Breaking News

Tahlilchilar "Manas" bo'yicha qaror ortida Rossiya turibdi deydi


Markaziy Osiyo va xavfsizlik masalalari bo'yicha mutaxassis, Strategik izlanishlar instituti xodimi va harbiy kollej professori Stiven Blank nazarida "Manas" aviabazasining qo'ldan chiqarilishiga asosiy sababchi Rossiyadir.

"Afg'onistondagi urush strategiyasi Bush ma'muriyati tomonidan qayta ko'rib chiqilayotganida Rossiyaning amerikaliklarni bazadan chiqarish harakatlari ko'zga yaqqol tashlana boshlandi. Rossiya AQSh Markaziy Osiyoda qo'shimcha bazalar qurmoqchi deya yolg'on xabarlar tarqatib, AQShni tahdid deb ko'rsatishga harakat qildi. So'ng yanvar oyida Qirg'iziston Internet tizimi rossiyalik xakerlar xurujiga uchrab, bir kunga ishdan chiqarildi. Va nihoyat Rossiya Qirg'izistonga katta pul va'da qilib, AQSh harbiylarini "Manas"dan haydashga da'vat etib, uddasidan chiqdi," deydi Stiven Blank.

Tahlilchiga ko'ra, baza taqdirini hal qilishda moliyaviy omil katta ro'l o'ynagan bo'lsada, siyosiy omillarni ham hisobdan chiqarmaslik lozim. Kelasi yili qayta saylanishga umid qilayotgan Qurmanbek Bakiyev Rossiya har narsaga qodir ekanini anglagan holda Kreml chizgan chiziqdan chiqmaslikka harakat qilmoqda, deydi Stiven Blank.

"Rossiyani qator masalalar tashvishga solmoqda, deydi u. Kreml Markaziy Osiyoni o'z manfaatlari zonasiga aylantirmoqchi va AQShning mintaqada bo'lishi bu rejaga to'sqinlik qilyapti. Bunga yaqqol misol tariqasida Rossiya rahbarlarining "Markaziy Osiyoda ishingiz bo'lsa, Moskvaga tashrif buyuring" qabilidagi ishoralarini keltirish mumkin. Bu Kremlning mintaqa davlatlari suverenitetini pisand qilmasligidan dalolat," deydi olim.

Rossiya Markaziy Osiyo davlatlarining AQSh bazasi va mintaqa bilan Afg'oniston bo'yicha hamkorlik natijasida iqtisodiy foyda ko'rishini istamaydi. Moliyaviy va iqtisodiy inqiroz mintaqa davlatlarini nazorat qilishda qo'l kelmoqda, deydi u.

"Rossiya Afg'onistonda ham o'z manfaatlariga ega bo'lmoqchi. Rossiya yetakchiligida MDH doirasida tashkil etilayotgan harbiy tuzilma Afg'onistonga bormaydi, ammo qurol-yarog' sotish evaziga Rossiya u yerdagi vaziyatni ham o'z nazorati ostiga olmoqchi. AQSh tanqidiga tobora ko'p uchrayotgan Hamid Karzay Rossiya bilan hamkorlikka moyilligini ko'rsatmoqda."

Amerikalik tahlilchiga ko'ra, Qirg'iziston Rossiya va'da qilgan ikki milliard dollardan oshiq pulni ko'rmaydi. Tojikistonga bir necha yil burun 4 milliard dollarlik sarmoya va'da qilingan, ammo haligacha quruq gap bo'lib qolmoqda, deydi u.

Bush ma'muriyatida davlat kotibi yordamchisi lavozimida Markaziy Osiyoga bir necha bor safar qilgan va ayni damda Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashida faoliyat yuritayotgan Evan Feygenbaum fikricha, AQSh-Qirg'iziston aloqalari so'nggi yillarda qiyin kechgan.

"2005 yili G'arb olqishi bilan hokimiyatga kelgan inqilobchilar bir yil o'tib AQSh yangi inqilob uyushtirishga harakat qilyapti deb, amerikalik ikki diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborgan. So'ng "Manas" bazasida AQSh harbiylari tasodifan Qirg'iziston fuqarosini otib qo'ygan. AQShga qarashli samolyotning Qirg'iziston prezidenti tayyorasiga tegib ketib unga shikast yetkazishi ham katta shov-shuvga sabab bo'lgan."

Ikki o'rtada ishonch yo'qolgan, deydi sobiq rasmiy. Qirg'iziston AQSh baza uchun kam ijara haqi to'layapti deb bitim shartlarini qayta ko'rib chiqishga uringan, "Manas"dan bir necha kilometr narida Rossiya harbiylariga qarashli "Kant" bazasi uchun esa Qirg'iziston shu paytgacha bir so'm ham olmagan.

"Noxush voqealar u bazada ham sodir bo'lgan, ammo bu haqda gapirilmayapti," deydi Evan Feygenbaum.

Qirg'iziston muxolifati AQSh harbiylarini "Manas"dan chiqarish qaroriga norozilik bildirib, Bakiyev hukumatiga qarshi faoliyatida AQShdan yordam olishga umid qilmoqda.

Qirg'izistondagi muxolif "Ota-Makon" partiyasi raisining o'rinbosari Ravshan Jiyenbekovning aytishicha, baza taqdirini xalq emas, bir kishi, prezident Bakiyev hal qildi.

"Bazadan ozmi-ko'pmi davlat xazinasiga pul tushib turibdi va bu Qirg'izistonning terrorga qarshi hissasi edi. AQSh shu paytgacha Qirg'iziston muxolifatiga e'tibor qaratmagan edi, ammo bazani tark etgach, munosabat o'zgaradi degan umiddamiz," deydi Jiyenbekov.

Yaqinda Davlat departamenti tarqatgan hisobotga ko'ra, Markaziy Osiyo davlatlari AQSh tashqi yordamini olayotgan davlatlar ro'yxatida quyi pog'onadan joy olgan. Afg'oniston AQSh uchun dolzarb muammo bo'lib turgan bir paytda Afrika davlatlarining Markaziy Osiyodan bir necha bor ko'proq yordam olishi kishini ajablantiradi, deydi Stiven Blank.

"Rossiya mintaqada o'z ta'sirini kuchaytirishga harakat qilayotgan bir paytda AQSh siyosati Bush davrida juda sust bo'lgan. Ham moliyaviy, ham siyosiy jihatdan. Mintaqaga Rossiya tashqi ishlar vaziri, prezidenti va bosh vaziri tez-tez borib turayotgan bir paytda Qo'shma Shtatlar davlat kotibi yordamchilari darajasidagi rasmiylarni yuborib, katta xato qilmoqda," deydi Blank.

XS
SM
MD
LG