Breaking News

Paxta plani bajarildi, lekin katta sinflar hali ham dalada


O'zbekistonda paxta bo’yicha davlat rejasi bajarildi, biroq paxtaning asosiy terimchilari – o'quvchilar hamon daladan maktabga qaytmagan. Fermerlarga qo`shimcha majburiyatlar yuklanmoqda.

Bu yil davlatga 3 million 400 ming tonna paxta topshirilgan. Mahalliy faollarning aytishicha, bu yilgi paxta mavsumida bir necha hasharchi jon bergan.

Xalqaro miqyosdagi norozilikka qaramasdan hukumat bolalar mehnatidan voz kechadigan emas, ko’rinadi.

Davlat rejasi bajarilishi munosabati bilan O`zbekiston prezidenti Islom Karimovning mehnatkashlarga yo`llagan tabrigi bevosita maktab o`quvchilariga ham taalluqli deyish mumkin. Paxta asosan bolalar qo`li bilan terildi.

Bu o`quvchilar, ma’lum bo’lishicha, hamon maktabga qaytarilmagan, paxta terishda davom etmoqda.

“5, 6, 7-sinflar daladan qaytdi, 8, 9-sinflar paxta terayapti. Albatta, birinchi, ikkinchi terimdagidek emas, lekin baribir paxtada. Bu dollar hukumat uchun, buni fermerga foydasi yo`q, zarari bo`lishi mumkin”, - deydi fermerlardan biri.

Mahalliy faollar bu yilgi paxta terimi bilan bog’liq vaziyatni o’tgan mavsumga nisbatan ayanchli deya baholashadi. Tumanlarda 5-sinf o’quvchilari uchun ham darslar bekor qilingan, bir necha hasharchi, maktab o`quvchilari yo`l transport hodisalarida o’lgani xabar qilinadi.

“Masalan, o`tgan yili quyi sinf o`quvchilari uchun darslar bekor qilinmagan edi, bu yil esa ular uchun ham maktablar yopildi. Mana davlatni rejasi ham bajarildi, bu yilgi mavsum nihoyatda ayanchli o`tdi. Buxoro viloyatida transport hodisasi tufayli bir o`quvchi halok bo`lgan, Farg`onada, Xorazmda yuz bergan avtohalokatlar natijasida bir necha hasharchi vafot etgani aniqlangan”, - deydi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov.

O`zbekiston prezidenti Islom Karimovning paxtakor va mehnatkashlarga yo`llagan tabrigida ta’kidlanishicha, jahon miqyosida o`zbek paxtasining xaridorgirligi ortmoqda, respublika jahon paxta savdosi markazlaridan biriga aylanmoqda. Xalqaro maydonda esa o`zbek paxtasi boykot qilingan. AQSh Mehnat vazirligi bolalarning majburiy mehnati hisobiga terilayotgan o’zbek paxtasini taqiqlangan mahsulotlar ro’yxatiga kiritdi.

AQSh Kongressida ham o’zbek paxtasi va bolalar mehnati masalasi muhokamaga chiqishi ehtimoli mavjud. Yaqinda O’zbekistonning AQShdagi elchixonasida amerikalik o`qituvchilar norozilik aksiyasi o`tkazgan.

“Buning sababi ko’proq iqtisodga bog’liq, bolalar baribir paxtadan chetda qolmaydi. Shunday ekan, bir-ikki oyga ularni tashkiliy olib chiqqani ham ma’qulmi deyman, albatta, faqat 5, 6-sinf o`quvchilari emas”, - deydi fermer.

Faollar deydiki, xalqaro maydondagi norozilikka qaramasdan, O`zbekiston hukumati bolalar mehnatidan voz kechmoqchi emas.

“Xalqaro miqyosda ketayotgan kampaniyalar ta`siri umuman sezilmaydi. Aksincha, vaziyat yomonlashmoqda, o`tgan yil 10, 11 yoshli bolalar terimga chiqqan bo`lsa, bu yil 8, 9 yoshdagilar ham terimga chiqqan”, - deydi Abdurahmon Tashanov .

Paxta fermerga daromad keltirmaydi, hukumat paxtani arzon olib, bir necha barobar qimmatga sotadi. Fermerni paxtaga bog’lab turgan narsa asosan yerdan ajrab qolish hadigi.

“Planni bajarmasang, yeringni tortib olamiz deydi, qo`rqqanimizdan ham qilyapmiz. Har kuni majlis, bugun ertalab bo`lgan edi, kechqurunga yana chaqirgan. Kelmasang, militsiya boradi deydi. Har bir fermerga yana 1 noyabrdan keyin gektariga 300 kilodan paxta topshirasan deb topshiriq bergan”, - deydi fermer.

Dunyodagi bir necha yirik savdo tarmoqlari o’zbek paxtasini boykot qilish kampaniyasiga qo`shilgan. Holbuki, yaqinda Toshkentda o`tgan paxta yarmarkasida hukumat bir million tonnadan oshiq paxta xomashyosi sotish bo`yicha shartnoma imzolaganini ma`lum qildi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG