Breaking News

Moskvada Tolibon va afg'on vakillari uchrashdi


Moskvadagi muzokara ishtirokchilari

9-noyabr kuni Moskvada Tolibon harakati a'zolari va Afg'oniston hukumatiga aloqador vakillar bilan ilk bor muloqot bo'lib o'tdi. Ikki soat davom etgan tadbirdan so'ng Tolibon so'zlovchisi Muhammad Suhayl Shahin uchrashuv yuzma-yuz bo'lmaganini aytdi. Unga ko'ra, AQSh qo'shinlari Afg'onistonni tark etsagina, hukumat bilan bevosita muloqot bo'ladi.

"Biz muzokara qilmadik bugun. Oliy tinchlik kengashi a'zolari o'z qarashlarini bildirishdi, biz o'z qarashlarimizni", - dedi u.

"Prezident-Otel" mehmonxonasidagi muloqotni ochib bergan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, "Islomiy davlat" jangari to'dasi Markaziy Osiyoga o'tish uchun Afg'onistondan ko'prik sifatida foydalanmoqchi va buning oldini olish uchun hukumat va Tolibon aloqani yo'lga qo'yishi lozim.

Xitoy, Eron, Pokiston, Hindiston, O'zbekiston va Turkmaniston rasmiylari kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan. O'zbekiston delegatsiyasiga Prezident Shavkat Mirziyoyevning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev rahbarlik qilgan.

2010-yilda Tolibon bilan muloqot uchun maxsus tuzilgan Oliy tinchlik kengashi Afg'oniston hukumati tarkibiga kirmasa-da, rasmiy Kobul fotihasini olgan. Toliblar hukumatni AQSh qo'g'irchog'i deya, u bilan uchrashishdan bosh tortib kelmoqda.

Qo'shma Shtatlar va Afg'oniston hukumati Moskvadagi muloqotda qatnashishdan bosh tortib, Tolibon va hukumat o'rtasida bevosita muzokara tarafdori ekanini aytib keladi. Uchrashuvni kuzatish uchun AQShdan Moskvadagi elchixona birinchi kotibi Jeykob Choy borgan.

Taraflar biror hujjat imzolamagan yoki biror kelishuvga erishmagan bo'lsa-da, uchrashuvning o'tkazilgani Moskva uchun katta diplomatik yutuq deya ko'rilmoqda.

Qo'shma Shtatlar Rossiyani Tolibonni qurol bilan ta'minlayotganlikda ayblab keladi. Kreml bu ayblovlarni inkor etadi. Tolibon so'zlovchisi Shahin ham harakat Rossiyadan qurol olmasligini tasdiqladi. Ayrim kuzatuvchilarga ko'ra, Moskva Tolibon bilan "Islomiy davlat" jangari to'dasiga qarshi hamkorik qilayotgan bo'lishi mumkin.

Tramp ma'muriyati Afg'onistonda tinchlikni o'rnatish uchun o'z rejasini olg'a surmoqda. Oq uyning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili, AQShning Iroq va Afg'onistondagi sobiq elchisi Zalmay Xalilzod ayni damda mintaqa bo'ylab safar qilmoqda. Unga Tolibonni afg'on hukumati bilan shartsiz bevosita muloqot qililshga ko'ndirish vazifasi yuklangan.

Moskvadagi uchrashuvda qatnashgan Oliy tinchlik kengashi a'zosi, Afg'onistonning ayollar huquqlari bo'yicha sobiq vazirasi Habiba Sarobiy muloqot bevosita muzokaraga yetaklashiga umid qilmoqda.

O'zbekiston Tolibon va Afg'oniston hukumati bevosita muzokaralarga kelishsa, uchrashuvni Toshkent yoki boshqa shaharda uyushtirishga tayyor ekanini bildirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG