Breaking News

AQSh matbuoti: Urumchidan qolgan ruhiy jarohat hali beri bitmaydi


Xitoy hukumati Shinjondagi g’alayon ortida turganlar jazolanadi demoqda. Mutaxassislar nazarida esa Urumchidagi qonli voqealar yetkazgan ruhiy jarohat hali beri bitmaydi.

Amerika matbuotining yoritishicha, qariyb ming kishi hibsda, jumladan yuzlab talabalar. To’qnashuvlarda o’lgan 156 kishining kim ekani oshkor etilmayapti.

Xitoy adliya tizimiga ishonch past va odamlar namoyishga chiqqani uchun yoppasiga qatl etilishi hech gap emas, deyiladi “The Washington Times” gazetasida bosilgan maqolada.

“The Washington Post” gazetasi uyg’urlar yetakchisi Robiya Qodir, boshida hamisha do’ppi, o’zi bir tutam, ammo shijoati tillarda doston bu ayolni millat onasi deya ta’riflamoqda. 11 farzandning onasi, bir vaqtlar Xitoyning eng badavlat insonlari ro’yxatiga kirgan Robiya Qodir hozir 63 yoshda. “Xitoy hukumati meni ayblash o’rniga, uyg’ur xalqi dardiga quloq tutsin”, deydi u.

“Uyg’urlar xitoylashtirish siyosatidan nolib keladi”, deya hikoya qiladi “The New York Times”. Hukumat Shinjonda iqtisodiy o’sishni ta’minlash uchun hududga ommaviy ravishda xitoylarni ko’chira boshlagan. Sanoat taraqqiy etsa-da, ijtimoiy tengsizlik kuchaygan. Hozirgi qo’zg’olon mana shu uzoq yillik bosim mahsulidir, deydi tahlilchilar. Mintaqada yashovchi boshqa millatlar, jumladan qozoqlar ham madaniyatini boy bermoqda, deyiladi “The New York Times”dagi maqolada.

Xitoy hukumati nazarida hozir asosiy maqsad – Shinjonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash. Ammo qo’zg’olon etnik adovat naqadar kuchli ekanini, arzimagan voqea bir zumda alanga olishi mumkin ekanini isbotladi. Ba’zilar xitoylarni qonxo’r deb tanqid qilsa, boshqalar uyg’urlar ham ulardan qolishmaydi deb javob beradi.

AQSh Davlat departamenti Shinjondagi vaziyatdan xavotirda va tomonlarni bosiqlikka chaqirgan. Biroq ba’zi qonunchilar va uyg’ur faollari Obama ma’muriyatidan qat’iyroq bayonot kutmoqda. Hozircha Qo’shma Shtatlar arzigulik gap aytgani yo’q, deydi faollar.

“The Washington Post” gazetasining bugungi sonida “Uyg’urlarga yordam berishning ma’qul yo’li” nomli maqola chop etilgan. Muallif, Tashqi siyosat instituti olimasi Ellen Bork nazarida gap kommunist Xitoy siyosati yoki Shinjondagi diniy vaziyatda emas.

Tibet haqida bong urib kelgan Qo’shma Shtatlar uyg’ur masalasida ham bir to’xtamga kelishi, demokratiya va erkinlik faqat tanish-bilishga ulashadigan ne’mat emasligini isbotlashi kerak, deb yozadi gazeta.

XS
SM
MD
LG