Afg'onistonda Tolibon xurujida kamida 29 odam o'lgan

  • Amerika Ovozi

Hilmand viloyati, Afg'oniston. Xurujdan so'ng, 22-iyun, 2017-yil

Afg'oniston janubidagi Hilmand viloyatida bir odam bomba solingan mashinani Lashkargoh shahridagi bank yonida portlatib, kamida 29 kishining umriga zomin bo'ldi. Voqea askarlar va davlat xizmatchilari maoshini olish uchun Yangi Kobul banki yonida to'plangan payt sodir bo'ldi. 60 dan ziyod odam jarohat olgan.

Viloyat hokimi so'zlovchisi Umar Zvakning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, yaradorlarning ba'zilari og'ir ahvolda, qurbonlar orasida harbiylar va oddiy fuqarolar bor.

Tolibon xurujni o'z bo'yniga olib, askarlar va razvedka xizmati vakillari nishonga olinganini, xurujda 80 dan ziyodi o'lganini da'vo qildi.

Guruh so'zlovchisi Muhammad Yusuf Ahmadiyning aytishicha, xuruj bank faqat harbiylar va xavfsizlik idoralari xodimlariga xizmat ko'rsatadigan kunga rejalangan.

Afg'onistondagi AQSh kuchlari qo'mondonlaridan biri general Rojer Tyorner voqeani qoralab, toliblarni qo'rqoqlikda aybladi.

"Ular ro'za hayitidan oldin maoshini olgani kelgan begunoh insonlarni nishonga olishdi", - dedi general.

Chorshanba kuni BMT Xavfsizlik Kengashida Afg'onistondagi vaziyat haqida hisobot tinglangan. BMT bosh kotibining Afg'oniston bo'yicha vakili Tadamichi Yamamotoning aytishicha, Tolibon kuchaymoqda, tinchlik jarayonini tezlashtirish kerak.

“Tinchlikka zo'ravonlik emas, muzokara orqali erishish kerak", - dedi u.

BMT rasmiysi toliblarni afg'on hukumati bilan hech bir shartsiz muzokara boshlashga chaqirdi.

"Kobul, qo'shni mamlakatlar va jarayonning boshqa muhim ishtirokchilari Tolibon ham Afg'oniston siyosiy va ijtimoiy hayotida ishtirok etishini ta'kidlashi kerak", - dedi Yamamoto.

Mamlakatda zo'ravonliklar kuchayar ekan, Prezident Ashraf G'ani hukumatini iste'foga chaqiruvchi da'vatlar qattiqroq yangramoqda.

Bu o'rtada Tolibon qo'lga tushgan ikki professorning AQSh Prezidenti Donald Trampga murojaati bitilgan videoni tarqatdi. Garovdagilarning biri amerikalik, ikkinchisi avstraliyalik bo'lib, ular Trampdan Tolibon bilan muzokara boshlab, ularni ozod etishni so'ragan.

Kobuldagi Amerika universitetida ishlagan 60 yashar Kevin King va 48 yoshli Timoti Uiks o'tgan yil avgustida universitet atrofida o'g'irlab ketilgan edi. Ularning videoda aytishicha, toliblar mahbuslar ozodligi evaziga Kobuldagi Bagram aviabazasi va Puli Charxi qamoqxonasida saqlanayotgan safdoshlarini ozod etish talabini olg'a surgan. Aviabaza AQSh harbiylari nazoratida.

Ba'zi xabarlarga ko'ra, professorlar Tolibonga ittifoqdosh Haqqoniy jangari tarmog'i qo'lida saqlanmoqda. Ulardan tashqari jangarilar 30 yashar amerikalik Keytlan Koulman va uning 33 yashar kanadalik turmush o'rtog'i Joshua Boylni ham garovda ushlamoqda. Ular 2012-yilda o'g'irlab ketilgan edi.

Bu orada Afg'oniston saylov komissiyasi ko'pdan beri qoldirib kelingan parlament va tuman kengashlariga saylovlar kunini belgiladi - 2018-yil iyulining birinchi haftasi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG