Breaking News

Karzay va Zardariy Barak Obamaning strategiyasiga tayyor


AQSh terrorga qarshi kurash endi asosan Afg’oniston va Pokistonda kechadi deya bayon qilar ekan, har ikki mamlakat rahbarlari Barak Obama tanishtirgan yangi strategiyani quvvatlab chiqmoqda.

"Amerika Ovozi"ning Islomoboddagi muxbiri Berri Nyuxausning xabar berishicha, Pokiston hukumati AQSh prezidentini diqqat bilan tinglagan va Afg’oniston bilan chegaradosh hududlar Al-Qoida va Tolibon mahkam joylashib olgan maskan ekanini ochiq tan olmoqda.

Prezident Osif Zardariy parlamentda so’zlar ekan, Pokiston hech bir guruh yoki davlatga uning hududidan turib terror harakatlari olib borishiga yo’l qo’ymaydi, degan. “Biz o’z suverenitetimizni himoya qilishga qodir davlatmiz va shunday qilamiz ham”,- deydi Zardariy.

Amerika Pokistonga kelayotgan yili 1, 5 milliard dollar miqdorida yordam ajratadi. Oq Uy bu pulning katta qismi Afg’oniston bilan chegaradosh qabilaviy hududlarni rivojlantirish uchun sarflanishini talab qilmoqda. Barak Obama fikricha ekstremizm ortidagi asosiy sabablardan biri bu aholining qashshoqligi va qonunga nisbatan hurmatsizlik.

AQSh razvedkasi Al-Qoida qator xurujlar rejalagani haqida ogohlantirar ekan, Oy Uy Pokiston terrorizmga qarshi keskin choralar ko’rishga layoqatli ekanini isbotlaydi degan umidda.

Afg’onistonda prezident Hamid Karzay ham Obama strategiyasini to’liq quvvatlamoqda. “Mamlakatni qayta tiklash, tizimni mustahkamlash, tinchlikka erishish uchun mintaqaviy hamkorlikni oshirish, qo’shni davlatlar, jumladan Eron bilan bu borada birga ishlash kabi takliflarni olqishlaymiz,”- deydi Karzay.

Amerika nazarida afg’on xalqiga oldinga siljish uchun yo’lbermayotgan muammolardan biri bu korrupsiya. Tuzum yulg’ichlik va poraxo’rlik domiga botib ketgan, deydi prezident Obama.

Hamid Karzay bu azaliy balodan qutulish kerak deya tan olmoqda,lekin uning fikricha bugungi vazifa terrorizm changalidan chiqish.

Tolibon safida yurgan har bir afg’onni terrorist deya olmaymiz va bu harakat a’zolari orasida vatanini sevadigan fuqarolar ko’p ekanini bilamiz. Men xalqim ravnaqini o’ylayapman va hukumatimiz bugun qo’ldan kelgan barcha chorani ko’rmoqda”,- deydi Karzay.

Afg’oniston prezidenti Tolibon bilan muloqot qilish, uning safidagi minglab afg’onlarni qurol tashlashga ko’ndirish mumkinligi haqida gapirib keladi. Qo’shma Shtatlar bunga qarshi emas.

Tolibon sobiq yetakchislaridan biri Mulla Abdul Salom nazarida Afg’onistonda jangarilarning ko’pi qurolni tashlashga tayyor.

Faqat bir shart bilan – hukumat ularning xavfsizligini ta’minlashi kerak.

Biroq, deydi Salom, Karzay hukumati hali zaif va bu talabni bajara olmaydi. Toliblar taslim bo’lsa, boshqa jangarilar o’ljasiga aylanishdan qo’rqadi, deydi u.

XS
SM
MD
LG