Breaking News

Qo'shma Shtatlarda ishsizlar soni 10 foizdan oshgan


Hozirda amerikaliklarning 10 foizidan ziyodi ishsiz. O’tgan bir oy ichida mamlakat bo’ylab 190 ming odam mehnat joyidan ayrilgan.

Iqtisodiyot astalik bilan oyoqqa turayotgani kuzatilarkan, hukumat nima uchun ish o’rinlari kamayib borayotganini tushuntirishga urinmoqda. Ishsiz amerikalik besh oygacha hukumatdan yordam puli olishi mumkin.

Qo’shma Shtatlar iqtisodiyoti jonlanmoqda, ammo krizisdan chiqqani yo’q. 16 millionga yaqin amerikalik ish qidirib yuribdi.

Bu masala bilan shug’ullanadigan davlat idorasi vakili Kit Xoll “1983 yildan beri bu qadar katta foizga guvoh bo’lmaganmiz”, deydi.

“Inqiroz boshlanganidan beri, ya’ni qariyb ikki yildan beri yetti yarim millionga yaqin ish o’rnini boy berdik. Krizis uzoqqa cho’zilar ekan, bu tabiiy bir hol. Moliyaviy tizim tiklanib, iqtisod o’ssa ham, yangi ish joylari ochish uchun vaqt va qanoat kerak”, - deydi Kit Xoll.



Oxirgi olti oyda ishsizlar soni qariyb olti millionga ko’paydi. Amerika yaqin tarixda bu singari tushkunlikka tushmagan.

Vaziyatni o’nglash uchun ishsizlarga beriladigan ijtimoiy yordam muddati uzaytirildi. Hukumat buning uchun 24 milliard dollar ajratgan.

“Ahvol tang ekan, bu kabi qarorlar aholi joniga oro kiradi degan umiddamiz. Oldinda bizni yanada qiyin kunlar kutayotganini yashirmoqchi emasman. Iqtisodimiz hamon og’ir”, - deydi Obama.

Kongressda esa respublikachilar demokratlarga tanqid toshlari otish bilan band. Ayb avvalo Oq Uyda, deydi kongressmen Kevin Breydi.

“Ishsizlik darajasi 10.2 foizda ekan, rahbariyatga biror ishonch qolmadi. Nimaiki qilayotgan bo’lsa ham samara bermayapti. Sharmandalik”,- deydi kongressmen.

Demokrat senator Eymi Klobukar esa yechim topish hammaning bo’ynida deydi.

“Krizisda respublikachi yoki demokratlarni yoki prezidentni ayblamay, barchamiz yechim qidirishimiz kerak”,- deydi senator.

Amerikada bayramlar mavsumi boshlanar ekan, hukumat savdo-sotiq jadallashib, iqtisod yanada jonlanadi degan umidda.

Amerikaliklar bozor qilishni yaxshi ko’radi. Mahsulotning turi qancha ko’p bo’lsa, bozor qanchalik xilma-xil bo’lsa shuncha yaxshi deyishadi. Inqiroz odamlarni do’konlardan uzoqlashtirgan. Iste’molchini qaytarish eng muhim vazifa bo’lib turibdi.

XS
SM
MD
LG