siyosatida inson huquqlari faktori: so'zda nima, amalda nima?


AQSh ko’plab repressiv hukumatlar bilan do’stona aloqalar yuritishi sabab inson huquqlari bobida ikkiyuzlama siyosatda ayblanib keladi.

Tahlilchilar fikricha, Qo’shma Shtatlar dunyoning har bir davlatidagi inson huquqlari ahvoliga turlicha e’tibor qaratadi.

Bunga Saudiya Arabistoni, Eron, Misr va O’zbekiston misol bo’la oladi. Amerika qonunchilari AQSh uchun davlat xavfsizligi va iqtisodiy manfaatlar ustun turishini yashirmaydi.

Lekin AQSh Kongressi va Davlat departamentining qayd etishicha demokratiya va erkinlikni targ’ib qilish ham AQSh tashqi siyosaytining ajralmas qismi. Ammo rasmiy bayonotlar va amaliy ishlar har doim ham bir-biriga mos kelavermaydi. Inson huquqlariga kelganda, deydi tahlilchilar, rasmiy Vashington yaqin savdo hamkorlari va strategik ahamiyatga ega davlatlarni tanqid qilishni xohlamaydi.

"AQShning neftga boy Saudiya Arabistoniga nisbatan siyosati 1930-yillardan buyon o’zgargani yo’q," - deydi Yaqin Sharq bo’yicha mutaxassis Tomas Lipman.

1951 yili AQSh Saudiya Arabistoni suverenitetini tan olib, uning ichki ishlariga aralashmaslikka ahd qilganidan beri, deydi janob Lipman, Davlat departamentining u yerdagi huquq ahvoli yuzasidan har yilgi tanqidlari o’zaro aloqalarga ta’sir qilmaydi.

Inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch tashkiloti vakili Tomas Malinovski nazarida AQSh Erondagi huquq ahvoli haqida ochiq va baland ovozda gapirib, xususan ochiq jamiyat tarafdori bo’lgan yosh eronliklar ko’nglini ovlashi mumkin.

Ammo, deydi Malinovski, AQShning Eronga qarshi harbiy chora ko’rish tahdidlari, aksincha, xalqni va Eron rahbariyatini birlashtiradi.

AQSh Vakillar Palatasining inson huquqlari bo’yicha quyi qo’mitasi oldida gapirarkan, Malinovski Bush ma’muriyatini eronlik dissidentlarga moliyaviy yordam berayapmiz deb bong urmaslikka chaqirdi.

"Mamlakatdagi kichik sonli muxolifatga AQSh yordami yetib bormaydi, ammo prezident Mahmud Ahmadinejod hukumati ushbu da’volar asosida muxolifat vakillarini qamashda davom etmoqda," - deydi Human Right Watch tashkiloti vakili.

AQSh nazarida huquqni eng keng va qo’pol tarzda buzayotgan O’zbekiston hukumati va Vashington aloqalari keyingi yillarda boshi berk ko’chaga kirib qolgan. Xalqaro Tinchlik uchun Karnegi jamg’armasi tahlilchisi Marta Olkot fikricha, bu holat tushunmovchilik va noto’g’ri siyosat mahsulidir.

O’zbekiston o’zini AQShning ikki yoqlama siyosati qurboni deb biladi. Rasmiy Toshkent nazarida, deydi olima, AQSh mintaqadagi neft va gazga boy davlatlardagi vaziyatga ko’z yumib, O’zbekistonni nishonga olmoqda.

Marta Olkot ta’biricha, 2001 yilning 11 sentyabr voqealaridan so’ng, O’zbekiston AQSh bilan strategik hamkorlik shartnomasi tuzib, Vashingtondan, Isroil va Misrga berilayotgani kabi, katta moliyaviy yordam kutgan. Ammo bu amalga oshmagach, hafsalasi pir bo’lgan.

O’zbekistonda shu yil oxirida saylovlar kutilar ekan, Marta Olkot fikricha prezident Islom Karimov Qozog’iston rahbari Nursulton Nazarboyevdek mamlakat konstitutsiyasini o’zgartirib, hokimiyatda umrbod qolishga urinib ko’radi. AQSh agar rasmiy Toshkentga qarshi sanksiya qo’ysa, deydi u, undan oddiy aholi ham katta zarar ko’radi.

Human Rights Watch tashkiloti vakili Tomas Malinovski Andijon voqealaridan so’ng AQShning O’zbekistonga nisbatan tanqidlarini olqishlasa-da, sanksiyalar qo’yilmaganidan afsusda.

AQSh, deydi u, prezident Islom Karimovning siyosiy sahnadan ketishini kutib o’tirmasdan, mamlakatda fuqaro jamiyatini quvvatlashda davom etishi kerak.

Tahlilchilar fikricha, rasmiy Vashington inson huquqlari muhim ekani haqida qanchalik bong urmasin, davlat xavfsizligi va iqtisodiy manfaatlar ko’pincha ustun keladi.

XS
SM
MD
LG