Breaking News

Bobomurod Abdullayev ishi: ayblov bekor qilinadimi?


Hibsdagi jurnalist Bobomurod Abdullayev

Jurnalistlar Bobomurod Abdullayev va Hayotxon Nasriddinov bilan bog’liq davlatga qarshi fitna ishi tasdiqlanishi yoki rad etilishi kutilmoqda, ish prokuraturaga o'tkazilgan. Bobomurod Abdullayevning himoyasi bilan qayta shug’ullanishni boshlagan taniqli advokat Sergey Mayorov esa jurnalistga nisbatan o’tkazilgan qiynoqlar yuzasidan tekshirish o’tkazishni so’rab Milliy xavfsizlik xizmatiga ariza kiritgan.

Huquq himoyachilarining aytishicha, prokuratura jurnalistlar Bobomurod Abdullayev va Hayotxon Nasriddinov bilan bog’liq davlatga qarshi fitna uyushtirish, hukumatni ag’darishga urinish ishi yuzasidan besh kunlik muddatda o’z xulosasini berishi kerak. Taxminlarga ko’ra, jinoiy ish tasdiqlanmasligi yoki sudga oshirilishi, shuningdek, qayta tergovga jo‘natilishi ehtimoli ham mavjud.

Bu ish yuzasidan ma’lumot tarqatgan O’zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov Abdullayevning himoyasi bilan taniqli advokat Sergey Mayorov qayta shug’ullana boshlaganini tasdiqladi. Avvalroq tazyiqlar ostidagi Bobomurod Abdullayev advokat xizmatidan voz kechishga majbur qilingani haqida xabar berilgan edi. Ayni paytda jurnalist himoyasiga kirishgan advokat Milliy xavfsizlik xizmati, Bosh prokuraturaga tergov davomida Bobomurod Abdullayevga nisbatan o’tkazilgan qiynoqlar yuzasidan tekshiruv o’tkazishni so’rab, ariza kiritgan.

O’zbekiston prokuraturasida Bobomurod Abdullayev va boshqalar bilan bog’liq ish sifatida qayd qilingan, Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan esa davlatga qarshi fitna uyushtirish, hukumatni ag’darishga urinish, deb turlangan bu jinoyat ishi tez kunlarda o’z nihoyasiga yetishi ham ehtimol qilinmoqda.

Surat Ikromovga ko’ra jurnalistlarni hukumatni ag’darishda ayblash Karimov davrida ayblov sifatida o’tishi mumkin edi, ammo huquq-tartibot tizimlarida, jumladan, siyosiy vaziyatda ham kuzatilayotgan hozirgi o’zgarishlar soyasida bu ayblovning soxtaligi yaqqol ko’zga tashlanmoqda.

“Bobomurod Abdullayevga qo’yilgan ayblovlar bo’yicha birorta isbot topilishi qiyin. Chunki u jurnalist, jurnalist sifatida faoliyat ko’rsatgan, uni hukumatga qarshi to’ntarish qilishda ayblash aqlga sig’maydigan ayblov. Shuning uchun ham Abdullayev va Nasriddinov bog’liq bu ishning, ayniqsa, 159-modda bo’yicha tasdiqlanishi juda qiyin bo’ladi va umuman tasdiqlash mumkin bo’lmagan ayblov. Chunki ular jurnalistlar, uning faqat qalami bor, bu qalam bilan to’ntarish qilolmaydi, bu narsa avval sobiq prezident Karimov davrida o’tardi, hozir buning o’tishi juda qiyin bo’lsa kerak”, - deydi Surat Ikromov.

Ayni paytda bu jinoyat ishi yuzasidan prokuratura xulosasi kutilmoqda, O’zbekiston Bosh prokuraturasi Bobomurod Abdullayev va boshqalar bilan bog’liq bu ish Toshkent shahar prokuraturasiga jo’natilganini bildirgan. Shahar prokuraturasi bu ishni tumanga jo‘natishi yoki o’zi ko’rib chiqib, yaqin besh kunlik muhlatda o’z qarorini bildirishi kerak.

“Hozir Mayorov bilan gaplashdim, Bosh prokuratura bu ish ayblov xulosasini tasdiqlash uchun shahar prokuraturasiga yuborilganini aniq aytgan. Qonun bo’yicha ishni besh kun ichida ko’rib chiqishi kerak, ya’ni Bosh prokuratura Abdullayev va boshqalar bilan bog’liq ish yuzasidan besh kun ichida javob berishi kerak yoki bu ish boshqa prokuraturaga jo‘natilganini aytishi mumkin. Agar ish hozir shahar prokuraturasida bo’lsa, ularni buning o’zida ko’rib chiqadi yoki nazarimda Yunusobod tumaniga jo’natadi. Ular ham shu muddatda javob berishi kerak yoki ish sudga oshirilganini bildirishi kerak, hozircha vaziyat shunaqa”, - deydi Surat Ikromov.

Bir necha kun oldin 10 dan ortiq xalqaro huquq tashkilotlari O’zbekiston hukumatiga hibsdagi jurnalistlar Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasriddinov va Akrom Malikov ozod etilishi talab qilingan murojaat bilan chiqishgan edi.

Bu murojaatda ismlari keltirilgan ikki jurnalist Bobomurod Abdullayev va Hayotxon Nasriddinov ayni paytda prokuratura tomonidan ko’rib chiqilishi kutilayotgan davlatga qarshi fitna, hukumatni ag’darishga urinish ayblovni bo’yicha hibsga olingan.

Abdulloh Nusrat taxallusi orqali yozgan maqolalari bilan tanilgan yosh olim Akrom Malikov esa o’tgan yilning iyun oyida hibsga olingan, yanvar oyida konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish va diniy ekstremizmda ayblanib 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Keyinchalik Akrom Malikovning ham davlatga qarshi fitna ishi yuzasidan ko’rsatma berish uchun qamoqda hibsdagi Bobomurod Abdullayev bilan yuzlashtirilgani haqidagi xabarlar chiqdi.

Akrom Malikov ishini o’rgangan huquq himoyachisi Malohat Eshonqulovaga ko’ra, yosh olim yozgan maqolalari va muxolafatdagi O’zbekiston xalq harakati raisi Muhammad Solih bilan aloqada bo’lgani uchun qamoqqa hukm qilingan.

Jurnalistlar Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasriddinov va Akrom Malikovlar taqdiri xalqaro huquq tashkilotlari tomonidan yangi hokimiyat davrida hibsga olingan dastlabki jurnalistlar ishi sifatida ham muntazam kuzatib kelinmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG