Breaking News

AQSh Tolibon bilan muloqot qilish harakatida


AQSh Tolibon bilan muloqot qilish harakatida
AQSh Tolibon bilan muloqot qilish harakatida

Janubiy osiyolik ayrim tahlilchilar nazarida Afg’onistonda tinchlikka yetaklovchi muzokaralarni o’tkazish uchun hozir siyosiy sharoit ayni yetilgan mahal. Ammo boshqalar bunga yillar ketishi mumkin deya umidsizlanmoqda.

AQShning Afg’oniston va Pokiston bo’yicha maxsus maslahatchisining muovini Vikram Singxning aytishicha, afg’on mojarosi ertami, kech yolg’iz siyosiy yo’l bilan hal etiladi. Amerika qo’shinlari Afg’onistonda muvaffaqiyatlarga erishar ekan, hozir buning uchun sharoit har qachongidan yaxshi, deydi u.

"Bu bilan Tolibon, prezident Karzay va pokistonliklar bir stol atrofida o’tirib, shunga tez kelishadi, kelasi yil shu paytda esa hamma xursandchilik qiladi, deganimi? Yo’q, albatta. Bu oson ish bo’ladi, deb o’ylayotganimiz yo’q".

Ayrim xabarlarga ko’ra, Obama ma’muriyatining vakillari toliblar bilan muloqotga kirishgan. AQSh nazarida tinchlik qaror topishi uchun Tolibon qurollarini topshirib, zo’ravonlikka chek qo’yishi, afg’on konstitutsiyasiga bo’ysunib, qonunlarga rioya qilishi va ayollar haq-huquqlarini hurmat etishi lozim.

Vikram Singxning aytishicha, Qo’shma Shtatlar va xalqaro hamjamiyat siyosiy jarayonga tayyor.

"Muloqot hali boshlangani yo’q, ammo unga juda yaqinmiz", - deydi u.

Ayrim tahlilchilar nazarida o’tgan oy boshida al-Qoida rahbari Osama bin Laden Pokistonda o’ldirilgach, Tolibon bilan muloqot uchun yo’l ochildi.

Xamish Nikson Vashingtondagi AQSh Tinchlik institutida Afg’oniston borasida izlanish olib boradi.

Uning aytishicha, Qo’shma Shtatlar muvaffaqiyatga yetaklovchi bir strategiya ustida bosh qotirmoqda.

“Yangi Amerika xavfsizligi markazi” deb nomlanuvchi Vashingtondagi yana bir tahlil maskani xodimi Endryu Ekzum armiya safida Iroq va Afg’onistonda xizmat qilgan. Uning aytishicha, xalqaro koalitsiya qo’mondonlari yaqin kelajakda toliblar bilan murosa qilish mumkinligiga ishonmaydi.

"AQSh harbiy qo’mondonligi shular jumlasidan. Shu sabab ular murosa jarayoniga jiddiy e’tibor bermayapti. Mening nazarimda 2014-yildan keyin ham jangarilarga qarshi kurashayotgan bo’lamiz", - deydi tahlilchi.

Prezident Obama va NATO 2014-yilga borib jangovar qismlarni Afg’onistondan chiqaramiz, degan edi. U paytgacha toliblarni yo uzil-kesil tor-mor etish, yo ular bilan til topishish lozim.

Tolibon ichida aynan kim bilan muzokara qilishni bilmaysan kishi, deydi Afg’oniston sobiq ichki ishlar vaziri Ali Jaloliy.

"Harakat tepasida kim turibdi? Kimda Tolibon nomidan gapirishga vakolat bor? Buni bilish qiyin", - deydi sobiq vazir.

Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg’armasi tahlilchisi Eshli Tellisning aytishicha, toliblar afg’on hukumatini ag’darishga ko’zi yetmasligini tushunsagina muzokaraga ko’nishi mumkin.

"Hozir ular ancha zaiflashgan bo’lsa-da, jangarilarni murosaga majburlash uchun bu yetarli emas, chunki erishilgan yutuqlar puxta emas. Ular bilan hozir muloqot boshlansa ham bitimga darrov erishib bo'lmaydi", - deydi Tellis.

Tahlilchilar nazarida bunday muloqot Pokiston ishtirokisiz bo’lmasligi kerak, chunki Tolibon rahbarlarining bir qismi qo’shni mamlakatda boshpana topgan.

AQSh Tinchlik instituti mutaxassisi Moid Yusufning aytishicha, Pokiston Karzay hukumatiga toliblar bilan murosa qilish zarurligini ko’pdan beri aytib keladi.

Aks holda, deydi pokistonliklar, hozirgiday qulay sharoit bo’lmasligi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG