Breaking News

Mirziyoyevga murojaat: Jurnalist jurnalistligi uchun jazolanmasin


Hibsdagi jurnalistlarni ozod etish chaqirig'i Prezident Shavkat Mirziyoyevning adolatli jamiyat haqidagi va'dalari uchun amaliy imkoniyat deb qaralmoqda. Xalqaro tashkilotlar tomonidan jurnalistlar Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasriddinov, Akrom Malikovlar ozod etilishi talab qilingan murojaatda qiynoqlar yuzasidan tekshiruv o'tkazishga chaqiriladi. Abdullayev va Nasriddinov davlatga qarshi fitnada ayblanib hibsda ushlab turilibdi. Abdulloh Nusrat taxallusi bilan tanilgan yosh olim Akrom Malikov konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda aybdor topilgan, qamoq jazosini o'tayapti. Uning ishi shu oyda shikoyat tarzida qayta ko'rilishi kutilmoqda.

O'zbekiston: Jurnalistlar ishi adolatli hal etiladimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:42 0:00

Bobomurod Abdullayev o'tgan yilning sentabr oyida, Hayotxon Nasriddinov oktabr oyida hibs qilingan. Akrom Malikov iyun oyida hibsga olinib, shu yilning yanvarida olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingani yaqinda huquq himoyachisi Malohat Eshonqulova tomonidan ma'lum qilindi.

Unga ko'ra, Malikovnining oilasiga jiddiy bosim o'tkazilgan, shu bois ular bu masalada hech kimga murojaat qilmaslikni ma'qul ko'rib kelishgan.

"Uning uyidagilari jiddiy qo'rqitilgan, hech kimga churq etmanglar deyilgan. 159, 244-moddalar bilan aybdor topilgan, ya'ni islomiy harakatlarga aloqadorlikda. Lekin hukm Muhammad Solih bilan aloqada ekanligi bilan boshlanadi va shu bilan tugaydi. Onasining menga aytishicha, yangi advokat olishgan, ish hozir qayta ko'rib chiqilishi kutilmoqda, fevral oyida ko'rib chiqilishi kerak", - deydi Eshonqulova.

Xalqaro huquq tashkilotlari tomonidan imzolangan murojaatda jurnalistlar so'z erkinligi huquqidan foydalangani uchun jazoga tortilganiga diqqat qaratiladi.

Shuningdek, unda hibsdagi jurnalistlarga qiynoq qo'llangani yuzasidan tekshiruv o'tkazish, Shavkat Mirziyoyevning qiynoq qo'llashni taqiqlovchi, qiynoq vositasida olingan ko'rsatmalardan dalil sifatida foydalanmaslik haqidagi qarori mavjudligi ta'kidlanadi.

"Human Rigts Watch"ning O'zbekiston bo'yicha direktori Stiv Sverdlov Bobomurod Abdullayevga qiynoqlar ko'rsatilgani oshkor bo`lishi ortidan hukumatni zudlik bilan tekshiruvlar o'tkazishga, qiynoq ko'rsatganlarni javobgarlikka tortishga chaqirgan edi.

Bobomurod Abdullayevning onasi avvalroq, qamoqxonadagi uchrashuvi ortidan, o'g'liga nisbatan shafqatsiz qiynoqlar qo'llangani haqida prezidentga ochiq murojaat bilan chiqqan edi.

Hayotxon Nasriddinov, Bobomurod Abdullayev, Akrom Malikov
Hayotxon Nasriddinov, Bobomurod Abdullayev, Akrom Malikov

Davlatga qarshi fitnada ayblanib hibsga olingan yana bir jurnalist Hayotxon Nasriddinov taqdiri haqida jamoatchilikka deyarli hech narsa ma'lum emas. Bu ishni kuzatayotgan huquq himoyachisi Surat Ikromovga ko'ra, Nasriddinov haqida faqat uning xususiy advokat xizmatidan voz kechganini aytish mumkin, yaqinlari esa huquq himoyachilari bilan aloqaga chiqishdan xavotirda turishibdi.

Akrom Malikov davlatga qarshi fitnada gumonlanayotganiga doir ma'lumotlar yo'q, ammo u qamoqxonada Bobomurod Abdullayev bilan yuzlashtirilgani haqidagi xabarlar chiqqan edi.

Malohat Eshonqulovga ko'ra, Akrom Malikov Abdulloh Nusrat taxallusi ostida maqolalar yozgani, muxolifatdagi O'zbekiston xalq harakati raisi Muhammad Solih bilan aloqada bo'lgani uchun qamoq jazosiga hukm qilingan.

"Muhammad Solih bilan yozishib turgan, ko'rsatmalar olgan, taqiqlangan noqonuniy harakatga a'zo bo'lgan, Abdulloh Nusrat taxallusi bilan turli g'oyadagi maqolalar tarqatgan - shu mazmundagi ayblov. Hukmni o'qigan odamda bu bola Muhammad Solih bilan aloqasi uchun jazolanyapti, degan fikr keladi. Yozgan maqolalari, ularning O'zbekiston xalq harakatida e'lon qilinishi".

Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasriddinov yangi hokimiyat davrida hibsga olingan. Akrom Malikov esa shu davrda qamoq jazosiga hukm qilingan dastlabki jurnalistlardir.

Malohat Eshonqulova deydiki, Malikovning ishi shikoyat tarzida qayta ko'rib chiqilishi kutilmoqda. Uning, shuningdek, hibsdagi jurnalislar Abdullayev, Nasriddinovlarning ozod etilishi aynan yangi hokimiyat gapirayotgan islohotlarni amalda isbotlashi bilan ham o'ta muhim.

"Agar Shavkat Mirziyoyevni minbarlarda turib aytayotgan gaplarida zarracha haqiqat bo'lsa, ular ozod qilinishi kerak. Hozircha hammasi og'izda, amalda yo'q, biz hali Mirziyoyev aytgan gaplarning amaldagi isbotini ko'rmadik, faqat umid bor. Agar aytgan gaplari, xalqqa joni achishi, adolat tantanasiga tashnaligi rost bo'lsa, bunday murojaatlarga javob berilishi, jurnalistlar ozodlikka chiqishi shart. Bu O'zbekiston prezidentida so'z va ish birligi bor yoki yo'qligining isboti bo'ladi", - deydi Malohat Eshonqulova.

Yaqinda huquq himoyachisi Surat Ikromov o'z manbalariga tayanib Bobomurod Abdullayev va Hayotxon Nasriddinov aloqador davlatga qarshi fitna ishi tergovi to'xtatilgani, ish qayta ko'rib chiqilishi, tergovchilar chetlatilgani, qiynoqlar yuzasidan tekshiruv o'tkazilishi mumkinligi haqida bildirgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG