Breaking News

Afg'onistondagi vaziyat haqida rahbarlar va ekspertlar turlicha fikrda


Afg’onistondagi vaziyatni yaqindan kuzatib borayotgan xalqaro tashkilot Tolibon harakati keng qanot yozayotgani haqida ogohlantirmoqda.

"Mamlakatning 75 foiz qismida Tolibon mahkam joylashib olgan va aholi tinchligiga raxna solishda davom etmoqda",- deydi Xavfsizlik va Taraqqiyot Xalqaro Kengashi rahbari Pol Burton.

Yaqin kungacha ham toliblar faqat janub va sharqda faol ekani ma’lum edi.

"Bugunga kelib Afg’oniston g’arbi va shimoli ham ular tahdidi ostida", - deydi janob Burton.

Notinch o’lka xavfsizligi uchun mas’ul NATO va afg’on hukumati yuqoridagi xulosani inkor etmoqda.

"Tolibon qayta jonlangani sir emas, ammo xavf darajasi u qadar yuqori emas",- deydi NATO so’zlovchisi Jeyms Appaturay.

“Tolibon hamon janub va sharqda kuchli, Afg’onistonning qolgan qismlari ancha tinch”, - deydi u.

Afg’onistonda Tolibon hokimiyati ag’darilganiga yetti yildan oshdi. O’shanda afg’on siyosatchilari Germaniyaning Bonn shahrida yig’ilib, mamlakatni qayta qurishga va’da bergan edi. Bugun mamlakat hamon terror o’chog’i bo’lib qolmoqda. Barqarorlikdan darak yo’q. Buni Tolibon bilan bas kelishga urinayotgan xalqaro koalitsiya ham tan olmoqda.

BMT bosh kotibining Afg’onistondagi maxsus vakili Kay Idining ogohlantirishicha, havo hujumlarida begunoh odamlarning nobud bo’layotgani afg’onlarning xalqaro qo’shinga nisbatan nafratini kuchaytirmoqda.

2001 yilda AQSh bochchiligidagi koalitsiya Afg’onistonga kirib borganida, dushmanga havodan zarba berish eng qulay taktika ekani isbotlangan edi.

Biroq toliblar bugun aholi punktlarini o’ziga manzil qilgan. Ular yashiringan qishloqlarning yer bilan yakson qilinishi xalqaro kuchlarga ishonchni pasaytirmoqda. Bu esa dushmanga qo’l keladi, deydi Kay Idi, "New York Times" gazetasiga bergan intervyusida.

Shu yilning aprel oyida BMT bosh kotibining Afg’onistondagi maxsus vakili etib tayinlangan norvegiyalik diplomat shuningdek qayta qurish loyihalariga mas’ul.

Uning aytishicha Afg’onistonda yo’l, maktab va kasalxonalar qurish jarayoni juda sekin kechayogani, aholi turmush darajasi yaxshilanmayotgani norozilikka sabab bo’lyapti.

Bu o’z navbatida qashshoqlik va ishshizlik muammolariga ulanib ketadi. Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay nazarida ham harbiy, ham iqtisodiy jabhada ish sust olib borilayti. Uning gapida jon bor, deydi BMT vakili.

Qo’shma Shtatlar Afg’onistonga 20 ming sonli qo’shin jo’natish arafasida. Hozir mamlakatda 34 ming amerikalik askar xizmatda. Bu bilan, deydi harbiy tahlilchilar, AQShning amaldagi va bo’lajak ma’muriyati Iroqda orttirilgan tajribani qisman Afg’onistonda ham qo’llamoqchi.

“Ammo Afg’oniston bu Iroq emas”, - deydi sobiq ichki ishlar vaziri Ali Jaloliy. Uning fikricha mamlakatda tinchlik o’rnatish uchun 10 yilcha vaqt kerak.

Iroqdan farqli o’laroq, Afg’oniston aholisining yarmi qishloqlarda istiqomat qiladi. Bu olis hududlarda hukumatning qayta qurish siyosatiga nisbatan norozilik kuchli. Tolibonga xayrixoh odamlar ko’p.

Iroq bilan solishtirganda, 32 million aholiga ega Afg’onistonning o’z xavfsizlik kuchlari ham yetarli emas. Kelasi 4-5 yil ichida armiya safini 70 mingdan 134 mingga kengaytirish rejasi, hisoblarga ko’ra, 17 milliard dollarga tushadi.

Ammo tahlilchilar ta’biricha asosiy muammo - Afg’onistonda markaziy hukumat tushunchasining o’zi yo’q. So’nggi paytlarda Tolibon bilan muzokara bo’lishi haqida gap ko’p, ammo jangarilar zaif hukumat bilan gaplashirmikan?

2001-2004 yillarda BMT bosh kotibining Afg’onistondagi maxsus vakili bo’lib ishlagan Laxdar Brahimi 3 savolni o’rtaga tashlaydi:

- Tolibon o’zi kim va nima istaydi? Aholi bu harakatga qanchalik xayrixoh?
- Afg’oniston va Pokiston o’rtasida ishonchni tiklash nima talab qiladi?
- Mintaqadagi jarayonlarning bu ikki mamlakat munosabatlari va xususan Afg’onistondagi muhitga ta’siri qanday?

Laxdar Brahimi nazarida bu savollarga javob topmay turib, yangi strategiya haqida gapirish mushkul.

Uni ishlab chiqish Afg’oniston qo’shnilari, shu qatorda Hindiston, Eron va Saudiya Arabistoni, BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari va xalqaro donorlarning faol ishtirokini taqozo etadi.

XS
SM
MD
LG