Breaking News

AQSh uyg'ur masalasida Xitoyni xotirjamlikka chaqirmoqda


Xitoyda uyg'urlarga qarshi zo'ravonliklar xalqaro jamoatchilik va xorijdagi uyg'ur faollari tanqidiga uchramoqda. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun rasmiy Pekinni tinchlikni saqlashga chaqirmoqda.

Bosh kotib vakili Mishel Montasning aytishicha, tinch aholi hayotini xavf ostiga qo'ymaslik juda muhim.

Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Human Rights Watch tashkilotining Xitoy bo'yicha mutaxassisi Sofi Richardson so'nggi voqealar jahonni larzaga soldi deydi.

"Bu siyosiy zo'ravonlikning Xitoyda so'nggi 30 yil ichidagi eng yirik ko'rinishidir," deydi u.

Xitoy matbuotni qattiq senzura qilgani bois Shinjon-Uyg'ur muxtoriyati poytaxti Urumchida tartibsizliklar nima sabab yuzaga kelgani aniq emas. Mahalliy aholi telefon va Internet xizmatlari ishdan chiqqanini aytadi.

Vashingtondagi Jahon uyg'urlari kongressi vakili Olim Seytoffning aytishicha, o'tgan oy Guandon viloyatida bir fabrikada xitoylar ikki uyg'urni kaltaklab o'ldirgan edi. Urumchida shu holga nisbatan uyg'urlar norozilik namoyishi o'tkazgan, biroq politsiya ularga qarata kuch ishlatgan.

"Xitoy hukumati tomonidan uyg'urlarning shafqatsiz bostirilishi va ularga nisbatan haddan tashqari kuch ishlatilishi aqlga bovar qilmaydi," deydi Seytoff.

Xitoyning "Shinxua" davlat axborot agentligi aybni uyg'urlarga to'nkab, Jahon uyg'urlari kongressini namoyishlarni uyushtirganlikda ayblamoqda. Kongress ayblovlarni rad etgan.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ian Kellining aytishicha, Qo'shma Shtatlar Shinjondagi to'qnashuvlarda qurbonlar borligidan xavotirda.

Huquqshunos Sofi Richardson nazarida uyg'urlar Xitoy hukumati siyosatiga qarshi namoyish qilgan.

"Ular kundalik ravishda madaniy, til, ta'lim, iqtisodiy va diniy siquvga uchraydi," deydi Human Rights Watch vakili.

Rasmiy Pekin siyosatidan Tibet aholisi ham norozi. O'tgan yili u yerda yirik namoyishlar bo'lib, hukumat keskin chora ko'rgan edi.

Uyg'ur faoli Olim Seytoff namoyishga chiqqan uyg'urlar oila-a'zolaridan xavotirda.

"Ularni ham tibetliklar misolida bo'lgani kabi ta'qib etishadi," deydi u.

Politsiya Shinjonda yuzlab kishini hibsga olgan. Hudud nazorati uchun 20 mingga yaqin xavfsizlik kuchlari safarbar etilgan.

XS
SM
MD
LG