Breaking News

Obamaning Misr safari oldidan umid va xavotirlar


Sobit qadam Barak Obama

Barak Obama AQSh va islom dunyosi aloqalarini tiklash siyosatiga amal qilib kelmoqda. Keyingi hafta Misrda musulmonlarga murojaat qiladi.

Sal avval Turkiyada qilgan nutqida AQSh islom dunyosiga dushman emas, Amerika-islom dunyosi munosabatlarini tiklash zarur, degan edi.

Vashingtonda Mahmud Abbos bilan uchrashgan Obama Falastin davlatini yaratish tarafdori ekanini aytdi.

AQSh rahbari bu pozitsiyasini avvalroq Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan muloqotda ham ta`kidlagan edi.

O'zbekistonliklar fikricha, Barak Obama hozircha so’zining ustidan chiqadigan arbob sifatida tanilmoqda.

Misrni bekor tanlamadilar

Sharqshunos olim Abdusattor Jumanazar so’zlariga ko`ra, Barak Obama musulmonlarga murojaati uchun Misrni tanlashi bejiz emas.

“Ayniqsa, arab davlatlari, arab xalqlari o`rtasida Misr tutgan o`rin muhim. Arab davlatlari Ligasi markazi ham Misrda. Arablar iqtisodga, siyosatga tegishli masalalarni shu liga atrofida muhokama qilib, qaror qabul qilishadi. Misrda yo`nalish mo`tadil, diniy, siyosiy masalalar tartibga solingan. Menimcha Obamani iliq kutib olishadi va albatta munozaralar ham bo`ladi”, - deydi olim.

Uning aytishicha, hozircha Obama musulmonlar bilan munosabatni tiklash haqida umumiy gaplar aytmoqda, aniq harakat, takliflar kuzatilganicha yo`q.“Keyinroq ma`lum bo`ladi, bu aniq narsami yoki shunchaki kampaniya”.

Masala tuguni Yaqin Sharqda

Barak Obama nutqini Qohira universitetida qilishi kutilmoqda. Safari arafasida u Yaqin Sharq, Isroil-Falastin mojarosi bo`yicha pozitsiyasini bildirdi. Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan uchrashib Amerika Falastin davlatini qurish tarafida ekanini aytdi.

Bundan avval Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan muzokarada ikki davlat masalasini ko`tarib, yahudiylarning G'arbiy sohilga ko`chishi, uy-joylar qurishni to`xtatishni so`radi. Falastindan esa xavfsizlikni ta`minlash, ziddiyatlarni kuchaytirmaslik talab qilindi.

Sharhlovhilar nazarida, AQSh va musulmon dunyosi o`rtasidagi ziddiyatlar asosan Yaqin Sharq mojarosiga borib taqaladi.

Isroil va Falastin o`rtasida kechgan so`nggi qonli voqealar musulmon jamiyatida aksil-Amerika kayfiyatining keskin ortishiga turtki berdi.

Sharhlovchilar deydiki, Yaqin Sharq muammosi Amerika siyosatchilari tomonidan doimo ko`tarilgan. Ular Isroil-Falastin muammosini hal etmoqchi bo`lgan, vaziyat esa faqat keskinlashib bormoqda.

“Amerika buyuk, qudratli davlat, ko`p narsa Amerikaga bog’liq. Lekin Amerika boshqa davlatlarning fikriga ham quloq solib ish qilgan taqdirdagina dinlar o`rtasidagi munosabat izga tushishi mumkin. Agar aksincha bo`lsa, ziddiyatlar chuqurlashaveradi”, - deydi sharhlovchilardan biri.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov fikricha, ziddiyat faqat Isroil-Falastin mojarosi qay yo`sinda hal etilishida emas, AQSh islomga nisbatan munosabatini qayta ko`rib chiqishi kerak.

