Breaking News

O'zbekistonda kelasi yildan boshlab o'lim jazosi bekor qilinadi


O`zbekiston prezidenti Islom Karimov o`lim jazosini bekor qilish va qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini sudlarga o’tkazish haqidagi farmonlarga imzo chekkan.

Farmon 2008 yildan boshlab kuchga kiradi.

Mustaqil kuzatuvchilar mamlakatda qiynoqlar keng qo`llanilayotgani, qiynoqlar mahbuslar o`limiga sabab bo`layotganiga e`tibor qaratmoqda.

Huquq himoyachilari fikriga ko`ra, O`zbekistonda BMTning qiynoqlarga qarshi qo`mita vakili Teo Van Boven bergan tavsiyalar hamon amalga oshmagan.

Bu tavsiyalar jumlasiga tergov-surishtiruv jarayonida qiynoq qo`llashni taqiqilash, mahbuslarni saqlash sharoitlarini yaxshilash, o`ta shafqatsiz sharoiti bilan tanilgan “Jasliq” qamoqxonasini yopish kiradi.

“Qiynoqlar doimiy tarzda qo`llanilayotgan bir mamlakatda o`lim jazosi bekor qilinishi qiynoqlar umrbod qo`llanilishi mumkinligini bildiradi. Bunday sharoitda insonparvarlik haqida gapirish mumkin emas”, - deydi kuzatuvchilardan biri.

O`lim jazosi qasddan odam o`ldirish va terrorchilik uchun beriladi. 2008 yildan o`lim jazosi o`rniga umrbod yoki uzoq yillik qamoq jazolari qo`llaniladi.

Prezident o`lim jazosini bekor qilish tashabbusini 2006 yilda ilgari surgan edi.

Ayrim ma'lumotlarga ko`ra, “Jasliq” qamoqxonasi tevaragida umrbod yoki uzoq muddatli jazo berilgan mahbuslar uchun muassasa qurilmoqda.

O`zbekiston qonunchiligiga kiritilgan ikkinchi o`zgarishga ko`ra, hozirgacha prokuratura tomonidan amalga oshirilgan hibsga olish vakolati sudlarga o’tkaziladi.

Advokat Davlat Bozorov O`zbekiston qonunchiligiga kiritilgan o`zgarishlar xolisona ishlagan taqdirda fuqaro huquqlarini himoyalash uchun imkoniyat berishini ta’kidlab o`tadi.

“Hozir mansabdor fuqaroni ushlab kelib, jinoyat qilganmi, yo’qmi, daliliy ashyolar bormi-yo`qmi, “qilgansan, bo`yingga olasan” deydi. Prokuror bunga sanksiya yozib beradi. Sudlarga o’tsa sanksiyani sud beradi. Tergovni Milliy Xavfsizlik Xizmati qiladimi, IIB qiladimi, sanksiyani berishdan oldin fuqaro huquqlarini himoya qilish uchun qisman bo’lsada imkoniyat bo’ladi”, - deydi Bozorov.

Uning aytishicha, bu o`zgarishlar sudlar haqiqatda mustaqil faoliyat yuritganda natija beradi.

“Hozirgacha qancha noqonuniy hukmlar chiqarayotgan sudyalar fuqarolarni qamoqqa olishdan oldin qanday qilib adolatli qaror chiqaradi? Meni shu narsa qiynayapti”, - deydi advokat Bozorov.

Advokat Ruhiddin Komilov o`z faoliyati mobaynida O`zbekiston sudlarida biror marta oqlov hukmi chiqarilmaganini takidlaydi.

“Nafaqat men, menga o`xshagan ko`plab advokatlar tajribasida ham bu narsa yo’q. Bu sudning yuzi. Qanday ishlayotganidan dalolat beradi. Ularni ham xalq saylagan taqdirdagina mustaqil bo`lishi mumkin. Hozir esa ma’murlarga, o`zlarini tayinlagan amaldorlarga ta`zim qilishadi. Sanksiyalar u yoqda tursin butun kodeksni ularga bag`ishlaganda ham biron natija bo`lmaydi, sudlar mustaqil bo`la olmaydi”, - deydi Komilov.

Uning so’zlariga ko`ra, o`lim jazosini bekor qilish haqidagi tashabbus ham jamoatchilikda muhokama qilinmay, shunchaki yuqoridan bildirilgan tashabbus ekani, davlat rahbarining insonparvarligini urg`ulash uchungina qabul qilingan.

XS
SM
MD
LG