Breaking News

Bobomurod Abdullayevga qo'yilgan ayblov - "katta siyosiy ish"


Jurnalist Bobomurod Abdullayev
Jurnalist Bobomurod Abdullayev

O'zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan kuzatilayotgan ilk yirik siyosiy ish - Bobomurod Abdullayev bilan bog‘liq tergov-surishtiruv jarayoni, deydi masala bilan tanish sharhlovchilar, Shavkat Mirziyoyev davridagi siyosiy islohotlar chegarasini belgilab berishi mumkin.

Milliy Xavfsizlik Xizmati jurnalist Bobomurod Abdullayevga nisbatan yuritayotgan tergov harakatida asosiy diqqatni muxolifat tomonidan yangi hokimiyatni kuch bilan ag‘darish ssenariysi tuzilganiga qaratmoqda. Bu ayblovlarni inkor etayotgan muxolifat Mirziyoyevning adolatidan umid qilmoqda.

Bobomurod Abdullayev aybnomasi Mirzyoyov davridagi ilk siyosiy ish sifatida qayd etilmoqda. Bu jinoiy ishning qanday yakunlanishi hokimiyat almashishidan so‘ng islohotlar ilinjida turgan muxolifatga yo‘llangan javob bo‘lishi bilan birga, yangi hokimiyat va’da qilgan siyosiy islohotlar ko‘lami qanday bo‘lishini ham ochiqlaydi.

Hozircha esa jurnalist Bobomurod Abdullayev yuzasidan mavjud dastlabki tergov xulosasi bu jinoiy ishning qamrovi surishtiruv davomida jiddiy kengayishi, taqiqlangan siyosiy muxolifatning yangi ro‘yxati tasdiqlanishi mumkinligidan darak bermoqda.

MXX tomonidan yuritilayotgan bu jinoiy ish haqidagi dastlabki ma’lumotlar ro‘yxati avvalida muxolifatdagi O‘zbekiston Xalq harakati turganini ko‘rsatadi. Usmon Haqnazarov taxallusi bilan ijod qilib kelgan Bobomurod Abdullayev hukumatni ag‘darishni maqsad qilgan muxolif harakatning funksioneri sifatida taqdim etilgan.

Dastlabki tergov xulosasiga ko‘ra, Usmon Haqnazarov taxallusi ostida faoliyat yuritgan Bobomurod Abdullayev doxil guruh a’zolari hukumatni egallash uchun qo‘zg‘olon uyushtirishni ham rejalashgan, jumladan, Toshkent, Farg'ona, Navoiy va Urganch kabi yirik shaharlarda.

Hukumatni egallash maqsadida tuzilgan ssenariy “Jatva”, ya’ni “O‘rim” deb nomlangan, dastlabki tergov bu reja aynan qaysi hukumatga, Karimovgami yoki Mirziyoyev hukumatiga qaratilgan bo‘lganmi, aniqlashtirmaydi.

Tafsilotlarini olish imkonsiz qolayotgan bu jinoiy ishda Bobomurod Abdullayev, O‘zbekiston xalq harakari raisi Muhammad Solihdan tashqari yana ikki kishi - Ravshanbek Salayev va Shavkatjon Olloyorovlarning ism-shariflari keltirilgan. Xavfsizlik idoralariga yaqin deb ko‘rsatilgan bu shaxslarning ham hibsga olinganini taxmin qilish mumkin.

Bobomurod Abdullayev 27-sentabr kuni izsiz yo‘qolishi ortidan bir necha kun o‘tib MXX izolyatoridan topildi. Avval o‘g‘irlikda gumon qilingan jurnalist keyinchalik davlatga nisbatan fitnada, hukumatni ag‘darish harakatida ayblanayotgani ma’lum bo‘ldi.

Xalqaro inson huquqlari tashkiloti Human Rights Watch 5-oktabr kuni jurnalist Bobomurod Abdullayev ishi bo‘yicha bayonot tarqatdi; asossiz siyosiy ayblovlar ostida hibs qilingan jurnalistni darhol, shartsiz ozod qilishga chaqirdi.

Mahalliy kuzatuvchilar ham Bobomurod Abdullayev ishini Mirziyoyev davridagi dastlabki yirik siyosiy ish ekanligini ta’kidlashmoqda.

Huquq himoyachisi Sur'at Ikromov Abdullayevning ishi bir necha guruh va tashkilotlarni o'z ichiga tortishi mumkin bo‘lgan yirik siyosiy ishdan darak berayotganini ta’kidlar ekan, bu ayblovlarni tasdiqlash hukumat uchun oson bo‘lmasligini aytadi.

“Hozircha faqat shu dastlabki ayblov va Usmon Haqnazarov ekanligi haqidagi umumiy gaplar. Faqat ayblov xulosasini qo‘lga olgandan keyin bu haqda aniq gapirish mumkin bo‘ladi. Lekin bu o‘ta jiddiy ayblovlarni isbotlash hukumat uchun oson kechmaydi”, - deydi Ikromov.

Dastlabki tergov xulosasida keltirilgan yagona tashkilot hozircha muxolifatdagi O‘zbekiston xalq harakati, uning raisi Muhammad Solih. Usmon Haqnazarov nomi ostida maqolalar chop etgan Bobomurod Abdullayev Muhammad Solih ko‘rsatmalariga ko‘ra ish yuritgan.

Muhammad Solihning o'zi bu ayblovlarni inkor qiladi, buni uzoq yillar MXX faoliyatini fosh qilib kelgan jurnalistdan shaxsan Inoyatov olayotgan o‘ch deb baholaydi. Muxolifatchiga ko‘ra, bu siyosiy ish uyushtirilishiga prezident aloqadorligini taxmin qilish qiyin, islohotlar va’da qilayotgan Mirziyoyevga nisbatan umid hali so‘nmagan.

“Bobomurod Mirziyoyevga nisbatan qilinayotgan sabotaj qurboni bo‘ldi. Usmon Haqnazarning qamoqqa olinishi Mirziyoyev hukumatiga, davlatimizga nisbatan katta zarba. Buni hurmatli Mirziyoyev yaxshi tushunishi kerak va shunga yarasha harakat qilishi kerak, ya’ni Mirziyoyev uchun adolatni ko‘rsatish vaqti keldi. Vatanparvar bu insonning qamoqdan qutilishi uchun hukumatimiz aniq odim otishi kerak”, - deydi Muhammad Solih.

MXX tergov izolyatorida saqlanayotgan Bobomurod Abdullayevning o‘zi “Usmon Haqnazarov” ekanligini tan olgan yoki olmagani noma’lum, u bilan aloqa imkonsiz. Turmush o‘rtog‘i Katya Balxiboyeva Bobomurodning ishi haqida ma'lumot berishdan bosh tortgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG