Breaking News

Tolibon bilan muzokaraga yaqinmiz, deydi Afg’oniston vaziri


Afg’oniston hukumati va Tolibon tinchlik muzokaralarini boshlashga har qachongidan yaqin. Tashqi ishlar vaziri Muhammad Hanif Atmar so’zlariga ko’ra, kelasi hafta bu masalada “sezilarli progress” bo’lishi kutilmoqda.

“Besh mingdan ortiq Tolibon mahbuslari allaqachon ozod etildi. Kelasi kunlarda bu jarayon davom etadi. Bu bilan, muzokaralarni boshlash uchun so’nggi to’siq olib tashlanishiga umid qilyapmiz”, - dedi vazir AQSh Tinchlik instituti bilan kechgan virtual muloqotda.

Unga ko’ra, Afg’onistondagi barcha ijtimoiy va siyosiy guruhlarni o’zida mujassam etgan muzokara guruhi Tolibon bilan dialog boshlashga tayyor.

Muhammad Hanif Atmar Afg’onistonga tinchlik jarayonida ko’mak berib kelayotgan davlatlarga, xususan, AQSh, Qatar, O’zbekiston, Norvegiya, Indoneziya va Germaniyaga rahmat aytdi. 12 mamlakat Kobul-Tolibon muzokaralariga mezbonlik qilishga tayyorligini bildirmoqda.

AQSh Tinchlik institutida kechgan muloqot (ingliz tilida):

Tolibonning hukumat “o’ta xavfli” deb bilgan 400 a’zosini qamoqdan ozod etish masalasi yaqinda Loya Jirg’a qabilaviy oqsoqollar yig’inida muhokama qilindi. Hukumatga quyidagi tavsiyalar taqdim etilgan:

  • Ozod etilajak asirlar jang maydoniga qaytmasligi kerak
  • Tolibon qamoqda saqlayotgan asirlar ham zudlik bilan ozod etilishi darkor
  • Zo’ravonlik kamayishi, gumanitar sulh e’lon qilinishi lozim

Afg’oniston, deydi Muhammad Hanif Atmar, bundan buyon terrorchilar maskani bo’lmasligi kerak.

“Tolibon xorijiy askarlar mamlakatni tark etishini talab qilmoqda. Bu ish, albatta, sharoitga qarab, ma’lum shartlar asosida bajarilgani ma’qul. Bizning talabimiz - xorijiy terrorchilar Afg’onistondan chiqib ketishi, toliblar al-Qoida va xorijiy jangchilar bilan aloqani uzishi lozim”, - deydi vazir.

Afg’oniston tashqi ishlar vaziri 28-29 avgust kunlari O’zbekistonga tashrif buyuradi. Ikki tomonlama aloqalar, xususan, elektr energiyasi importi, transport va temir yo’l loyihalari, savdo va tranzitni oshirish masalalarini muhokama qilamiz, deydi Muhammad Hanif Atmar.

Unga ko’ra, Markaziy Osiyo respublikalari Afg’oniston uchun muhim. Kelajakni ular bilan birga ko’ramiz, deydi Atmar.

Tinchlik davomiy bo’lsin desak, muzokaralar paytida va siyosiy yechim e’lon qilinganidan keyin ham regional va xalqaro ittifoqchilar Afg’onistonni qo’llab-quvvatlashi lozim, deya urg'u berdi vazir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG