Breaking News

Shinjonda yana 6 kishi o'lim jazosiga mahkum etilgan


Xitoyda yana 6 kishi iyul oyida Shinjondagi tartibsizliklarga aloqadorlikda aybdor deb topilib, o'lim jazosiga mahkum etilgan. Yana uch nafariga umrbod qamoq jazosi belgilangan. Uyg'ur faollari sud hukmiga norozilik bildirmoqda.

Yozda Shinjon poytaxti Urumchida uyg'urlar va xitoylar o'rtasida to'qnashuvlar yuz berib, rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, 200 ga yaqin kishi o'lgan edi. Sud qilinganlarning aksariyati uyg'urlar. Ular xitoylarni do'pposlab o'ldirganlikda aybdor deb topilgan. Xuddi shunday ayblov bilan bir xitoy ham jazoga tortiladi. U uyg'urlarni o'ldirganlikda ayblangan.

Shinjon hukumati rasmiysiga ko'ra, sud o'z ishini hali tugatgani yo'q.

"Yana bir necha ayblanuvchi o'z hukmini kutmoqda," deydi rasmiy ularning umumiy soni haqida ma'lumot berishdan bosh tortib.

Iyul oyidagi namoyishda undan sal avval Guandon viloyatida ikki uyg'ur ishchisining xitoylar tomonidan o'ldirilganiga norozilik bildirilgan edi. Biroq namoyishlar tartibsizliklarga aylanib ketib, har ikki tomondan qurbonlar bo'lgan.

Dushanba kuni ham olti nafar uyg'ur ayni ayblovlar bilan o'lim jazosiga mahkum etilgan.

Jahon uyg'urlari kongressi rahbari Robiya Qodir sud jarayoni va hukmini adolatsiz deb atab, mintaqada etnik ziddiyatlar yanada kuchayishi ehtimoli haqida ogohlantirgan.

Uning aytishicha, advokatlar ayblanuvchilarga davlat tomonidan belgilanib, mijozlarini oqlash uchun yetarlicha harakat qilmagan. Xitoy rasmiylari esa aksincha sud davlat aralashuvisiz, odil o'tgan deydi.

XS
SM
MD
LG