Breaking News

AQSh matbuoti 'genotsid' masalasini sharhlamoqda


AQSh Vakillar palatasi Usmoniylar imperiyasi davrida armanlarning qirilganini genotsid deb tamg’alovchi rezolyutsiya loyihasiga ovoz berishga tayyorgarlik ko’rar ekan, AQSh matbuotida o’sha davr voqealari va AQSh-Turkiya aloqalari keng yoritilmoqda.


O’tgan hafta Vakillar palatasining Xalqaro aloqalar qo’mitasida o’tgan asr boshidagi voqealar genotsid deb tan olingan. 27 kongressmen mazkur mazmundagi rezolyutsiyaga ovoz bergan, 21 nafari esa qarshi chiqqan. “Vashington Post” gazetasidagi maqolaga ko’ra, AQShda yashaydigan armanlar rezolyutsiyaning qabul qilinishi uchun jon-jahdi bilan harakat qilmoqda. Biroq armanlarning AQShdagi manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilotlar barcha shijoatini bu ishga sarflagandan ko’ra, deydi muallif, Armanistonni demokratlashtirishga bel bog’lasa, ancha yaxshi bo’lar edi. Gazeta nazarida Armanistonda inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat yaxshi emas.

Vashington Post” sobiq SSSR respublikalaridan Estoniya, Latviya va Litvani misol qilib keltirar ekan, mustaqillikdan so’ng ularning chet eldagi vatandoshlari o’z mamlakatlariga qaytib kelib, demokratiya uchun harakat qilganini ta’kidlaydi. Biroq AQShdagi armanlar o’z tarixiy vatanlarida demokratiyani rivojlantirishga yordam berish o’rniga Kongressda Turkiya va Ozarbayjonga qarshi harakatlar bilan ovora, deyiladi maqolada.


Turkiya Qurolli kuchlar qo’mondoni, general Yashar Buyukanitning aytishicha, Vakillar Palatasi genotsidni tan oluvchi rezolyutsiyani qabul qilsa, Turkiyaning AQSh bilan harbiy aloqalarida salbiy burilish yuz berishi mumkin. “Vakillar palatasining bunday qarorini jamoatchiligimizga tushuntirib berish o’ta mushkul bo’ladi. AQSh o’z oyog’iga bolta urmoqda,” deb yozadi yana bir gazeta, “Nyu-York Tayms” turk generali so’zlarini keltirib.

Gazetaga ko’ra, AQSh-Turkiya aloqalariga putur yetganiga ancha bo’lgan. Turkiyada o’tkazilgan so’rov natijalariga ko’ra, respondentlarning 73 foizi AQSh Vakillar palatasi rezolyutsiyani qabul qilsa, AQShga munosabati salbiy tomonga burilishini, 83 foizi esa Turkiyaning AQShga harbiy ko’mak berishiga qarshi chiqishini bildirgan.

Tahlilchilar nazarida AQSh Turkiyadagi harbiy havo bazasidan Iroqdagi operatsiyalari uchun foydalanadi. U yerdan har kuni Iroqdagi koalitsiya kuchlari uchun turli anjomlar, oziq-ovqat orttirilgan yuk mashinalari o’tib turadi.

AQShdagi yana bir gazeta “Vashington Tayms” asosan Turkiyaning Iroq shimolida kurd jangarilariga qarshi rejalayotgan harbiy harakatlari haqida yozgan. Iroqdagi Kurdiston mintaqaviy hukumati terrorchi tashkilot deb tan olingan Kurdiston Ishchilar Partiyasi jangarilarini yo’q qila olmagan, deb yozadi gazeta. Joriy yilning birinchi yarmida kurd jangarilari Turkiyaning 80 ga yaqin fuqarosini o’ldirgan.

28 sentyabrda Turkiya va Iroq o’rtasida imzolangan shartnomaga ko’ra, Iroq hukumati kurd jangarilariga qarshi kurashishi kerak, biroq shartnoma Turkiyaga jangarilarni Iroq hududida nishonga olishga ruxsat bermaydi. AQSh va Iroqning jangarilarga qarshi yetarlicha kurashmayotganidan norozi Turkiya tashabbusni o’z qo’liga olib, Iroq hududida mustaqil ravishda operatsiya o’tkazmoqchi. Bush ma’muriyati buning oldini olmoqchi. Biroq AQSh Vakillar palatasidagi harakatlar bunga pand bermoqda.

Gazetada bildirilishicha, Oq uy rezolyutsiyaning Vakillar palatasida umumiy ovozga qo’yilishining oldini olishi va Iroq hukumati, xususan shimoldagi kurdlardan Kurdiston Ishchilar Partiyasi faoliyatiga chek qo’yishni talab qilishi lozim. Shu bilan turk armiyasini Iroqqa qo’shin kiritish rejasidan qaytarish va pirovardida, Iroqda vaziyatning yanada chigallashmasligiga erishish mumkin.

XS
SM
MD
LG