Breaking News

Toshkentda rejalangan jurnalistik muloqot nega qoldirildi?


Yaqinda AQSh elchixonasida Ukraina va o’zbekistonlik jurnalistlar ishtirokida telefon muloqoti o`tkazildi.

Elchixona ko’magida Ukraina tomoni tahliliy jurnalistika mavzusida shu oy Toshkentda besh kunlik seminar rejalagan, ammo O`zbekiston tashqi ishlar vazirligi bunga ruxsat bermagan edi.

Vazirlik nazarida bu anjuman “behuda, nomuvofiq”. Jurnalistlar fikricha, kasbga doir seminar taqdiri Tashqi ishlar vazirligi tomonidan hal etilishi g’alati.

AQSh elchxonasi vazirlik qaroridan afsusda ekanini aytmoqda. Ukrainalik mutaxassislar va o`zbekistonlik jurnalistlar uchrashuvi bevosita bo`lmasa-da, bilvosita, elchixona tomonidan tashkil etilgan telefon muloqoti shaklida o`tdi.

Ukrainalik jurnalistlar fikricha, Toshkentdagi seminarda siyosiy jarayonlar tahlili, jamiyatdagi muammolar yechimida hukumat ishtiroki, matbuot o`rni va pozitsiyasi qanday bo’lishi haqida muhokama rejalanagan edi.

Qatnashuvchilar soni cheklangani bois 20 kishi avvalroq tanlab olingan edi. Ulardan birining aytishicha, jamiyatda tahliliy jurnalistikaga ehtiyoj kuchli.

“Seminar tahliliy jurnalistikaga bag`ishlangani to’g’ri, o`zbek jurnalistikasida tahliliy chiqishlar yetishmaydi. Ukrainada esa bu borada tajriba bor, buni ularning televideniye, internetdagi chiqishlaridan ham bilsak bo`ladi. Nazarimda uchrashuv bevosita tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo`lardi. Mavzu doirasi keng, bir kunlik uchrashuvda o`tish qiyin, bunday muloqot doimiy tashkil etilishi kerak”, - deb hisoblaydi jurnalist.

Mustaqil jurnalistlardan biri deydiki, kasb mahorati bilan bog`liq seminar taqdirini Tashqi ishlar vazirligi hal etishi achinarli holat.

“O`zbekistonda jurnalistlar shundoq ham xohlagan narsasini yoza olmaydi. Hech bo`lmaganda jurnalistika sohasidagi yangiliklardan xabardor bo`lishga ham yo`l qo`yilmaydi. Nazarimda ruxsat bermaslik bilan hukumat jurnalistlar huquqini toptamoqda. Ehtimol hukumatga nisbatan tanqidiy qarash kuchayishidan qo`rqishayotgandir”, - deydi mustaqil jurnalist.

AQSh O`zbekistonning strategik hamkorlar. Munosabatlar ziddiyatli bo’lsa-da, strategik sheriklik shartnomasi kuchda qolgan.

Hujjatda inson huquqlari, demokratik islohotlar, fuqarolik jamiyatini shakllantirishda hamkorlik qilish ko’zda tutilgan.

Sharhlovchilar nazarida so`nggi paytda AQSh va O’zbekiston xavfsizlik va iqtisodiy masalalarda faolroq hamkorlik qilmoqda.

AQShda hukumatga demokratlar kelgach, O`zbekiston bilan hamkorlikda ham demokratik masalalarda o`zgarishlar bo`ladi degan umid esa so’nib bormoqda.

XS
SM
MD
LG