Breaking News

Kobulda Abdulla tarafdorlari "soxta ovozlarga" qarshi namoyish qildi


Kobul, 29-noyabr, 2019

Afg'onistonda prezidentlikka da'vogar Bosh vazir Abdulla Abdullaning minglab tarafdorlari ovozlarni qayta sanash jarayonini to'xtatishni talab qilib poytaxt Kobulda namoyish qildi.

Afg'oniston saylov komissiyasi 300 mingga yaqin "soxta byulletenlarni" qayta hisoblamasligi kerak, deydi ular. Abdulla da'vosiga ko'ra, bu ovozlar hisoblanishi amaldagi Prezident Ashraf G'ani foydasiga bahsli natijaga olib keladi.

Firibgarlik va texnik muammolar tufayli komissiya 28-sentabrda o'tgan prezidentlik saylovining dastlabki natijalarini bir necha bor kechiktirdi. Agar biror nomzod 50 foizdan ko'p ovoz ololmasa, ovoz berish qayta o'tkaziladi.

Rasmiylarning aytishicha, tayyorgarlik sustligi, texnik qiyinchiliklar va saylovga qarshi Tolibon uyushtirgan zo'ravonlik aholining eng kam sonda ishtirokiga sabab bo'ldi.

Afg'oniston telekanallarida odamlar Kobulning bir necha qismida namoyish qilgani, prezident saroyiga yaqin Pashtuniston maydonida yig'ilgani ko'rsatildi. Hukumat xavfsizlik nuqtai nazaridan bu hududga boradigan yo'llarni yopgan bo'lsa-da, namoyishchilarni to'xtata olmagan. Ular "firibgarlik yo'q bo'lsin" degan hayqiriqlar bilan saylov komissiyasidan "soxta ovozlarni" bekor qilishni talab qilgan.

Abdulla Abdulla va bir necha boshqa nomzodlarning tarafdorlari Afg'onistonning 34 viloyatidan yettitasida shubhali ovozlar sanalishiga yo'l qo'ymayapti.

Markaziy saylov komissiyasi rahbari Hava Alam Nuristoniyning jurnalistlarga bildirishicha, hozirgacha 26 viloyatda ovozlar qayta sanab bo'lingan. U norozi nomzodlarni qonunga bo'ysunishga, komissiya ishini yakuniga yetkazish uchun imkon berishga undamoqda.

Ungacha natijani e'lon qilish sanasi belgilanmaydi. Nuristoniy komissiya Ashraf G'aniga yon bosayotgani haqidagi da'volarni rad etdi.

Saylov atrofidagi munozara 2014-yilgi prezidentlik saylovidan keyin bir necha oy davom etgan siyosiy to'polonlar takrorlanishi haqidagi xavotirlarni kuchaytirgan. O'shanda G'ani va Abdulla birdek g'alaba qilgan va AQSh vositachiligida hokimiyatni taqsimlashga kelishib olingan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG