Breaking News

Eron yangi sanksiya ehtimoliga qarshi diplomatiyani kuchaytirmoqda


BMTning Atom energiyasi bo'yicha xalqaro boshqarmasiga yaqinda rahbar etib tayinlangan Yukiya Amanoning aytishicha, Eron o'z atom dasturi bobida boshqarma bilan hamkorlikdan bosh tortayotgani bois dasturining tinch maqsadlarga qaratilganini tasdiqlab bo'lmayapti. Agentlik so'nggi hisobotida Eron atom quroli ustida ishlayotgan bo'lishi mumkin, deya xulosa qilgan. Eron oliy diniy rahnamosi Oyatullo Ali Xomeneiy buni inkor etgan holda atom boshqarmasini tanqid ostiga olgan.

Ali Xomeneiy yirik davlatlar Eron irodasini buka olmaydi deb, agentlikni mustaqil ravishda ish olib bormayotganlikda ayblagan.

BMTning atom boshqarmasi o'tgan yil noyabrida Eronga kam boyitilgan uranining 70 foizini Fransiya va Rossiyaga yuborishni, evaziga 20 foiz boyitilgan uran taklif etgan edi. Biroq Tehrondan aniq javob bo'lmagan. Oyatullo xususan AQSh, Britaniya va Isroilni islomiy tuzum asosiga darz solishga harakat qilayotganlikda ayblagan.

"Davlatimiz qudrati va xalqimiz ahilligi tufayli ba'zi mamlakatlar bizni iznimizdan chiqara olmaydi. Yadro yonilg'isi bizga ilmiy maqsadlar uchun kerak. Bizga qarshi qaratilgan harakatlarga qaramay Eron diplomatlari o'z ishini a'lo ado etmoqda. Mantiq, aql va ishonchga tayangan diplomatik faoliyatimizni kuchaytirib, qurol, propaganda va pul ustidan g'alaba qozonamiz", - deydi Oyatullo Xomeneiy.

Tel-Avivdagi tahlil markaz mutaxassisi Meir Javedanfarning aytishicha, Eron hukumati yangi sanksiyalar qo'yilishini bilib, G'arb va agentlik obro'siga putur yetkazishga harakat qilmoqda.

"Oyatullo atom boshqarmasining hisoboti BMT Xavfsizlik Kengashi sanksiyasini tezlatishga yordam berishini yaxshi anglab yetmoqda", - deydi tahlilchi. "Eron tanqidlar yog'dirib, kengash a'zolarining sanksiyalar bo'yicha fikrini bo'lmoqchi".

XS
SM
MD
LG