Breaking News

Tolibon Karzay bilan emas, AQSh bilan gaplashishni istaydi


Tolibon Karzay bilan emas, AQSh bilan gaplashishni istaydi
Tolibon Karzay bilan emas, AQSh bilan gaplashishni istaydi

Afg’onistonda janglar davom etayotgan bir paytda, AQSh va Tolibon o’rtasida dastlabki muloqot yo’lga qo’yildi. Biroq rasmiylar hozircha buni “tinchlik muzokaralari” deb ta’riflamaydi.

Muzokarada asosan AQSh qamoqlarida saqlanayotgan toliblarni ozod etish haqida gaplashilgan xolos. 2014-yil yaqinlashgan sari hammaning xayolida bir savol – urushni siyosiy-diplomatik yo’llar bilan tugatsa bo’ladimi?

Qo’shma Shtatlar Afg’oniston hukumatini tashabbusni qo’lga olishga undab kelmoqda.

Markaziy Razvedka Agentligi sobiq xodimi, prezident Barak Obamaga shu mavzu bo’yicha maslahat bergan Bryus Raydel deydiki, mojaroga siyosiy yechim topilsa AQSh hech narsa yutqazmaydi. Shu bois muloqotga yo’q demayapti.

Ammo, uning fikricha, Hamid Karzay va Tolibon murosaga erishishi amri mahol. Chunki Karzay hukumatini jangarilar noqonuniy deb biladi, G’arbning, xususan “AQShning malayi” deb qoralaydi.

Tolibon Karzay bilan emas, AQSh bilan gaplashishni istaydi
Tolibon Karzay bilan emas, AQSh bilan gaplashishni istaydi
Fransesk Vendrel Yevropa Ittifoqining Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili bo’lgan.

“Tolibon faqatgina qaror qabul qiluvchi tomon bilan, ya’ni AQSh bilan gaplashishni istaydi”, - deydi u.

Agar tinchlik muzokaralari jiddiy tus olsa, tomonlar bundan qanday foyda, manfaat ko’radi?

“Tolibonning talabi – barcha xalqaro qo’shinlar Afg’onistonni tark etsin. AQSh va NATOga esa askarlarini olib chiqish uchun xavfsiz yo’llar, hujumdan xoli sharoit kerak. Nazarimda, Tolibon yaqinda Qatarda ochgan idora shu masala bilan shug’ullanadi”, - deydi tahlilchi Kan Deniz.

“Sulh bitimi, ya’ni urush yakunida o’zaro hujumlarni to’xtatish muzokaraning bir qismi”, - deydi Notr Dam Universiteti olimi Deyvid Kortrayt.

“Xalqaro koalitsiya jangovar operatsiyalar va reydlarni bas qilish to’g’risida Tolibonga taklif bilan chiqishi va ularga ham xuddi shunday shart qo’yishi mumkin. Janglar to’xtagach, Afg’onistonning bo’lajak hukumatini tuzish borasida muzokara qilsa ham bo’ladi”.

Biroq Tolibon koalitsion hukumatga qo’shilishni istaydimi-yo’qmi, bilmaymiz. Ekspertlar ta’biricha, Karzayga nisbatan nafrat-adovat shu qadar kuchliki, toliblar bilan hokimiyatni bo’lishishiga ishonish qiyin.

Tolibon Karzay bilan emas, AQSh bilan gaplashishni istaydi
Tolibon Karzay bilan emas, AQSh bilan gaplashishni istaydi
Sobiq elchi Fransesk Vendrel prezident Karzay bilan yaqindan ishlagan.

“Vashington u bilan til topishishi oson kechmayapti. O’ziga xos qaysar, murakkab shaxs. AQShning sabr kosasi to’lib bo’lgan”, - deb hisoblaydi u.

“Karzay layoqatsiz rahbar ekani sir emas. Muzokarani eplay olmayapti, turli qabilalar bilan til topisha olgani yo’q. AQSh uni chetga surib, Tolibon bilan o’zi kelishuvga erishsa ajablanmayman”, - deydi u.

Ushbu jarayonda qo’shni Pokistonning rolini ham unutmaylik. Tolibon yetakchilari o’sha yerni o’ziga manzil qilgan. Razvedka ma’lumotlari shundan dalolat beradiki, Pokiston Afg’onistonda strategik nufuzini saqlab qolish uchun Tolibon harakatini qo’llab-quvvatlaydi, undan foydalanadi.

“Ochig’ini aytish kerak – Pokiston Tolibonning uzoq yillik homiysi va xo’jayini. Agar jarayondan chetlatilsa, tinchlik muzokaralari bo’lmaydi. Bunga bir necha bor guvoh bo’lganmiz. Pokiston Amerika diplomatlari bilan gaplashish uchun kelgan Tolibon vakillarini hibsga olgan paytlar bo’lgan. Uning ishtirokisiz kelishuvga erishib bo’lmaydi”, - deydi olim Deyvid Kortrayt.

Muhimi, urushga nuqta qo’yuvchi kelishuvda barcha tomonlarning manfaati hisobga olinishi shart. Aks holda, Afg’onistonda urush hali beri tugamaydi, deya ogohlantiradi ekspertlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG