Breaking News

Barak Obama islomiy tashkilotga yangi elchi tayinladi


Prezident Barak Obama Islomiy Konferensiya Tashkilotiga yangi elchi tayinlagan.

Amerika musulmon jamoasiga yaxshi tanilgan Rashad Husaynga tashkilotga a’zo 50 dan ortiq davlat bilan hamkorlikni oshirish, yangicha aloqalarni yo’lga qo’yish vazifasi topshiriladi.

AQSh rahbari bu haqda Qatar poytaxti Doxada o’tayotgan xalqaro forumga video murojaatida e’lon qildi. Uning aytishicha, Rashad Husayn AQSh musulmon jamoasiga yaxshi tanish, islomshunos olim. Yel va Garvard kabi nufuzli oliygohlarda tahsil olgan.

AQSh Islomiy Konferensiya Tashkilotiga elchi tayinlab, munosabatlarni yangidan, o’zaro hurmat, ishonch va manfaatlar asosida qurishni maqsad qilgan. O’tgan yili Qohirada qilgan nutqida Obama “o’rtadagi shubha-gumon va nifoqlarni yengib, muloqotni kuchaytirish” haqida so’zlagan edi.

AQSh Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton bugun Qatar va Saudiya Arabistoni bo’ylab safarda. Mintaqadagi ittifoqchilar bilan Eron yadro dasturi hamda Yaqin Sharq tinchlik jarayonini jonlantirishda mavzusida gaplashadi.

Doxada Amir Shayx Hamad bin Xalifa al-Tani va boshqa rasmiylar bilan uchrashuvlar belgilangan. Klinton xonim shuningdek Doxa anjumanida nutq so’zlaydi.

Barak Obama kelasi oy eng yirik musulmon davlati – Indoneziyaga safar rejalamoqda.

XS
SM
MD
LG