Breaking News

Rossiya va Ukraina Sovet tarixini turlicha izohlamoqda


Rossiyada 1930 yillardagi ocharchilikka doir hujjatlar chop etilgan. Rasmiylar nazarida qahatchilikka Stalinning xato siyosati sabab bo'lgan. Ukraina esa rasmiy Moskva qarshiligiga qaramay uni genotsid deb atamoqda.

30-yillardagi ocharchilikka doir hujjatlar uch tomdan iborat. Yaqinda 6 ming hujjatdan iborat birinchi jildidan "maxfiy" belgisi olib tashlandi. Sovet davrida o'sha voqealar haqida og'iz ochish jinoyat edi.

Kitob va video diskdan iborat to'plam rossiyalik tarixchilar tomonidan o'tgan oy Moskvada taqdim etildi.

Olimlar xulosasi shuki, faqat Ukrainadagi dehqon va yer egalari ochlik qurboni bo'lmagan. Ular millati ukrain bo'lgani uchun emas, balki ijtimoiy sinfi bois tazyiqqa uchragan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tavsifiga ko'ra, genotsid milliy, etnik, irqiy yoki diniy guruhga qarshi ataylab uyushtirilgan harakat. Ijtimoiy sinf haqida hech narsa deyilmagan.
Tarixchilarga ko'ra, Iosif Stalin Rossiya, Qozog'iston, Ukraina va Shimoliy Kavkazda bug'doyni musodara qilishga buyruq bergan. Diktator qarori ortida dehqonlarning kollektivlashtirish va kolxozlarga bo'lgan qarshiligini yengishdan tashqari bug'doyni eksportga chiqarib, puliga qurol-yarog' sotib olish va mamlakatni sanoatlashtirish rejasi bo'lgan, deydi olimlar.

Tarixchi Viktor Kondrashinning aytishicha, bu xato siyosat mahsuli bo'lgan edi.

"Ocharchilik ataylab qilinmagan. Hech kim, hatto Stalin ham buni rejalamagan," deydi u.

Rossiyalik olimning bu gaplari Ukraina Davlat xotira instituti direktorining o'rinbosari, tarixchi Vladislav Verstyukni qoniqtirmayapti. Uning aytishicha, Stalin 1933 yildagi nutqida ukrainalik dehqonlarga qarata "doningizni berasiz, bo'lmasa jazolanasiz" degan.

O'sha mash'um voqealar Ukrainada Golodomor deb tan olingan, ya'ni ochlikdan o'lish.

Stalin o'ziga to'q respublika irodasini sindirib, SSSRdagi boshqa mintaqalarga hokimiyat markazdan boshqariladi deb ishora qilgan, deydi Verstyuk.

"1920 yillardagi Sovet Ittifoqi biz bilgan unitar, respublikalarga bo'lingan SSSRdan farq qilgan. Bunday tizim Golodomordan keyin joriy etildi. Ukraina irodasini bukish bilan Stalin boshqa respublikalarni ham markazga bo'ysundira olgan," deydi ukrainalik tarixchi.

Ukraina qishloqlaridagi qahatchilik katta shaharlarga ham ko'chgan, biroq Rossiya shaharlarida bu hol kuzatilmagan, deydi Vestyuk. Ukraina mustaqilligi uchun kurashgan arboblar yo'q qilingan, maktablarda ukrain tili o'rniga rus tilida o'qitilgan.

"Ocharchilik oqibatida bo'shab qolgan yerlarga boshqa respubliklardan o'n minglab dehqonlar ko'chirilgan," deydi tarixchi.

Ba'zi manbalarga ko'ra, o'sha yillari Ukrainada kuniga 25 mingga yaqin odam qurbon bo'lgan. Jami Golodomor 10 milliongacha ukrainalikni nobud qilgani aytiladi.

Rossiya davlat arxivi boshlig'i Vladimir Kozlov ocharchilik ataylab uyushtirilganini rad etadi.

"Ukrainlarga qarshi siyosat borligiga ishora qiluvchi birorta hujjat yo'q," deydi u.

Buyruq og'zaki berilgan, deya e'tiroz bildiradi Vladislav Verstyuk. Uning aytishicha, Kreml siyosati oqibatlarini Moskvada bilishgan, ammo chora ko'rilmagan. Rossiyaning joriy hukumati ham bunga ko'z yummoqda, deydi ukrainalik olim.

Rossiya davlat iqtisodiy arxivi direktori Yelena Tyurina buni qisman tasdiqlagan holda, arxiv hujjatlariga ko'ra markazdagilar qishloqlardagi vaziyatni juda yaxshi bilgan deydi.

Rossiya qo'shni davlatni 1930 yillardagi voqealardan siyosiy maqsadda foydalanib, ikki xalq o'rtasiga nizo solishga harakat qilayotganlikda ayblamoqda. Shu kungacha AQSh, Kanada, Avstraliya, Italiya va Polsha kabi davlatlar Golodomorni genotsid deb tan olgan.

XS
SM
MD
LG