Breaking News

Paxtakorlar: O'quvchilarsiz hosilni kim teradi?


Paxta mahsulotlari savdosi bilan shug`ullanuvchi yirik xalqaro kompaniyalar O`zbekiston prezidentidan bolalar mehnatini ta'qiqlashni talab qilmoqda.

Sharhlovchilar bu murojaatdan foyda yo’q desa-da, dehqonlarning o’zi paxta terimi uchun munosib haq to`lansa o`quvchilarni ishlatishga hojat qolmaydi demoqda.

O`zbekistonda sentabr oyidan boshlab maktab o'quvchilari va talabalar ommaviy ravishda paxta terimiga jalb qilinadi. Uch oygacha qishloq maktablari va boshqa maorif maskanlarida o'qish deyarli to'xtaydi.

Hukumat bolalar mehnatidan foydalanayotganini rasman e'tirof etmaydi, biroq hokimyat buyrug`iga ko`ra o`quvchilar terimga olib chiqiladi. Paxta terimiga sovuqqonlik bilan yondashgan maktab rahbariyati jazolanadi.

Yaqinda AQShga qarashli bir nechta savdo uyushmalari, jumladan AQSh kiyim-bosh va poyafzal uyushmasi va AQSh kiyim-bosh va tekstil mahsulotlari importchilari uyushmasi O`zbekiston prezidentiga ochiq maktub yo`llab, paxta yetishtirishda bolalar mehnatiga chek qo'yishni talab qilgan.

Maktub nusxasi Xalqaro Mehnat Tashkiloti va AQSh davlat kotibiga ham yo`llangan.

Bir muncha avvval Britaniyadagi yirik savdo tarmoqlari ham o`zbek paxtasini boykot qilishga chaqirgan edi.

O`zbekistonda bu yil bolalar huquqini kafolatlashga qaratilgan qonun qabul qilindi va bu boradagi xalqaro bitimlar ratifikatsiya qilindi.

Dehqonlarga ko'ra esa paxta uchun munosib haq to'lanmas ekan, bolalar mehnatidan voz kechish qiyin. "Kattalarga terim uchun haq to'lay olmaymiz", - deydi fermerlardan biri.

"50 so`mga nima beradi? Bir kilo paxta uchun 50 so`m bersa, bir kilo paxtani terish uchun odam 25 marta egilib turish kerak bo`lsa, bunga kim ishlaydi"? - deydi u.

O'quvchilar mehnatidan foydalanishga nima majbur etadi degan savolga boshqa bir paxtakor shunday javob beradi:

"Ish kuchi yo`qligi, texnika bo`lmaganligi uchun. Kattalar, yollanma ishchilar mehnatiga yarasha ko`proq pul talab qiladi. Mend bu pul yo'q. Mavsum payti tezda ishchi kuchi kerak. Ishchi kuchi qimmat".

Bu fermerlar nazarida xalqaro kompaniyalarning hukumatga nisbatan bosimi biror ijobiy natija bermaydi.

"Rossiya bor. Turkiyadagi birodarlarimiz bor. Kimdir embargo qo'ysa ham, boshqalar arzonroq narxda sotib olaveradi", - deydi fermer.

Yana bir paxtakorning aytishicha 1990-yillarda ham paxta terimida bolalar mehnatidan voz kechishga harakat qilingan, ammo ularsiz hosilni vaqtida yig'ib olish mumkin emasligi ayon bo'lgan.

Hozirga kelib ahvol yanada qiyinlashgan, deydi dehqonlar, chunki mavjud texnika talon-taroj qilib bo'lingan. Buning ustida odamlar ishsiz yurgan bo'lsa-da, arzimagan pul uchun dalaga chiqmaydi.

"O`quvchi dalaga chiqmasa, biz hosilni yig'ib ololmaymiz. Lekin ularni jalb etmaslik imkoniyati bor. Yaxshilab tashkillashtirilsa, yaxshi maosh berilsa Qozog`istonga ketayotgan ishsizlar o`zimizda qolib ishlaydi. Tergan paxtasi uchun talabalar pulini ham ololmay yuradi. Umuman, xizmat ko`rsatish haqlari dunyo andozasiga ko'ra, lekin paxta va bug`doy narxi juda past. O'zimiz ishlab ulushimizni ololmaymiz", - deydi fermerlardan biri.

O`zbekiston paxta xom-ashyosini yetkazish bo`yicha dunyoda yetakchi davlatlardan. Paxta davlat monopoliyasidagi asosiy strategik mahsulotlardan biri.

Davlat paxtani o'zi belgilagan bahoda sotib oladi. Paxtakorlar esa hosilni arzonga berib, ko'p daromad ko'rmaydi. Oqibatda, deydi ular, paxta asosan majburiy hashar yo'li bilan teriladi.

XS
SM
MD
LG