Breaking News

AQSh matbuoti Gruziya-Rossiya aloqalari va Turkmaniston haqida


Gruziya va Rossiya o’rtasidagi diplomatik tortishuvlar davom etar ekan, AQShlik siyosatshunoslar matbuotdagi chiqishlarida Oq Uyni bu masala bo’yicha bo’sh kelmaslikka va Gruziya manfaatlarini himoya qilishga chaqirmoqda.

“Vashington Tayms” Gruziya-Rossiya aloqalarining tobora taranglashayotgani haqida yozadi. Gazeta Gruziya parlamenti spikeri Nino Burjanadzening shu hafta Vashingtonga qilgan safari chog’ida “Gruziya AQSh va xalqaro hamjamiyat yordamiga muhtoj” degan so’zlarini keltiradi. “Rossiyaning mintaqadagi siyosati xavflidir” dedi Burjanadze dushanba kuni Milliy matbuot klubidagi chiqishida.

Rossiya Gruziyani bo’lginchi Abxaziya va Janubiy Osetiyaga qarshi urushni rejalayotganlikda ayblaydi. Gruziya esa o’z navbatida “Rossiya mustaqillikka intilayotgan bu ikki hududni bizga qarshi qo’llab-quvvatlamoqda” deydi.

Nino Burjanadze urush rejasi haqidagi ayblovni bo’hton deb ataydi.

“Nyu-York Tayms” ham ushbu mavzuni yoritar ekan, Kreml Gruziyaning G’arbga moyilligidan va NATOga a’zo bo’lish harakatlaridan asabiylashmoqda deb yozadi.

“Bugundan boshlab prezidenlik lavozimiga rasman kirayotgan Dmitriy Medvedev o’zini Putindan mustaqil siyosatchi ekanini ko’rsatib, vaziyatni nazorati ostiga olishi va Gruziya bilan muloqot qilishi kerak. Birlashgan Millatlar Tashkiloti esa Abxaziyadagi rossiyalik tinchlikparvar qo’shinlarni xalqaro tarkibdagi kuchlar bilan almashtirishi lozim” deyiladi “Nyu-York Tayms”dagi maqolada.

AQShda chiqadigan yana bir gazeta, “Vashington Post”ning fikr bildirishicha, Gruziya Abxaziyaga emas, balki Rossiya Gruziyaga qarshi harbiy taraddud ko’rayotgan bo’lishi mumkin. Shunday bo’lgan taqdirda AQSh va NATO davlatlari Gruziya kabi yosh demokratik davlatni himoya qilishi, Rossiyaga nisbatan harbiy bo’lmasa-da, siyosiy va diplomatik chora ko’rishi shart.

Turkmanistondagi siyosiy o’zgarishlar ham AQSh matbuoti nazaridan chetda qolayotgani yo’q. “New-York Tayms” gazetasining Turkmaniston davlat matbuoti axborotiga tayangan holda aytishicha, tez kunlarda poytaxt Ashgabat markazidan marhum prezident Saparmurot Niyozovga bag’ishlab o’rnatilgan oltin haykal olib tashlanadi. Gazetaga ko’ra, mamlakatning yangi rahbari Qurbonguli Berdimuhammedov Niyozov merosidan asta-sekin voz kechmoqda.

Prezident etib saylanganidan so’ng Berdimuhammedov Niyozov davrida to’qqiz yilga tushirilgan o’rta ta’limni o’n yilga qaytardi. Davlat televideniyesining ramzi sifatida hamisha ekranda ko’rinib turgan Niyozovning oltin byustini, davlat xizmatchilari tomonidan kunda keltiriladigan qasamyod matnidan va milliy bayroqdan Niyozov ismini oldirib tashladi. Turkmanboshi hayotligida o’zgartirilgan oy nomlarining asl ismini tikladi. Endi esa navbat Niyozovning Quyosh aylanishiga qarab harakatlanadigan mashhur haykaliga keldi.

Biroq, deydi Nyu-York Taymsga bergan intervyusida amerikalik siyosatshunos Erik Makglinchi, bu bilan Turkmanistonda siyosiy ochiqlik davri boshlanyapti deyish noto’g’ri. Gap shunchaki bir rahbar merosini yo’q qilish orqali boshqa rahbarning o’z shaxsini ko’tarish va hokimiyatini kuchaytirishdadir, deydi Makglinchi.

Turkmanistonda Berdimuhammedov shaxsiga sig’inish shakllanayotganiga misol tariqasida Makglinchi mamlakatda uning tasviri tushirilgan tangalar muomalaga kiritilganini aytadi.

“Nyu-York Tayms” gazetasi asli o’zbekistonlik shoir va san’atkor, 90-yillarda AQShga ko’chib ketgan Ilyos Mallayevning olamdan o’tganini ham chetda qoldirmadi.

Taniqli xonanda Muhabbat Shamayevaning turmush o’rtog’i o’tgan juma kuni Nyu-Yorkda 72 yoshida rakdan vafot etdi.

“Nyu-York Tayms” uni shoshmaqomni puxta bilgan san’atkor deb ta’riflaydi.

XS
SM
MD
LG