Breaking News

AQSh-O'zbekiston: Toshkentda Afg'oniston yuzasidan muloqot


AQSh maxsus vakili Zalmay Halilzod, AQSh Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Adam Boler, O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Afg'oniston bo'yicha maxsus vakil Ismatilla Irgashev, Toshkent, 30-iyun, 2020

30-iyun kuni AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod va AQSh Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Adam Boler Toshkentda bo'ldi. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va boshqa rasmiylar bilan muloqot kechdi.

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligining bayon qilishicha, asosan siyosiy hamkorlik, iqtisodiy rishtalar va tijorat, madaniy-gumanitar va harbiy-texnikaviy aloqalarni mustahkamlash xususida gap ketgan.

AQSh delegatsiyasi bugun O'zbekiston Oliy Majlisida, jumladan Senatda hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida ham bo'lishi rejalangan.

O‘zbekistonning azaliy pozitsiyasi shuki, Afg‘onistonda tinchlik o'rnatilmas ekan, nafaqat uning balki butun Markaziy Osiyo barqarorligi xavf ostida. Vashington buni asosli deb hisoblaydi, deydi rasmiylar, shu bois tomonlar hamkorlikni kuchaytirishga bel bog'lagan.

Toshkent Afg‘onistonda rahbariyat siyosiy birdamlikka intilayotganidan mamnun. Lekin bu harakatlar davom etishi kerak, deydi O'zbekiston diplomatlari, xalqaro hamjamiyat ko'maklashishi zarur.

AQSh-O'zbekiston muzokaralari, Toshkent, 30-iyun, 2020
AQSh-O'zbekiston muzokaralari, Toshkent, 30-iyun, 2020

AQSh O‘zbekistonning Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishga undab, mintaqaviy yondashuvni ilgari surib, integratsion sa’y-harakatlar olib borayotganini yuqori baholaydi, deydi Vashingtondan borgan rasmiylar.

Ikki davlat Afg‘oniston yuzasidan va u bilan yaqindan birgalikda ishlashga kelishib qolgan. 27-may kuni uch tomonlama hamkorlikni muhrlovchi birinchi uchrashuv o'tgan edi. Afg‘onistonni tiklash va uni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga faol jalb qilish uchun amaliy harakat ketmoqda, deydi O'zbekiston va AQSh diplomatlari.

Xususan, iqtisodiy va transport-kommunikatsiya aloqalarini kengaytirish uchun zarur loyihalarni moliyalashtirish kerak. Bunda DFCdan kutilayotgan qadamlar muhokamada.

Adam Bolerga ko'ra, energetika, infratuzilma, tibbiyot va ta’lim sohalaridagi proyektlarni amalga oshirishda DFC O'zbekiston bilan bir yoqadan bosh chiqarishga tayyor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG