Breaking News

Qurg'oqchilik Afg'oniston qishloq xo'jaligiga zarar yetkazmoqda


Ko'p yillik urush va zo'ravonliklardan madori qurigan afg'onlar so'nggi yetti yil davomida mamlakatni qaqshatayotgan qurg'oqchilikdan ham azob chekmoqda.

"Vashington Tayms" gazetasida yozilishicha, qurg'oqchilik hosildor yerlarning 80 foizini, 34 viloyatdan 19 tasini qaqshatgan, kamida bir yarim million bosh chorvani nobud qilgan. Zamonaviy irrigatsiya tizimining yo'qligi millionlab afg'on dehqonlari hayotini qiyinlashtirgan, suv resurslarining 70 foizi isrof bo'lmoqda.

BMTga qarashli Jahon oziq-ovqat dasturi shimoldagi Badaxshon viloyatiga 15 ming tonna yordam ko'rsatgan, ammo qish kelib yo'llar yopilmasidan oldin viloyat yana 105 tonna oziq-ovqatga muhtoj. Aks holda 1,3 million aholi ocharchilikka yuz tutishi, turli kasalliklarga duchor bo'lishi mumkin.

Mamlakatning sharqiy va janubiy viloyatlarida dehqonlar qoradori yetishtirib kun ko'radi, shimolda esa aholi asosan chorva va qishloq xo'jaligiga tayanadi.

Afg'oniston hukumati qiymati 9 milliard dollarga teng 12 ta yirik to'g'on qurmoqchi, ammo pulni chetdan olish kerak bo'ladi, deb yozadi "Vashington Tayms". Energetika va suvni muhofaza qilish vazirligi irrigatsiya va kanal tizimini ta'mirlash maqsadida so'nggi 4 yil ichida 200 ga yaqin mayda loyihalarni amalga oshirgan.

Afg'oniston bu kabi muammolarni boshdan kechirayotgan bir paytda qo'shni Eron va Pokistondan afg'on qochqinlari vataniga qaytmoqda. Bu ham mamlakat iqtisodiyoti, ham qochqinlar uchun og'ir sinov.

AQShda chiqadigan yana bir gazeta "Nyu-York Tayms"ga ko'ra, birgina Afg'oniston sharqidagi Nangahor viloyatiga 30 ming qochqin qaytgan.

Prezident qaroriga ko'ra ular muhofaza etilishi va ularga yordam berilishi kerak, ammo hukumat va xalqaro tashkilotlarda qochqinlarni qahraton qishdan saqlashga na salohiyat va na resurslar yetarli.

2001 yilda Tolibon hokimiyatdan ag'darilgach mamlakatga qo'shni Pokistondan jami 3,5 million afg'on qaytgan. Ammo iqtisodiy qoloqlik, doimiy boshpananing yo'qligi, beqarorlik va ishsizlik sabab o'tgan yili ularning 40 foizi mamlakatni yana tark etishga majbur bo'ldi.

Qochqinlarning ko'pi lagerda tug'ilgan, tarixiy vatani haqida bilmaydi.

Noyabr oyida poytaxt Kobulda o'tgan xalqaro anjumanda mamlakatning qochqinlar ishi bo'yicha vazirligi xalqaro donorlardan 528 million dollar yordam so'ragan.

Xalqaro kuzatuvchilarga ko'ra, vazirlikka pul berilgan taqdirda ham unda vaziyatni yaxshilash mexanizmi, resurslar yo'q. O'tgan bir yil ichida qochqinlar bilan ishlashda yo'l qo'yilgan xatolar tufayli vazirlikda uchta rahbar almashgan.

XS
SM
MD
LG