“Yangi prezident taklif qilgan siyosat ham asosiga ko`ra avvalgilaridan unchalik farq qilmaydi. Yaqin Sharq muammosiga albatta ko`p narsa bog`liq. Isroil davlati iudaizm emas, sionizm asosida qurilgan davlat. Isroil olib borayotgan siyosat ham iudaizmga zid siyosat. Falastinda ham shunday - Xamas islom nomidan gapirishga haqqi yo`q. Isroil ham din nomidan gapira olmaydi”, - deydi Oripov.

So'nggi yillarda, xususan, Jorj Bush prezidentligi davrida AQSh va musulmon dunyosi o`rtasida ziddiyat yanada chuqurlashdi. Iroq va Afg`onistonda borayotgan harbiy harakatlar norozilikni keskin kuchaytirdi, ko`plab musulmon davlatlarida AQShga qarshi chiqishlar bo`lib o`tdi.

Barak Obamaning prezident bo’lishi, uning islom dunyosi bilan munosabatlarni tiklash tashabbusi umid paydo qilgani ta`kidlanadi.

O'zbekistonda din ahli orasida AQShga munosabat qanday?

Namozxonlardan biri ta’rificha, mintaqa musulmonlarida AQShga nisbatan munosabat keskin deyish qiyin.

“Ozbekistonda machitga qatnaydigan odamlarda AQSh yoki Yevropaga nisbatan kayfiyat unaqa keskin emas. Mo`tadillik bor. Tanqid ko`proq Isroilga bog`lanadi. Lekin Iroq masalasida, ayniqsa, Amerika yo`q narsa qidirib urush qo'zg'aganidan keyin Amerika siyosatiga nisbatan nafrat paydo bo`ldi. Masalaning yana bir tomoni - O`zbekiston musulmonlarining asosiy qismi bu sunniylar, Amerika esa Iroqda shialarning kuchayishiga muhit yaratib berdi”, - deydi u.

Boshqa bir namozxon nazarida musulmonlarga uyushtirilayotgan hujumlar boshida Amerika turibdi.

“Moliyaviy yordam beramiz, tekin dori-darmon deb kirib keladi. Lekin ochig`ini aytish kerak, asosiy da’vosi xristianlikni ko`tarish, musulmonlar o`rtasida tahlika qilish. Afrikada Somalini ikkiga bo`lib qo`ydi. Yoki Iroqni xonavayron qilib tashladi, Amerika hamma joyni xonavayron qilayapti”, - deydi u.

Obamaning gaplari ma'qul, endi muddaoga, ishga o'tsin

Islomshunos olim Abdulaziz Mansurning aytishicha, Obamaning tashabbuslari ma`qul. Biroq bu faqat odamlar ko`ngilini olishga emas, aniq masalalarni yechishga qaratilishi kerak.

“Iroqdan qo`shinlarni olib chiqish, Afg`oniston masalasini faqat harbiy yo`l bilan emas, muzokaralar bilan hal qilish... AQShdan umid qilayotgan davlatlarga munosabat o`zgargani amalda ko`rinishi kerak”, - deydi Abdulaziz Mansur.

Sharhlovchi Akbar Aliyev nazarida qars ikki qo`ldan chiqadi. Amerika 11 sentyabrda musulmon fanatizmidan qattiq ziyon ko`rdi, bu xurujlar qaytarilishi mumkin.

“Shuning uchun taraqqiyot yo`li bilan, madaniy vositalar orqali muloqot qilish kerak. Qurol bilan hal etib bo`lmaydi bu masalani. Obama qilayotgan ishlariga xayrixohman”, - deydi u.

Huquq himoyachilari esa dinlararo munosabatlardan siyosiy maqsadlar olib tashlanmas ekan, qarshilik davom etaveradi deydi. Ma`lumotlarga ko`ra, Barak Obamaning Qohirada kutilayotgan nutqida musulmonlar bilan munosabatlarni tiklash uchun nimalar qilish lozimligi haqida aniq takliflar yangraydi.

XS
SM
MD
LG