Breaking News

Afg'oniston rasmiylari: O'zbekiston yordami muhim


Afg’oniston va Pokiston rasmiylari Tolibon bilan muzokara yo’lini tanlamoqda.

Afg’oniston Islom Respublikasining O’zbekistondagi muvaqqat vakili Muhammad Iso Mesbah so’zlariga ko’ra, toliblar bilan sulh tuzilsa, mamlakat inqirozdan chiqishi mumkin. Muhammad Iso Mesbah fikriga ko’ra, toliblar dastlab Afg’oniston konstitutsiyasini e’tirof etishi shart.

“Sulh urushni o’rtadan ko’taradi. Tolibon ham Afg’oniston uchun begona emas, o’z fuqarolari. Afg’on hukumati ularni chaqirgan, sulh qilamiz deb. Bir shartimiz bor, Afg’oniston konstitutsiyasini qabul qiladigan insonlar uchun har doim quchog’imiz ochiq. Shu kecha-kunduz Pokistondan 25 kishi, Afg’onistondan 25 kishi sulh uchun muzokaralar qilayapti. Bundan tashqari, rasmiy va norasmiy muzokaralar ham borayapti”, - deydi muvaqqat elchi.

NATO kuchlarining Tolibonga qarshi kurashiga munosabat bildirar ekan, “xalqaro qo’shinlar Afg’onistonda qayta qurish ishlarida katta hissa qo’shmoqda” deydi u.

“Afg’on xalqi bunga ehtirom bilan qaraydi. 30 yildan buyon urush bo’ldi, hech narsa qolmadi Afg’onistonda. Hamon terrorizm, narkotrafik tahdidi bor. Afg’oiniston bu tahdidlardan butunlay qutulmas ekan, dunyo hamjamiyatidan xalqaro qo’shinlarning mamlakatda qolishini so’raydi”, - deydi Muhammad Iso Mesbah.

Uning aytishicha, O’zbekiston bilan hamkorlik Afg’onistonga ko’rsatilayotgan xalqaro yordamni mamlakatga yetkazishda muhim o’rin tutadi.

“Bir oyda minglab tonna yeydigan, ichadigan, kiyadigan yuklar o`tadi. Bu yuklar Yevropadan keladimi, Rossiyadanmi, Qozog`istondanmi, hammasi O`zbekiston orqali Afg`onistonga o`tadi”.

Afg’onistondagi qurilish-tiklash ishlarida O’zbekiston yordami ahamiyatli.

“Yo`llar, temir yo`llar, maktab, klinikalar qurishda O`zbekiston tajribaga ega. Shuning uchun Afg`oniston O`zbekistondan bu borada yordam istab keladi”, - deydi muvaqqat elchi.

Sharhlovchilar nazarida Afg’oniston-O’zbekiston hamkorligi madaniy sohalarda ham kuchaytirilishi kerak. Afg’onistonda bir necha million o`zbek istiqomat qiladi, biroq O`zbekiston hukumati bu borada yordam ko`rsatayotgani yo`q, ularni qo`llab-quvvatlovchi siyosat yuritmayapti.

Muhammad Iso Mesbah turkiylar Afg`oniston boshqaruvida teng ravishda ishtirok etayotgani, 9 viloyatda, asosan, turkiy xalqlar yashashini, o`zbek tili rasmiy tillardan biri sifatida qabul qilinganini e`tirof etadi.

Afg’onistonda 2009 yilda prezident saylovlari kutilmoqda. Avvalgi saylovlarda afg`on o’zbeklari yetakchisi general Abdurashid Do’stum ham nomzod sifatida ishtirok etgan edi.

So`nggi paytda general Do`stum bilan bo`gliq turli mojaro, to’qnashuvlar, unga nisbatan prokuratura tomonidan ayblovlar ilgari surilgani haqida ko’p xabar tarqaldi.

“General Do’stumga nisbatan prokuratura tomonidan biror ayb qo’yilmagan. Afg`onistonda demokratiya bor, bir qancha partiyalar ishlaydi, jumladan Abdurashid Do`stum boshchiligidagi partiya ham faoliyat ko`rsatmoqda. U yerda dushmanlik ham bo`lib turadi,” - deydi bu borada Muhammad Iso Mesbah.

Yaqinda O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg’onistonni barqarorlashtirishda O`zbekiston qo`shayotgan hissa haqida ma`lumot berdi. Unda hamkorlikning turli jabhalari sanab o`tiladi, jumladan, sanoat-qurilish sohasi.

XS
SM
MD
LG