Breaking News

So'z erkinligiga doir xalqaro anjumanga jurnalistlar kiritilmagan


Toshkentda so`z erkinligiga bag`ishlangan xalqaro konferensiya yopiq tarzda o`tmoqda, jurnalistlar taklif qilinmagan.

Sharhlovchilar fikricha, anjuman rasmiy Toshkentga nisbatan sanksiyalar muhokamada ekani uchun uyushtirilgan.

Xalqaro konferensiya o`tkazish masalasi Yevropa Ittifoqi va rasmiy Toshkent o`rtasida anchadan buyon muhokama qilib kelinayotgan edi.

Hukumat anjumanni may-iyun oylarida rejalagan, biroq keyinchalik tadbir ishtirokchilariga viza berilmadi. Yig'ilish noma`lum muddatga qoldirildi, Yevropa Ittifoqi esa sanksiyalarni yumshatdi.

Yaqinda Bryusselda kechgan “O`zbekiston-Yevropa Ittifoqi” uchrashuvida O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov xalqaro konferensiyani Toshkentda o`tkazishga rozilik berdi.

Ma`lumotlarga ko`ra, 2 oktyabr kuni boshlangan konferensiyada Human Rights Watch, Bo`hronlarni o`rganish xalqaro guruhi (International Crisis Group), Xalqaro amnistiya tashkiloti (Amnesty International) kabi guruhlardan vakillar qatnashmoqda.

Rasmiy Toshkent tomonidan kimlar qatnashayotgani, so`z erkinligi bo`yicha kechayotgan muzokaralar tafsiloti hozircha noaniq, tadbir jurnalistlar uchun yopiq o`tmoqda.

“Buni rasmiy Toshkent shunchaki o`z qiyofasini bo`yab ko`rsatish uchun o`tkazmoqda. Qanday qilib so`z erkinligi haqida konferensiya bo`ladi-yu, unga jurnalistlar qo`yilmaydi? Matbuotda yoritilmaydi! Konferensiya o`zbek matbuoti, mamlakatdagi vaziyatni yumshashi uchun hech narsa bermaydi”, - deydi xalqaro konferensiya haqida mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov.

“Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlar iliqlashganini namoyon etish uchun qilinayotgan ish. Ittifoq vazirlari oktyabr boshlarida sanksiyalarni mutlaqo olib tashlaydimi yoki qoldiradimi? Shuni hal etishlari kerak”, - deydi u.

O`zbekiston matbuotni keskin senzura qilayotgan, mustaqil jurnalistlarni qamoqqa tashlayotgan sanoqli davlatlardan biri sifatida qayd etiladi.

Ayni paytda Qoraqalpog’istonda mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov ustidan sud ishi davom etmoqda. Giyohvand moddalar savdosida ayblanayotgan Solijon Abdurahmonov jinoiy ishi soxtalashtirilgani, jinoiy ish jurnalist sifatidagi faoliyati bilan bog`liqligi ta`kidlanadi.

Mustaqil jurnalistlardan biri Dilmurod Sayyid bundan uch yillar avval chiqargan tanqidiy maqolasi uchun hamon ta`qib ostida ekanini bildiradi.

Yaqinda tahririyatlardan biri Dilmurod Sayyid ustidan shikoyat qilgach, jurnalist prokuraturaga chaqirilgan.

“Tushuntirish xati yozib berdim. Jamoatchilikka xavf tug’diruvchi maqolalar yozmayman. Agar yana yozsam, ma`muriy yoki jinoiy chora ko`rishinglar mumkin, degan ma’noda. Endi, qaysi maqolalar jamoatchilikka xavf tug`diradi, qaysi biri yo`q -- hali men buning aniq o`lchamini uchratmadim. Tahririyatlarda “Dilmurod Sayidning maqolasini bossak, faqat zarar keltiradi” degan xavotir bor. Borganimda, albatta, hamkorlik qilamiz siz bilan deyishadi, biroq keyin maqola bosilmaydi”, - deydi Dilmurod Sayid.

So`nggi yillarda mustaqil jurnalistlarga nisbatan kuchaygan tazyiqlar o`nlab jurnalistlarni mamlakatdan chiqib ketishga majbur etdi.

Sharhlovchilarning aytishicha, O`zbekiston -- matbuot ustidan mutlaq davlat nazorati o`rnatilgan mamlakat. O`zbekiston mustaqil axborot agentliklarini taqiqlash bo`yicha ham yetakchi o`rinda, mamlakatda mustaqil internet axborot vositalari sahifalariga kirib bo’lmaydi.

XS
SM
MD
LG