Breaking News

Ukrainada keyingi prezident kim bo'ladi?


Ukrainada kelasi yilgi prezident saylovlari oldidan yetakchi siyosiy kuchlar o’rtasida raqobat avj olmoqda.

2004 yilgi saylovda amaldagi prezidentga boy bergan muxolifat rahbari, Viktor Yanukovich, reytinglarda oldinda ketmoqda.

Bosh vazira Yuliya Timoshenko 15 foiz bilan ikkinchi o’rinda. Prezident Viktor Yushenkoning rahbarlikka qayta saylanishi esa amri mahol.

Aksariyat sharhlovchilar nazarida, siyosiy nizo va iqtisodiy inqiroz domidagi Ukrainada 2004 yilgi Qo’ng’ir inqilob sadolari so’nib bormoqda.

Bu bilan, qo’zg’olon natijasida hokimiyat tepasiga kelgan Viktor Yushenko hukumatining xalqqa bergan va’dalari ham.

Tahlilchi Oksana Antonenkoning aytishicha, Qo’ng’ir inqilob Ukraina siyosatida katta iz qoldirdi.

“Ukraina bugun hurfikr jamiyat. Siyosiy maydonida bir-biridan farqli, turli dasturlarni olga’ surayotgan guruhlar mavjud. Qaysi yo’lni, qanday mafkurani yoqlash Ukraina xalqining o’ziga havola”, - deydi Antonenko. “Boltiq bo’yidan tashqari sobiq Sovet davlatlarining hech birida bu kabi plyuralizm mavjud emas. Na Gruziyada, na Rossiyada va na Markaziy Osiyoda. Ukraina shu ma’noda oldinda”.

Biroq Robert Legvold singari boshqa ekspertlar fikricha, plyuralizm Ukrainada achchiq siyosiy ziddiyatlarni yuzaga keltirganini ham tan olish kerak. San-manga borib qolgan sobiq safdoshlar, prezident Yushenko va Bosh vazira Yuliya Timoshenko bugungi kungacha tortishib keladi.

“Bu Ukrainani siyosiy chorasiz ahvolga, mamlakat qonunchilik va ijroiya organlarini birga ishlay olmaydigan darajaga olib keldi. Achinarlisi”, deydi Legvold, “rahbarlar o’rtasidagi achchiq, serzarda siyosiy raqobat va korrupsiya xalqni ulardan begona qilgan. Shu bois hukumat biror ishni amalga oshirishi qiyin,” – deydi Legvold.

Ukrainadagi og’ir iqtisodiy ahvol ham prezident Yushenko obro’siga dog’ tushirgan.

“Ukrainadagi ahvol Rossiyaga qaraganda besh-badtar,” - deydi ekspert. “Rossiya iqtisodiyoti bu yili 6-7 foizga qisqarishi bashorat qilinmoqda. Ishsizlik, inflyatsiya, o’sish sur’ati, qay bir iqtisodiy jabhani olmang Ukrainada salbiy ko’rsatkichlar yanada yuqori,” deydi Legvold.

Kelasi yil yanvar oyida Ukrainada prezident saylovlari. Viktor Yushenkoning xalq orasidagi reytingi 3-4 foiz atrofida ekan, uning qayta saylanishi ehtimoldan yiroq. Lekin umidni boy bermayapti, deydi amerikalik olim Deyvid Marpls.

“Hozir Yushenko Yevropada shuhrati eng past siyosatchi. Prezidentlikka nomzodini qo’yar ekan, go’yoki Ukrainada o’tgan yillar ichida vujudga kelgan muammolar o’z-o’zidan yo’qolib qoladigendek. Yushenko ularni tilga olayotgani yo’q, aksincha katta yutuqlarga erishdik deb faxrlanadi”, - deydi Deyvid Marpls. Uning fikricha maqtanishga arziydigan hech vaqo yo’q. Muhimi, Ukraina saylovchilari ham shu fikrda.

Mutaxassislar izohicha Ukrainada ichki nizolar, prezident va parlament o’rtasidagi mojaro shu zayl saylovgacha davom etadi. Saylovdan keyin siyosatchilar o’zaro adovatni bas qilib, e’tiborni muammolarga qaratishiga ishonch bildirayotganlar kam.

XS
SM
MD
LG