Breaking News

Afg'oniston prezidenti va Balx hokimi o'rtasidagi nizo davom etmoqda


Balx hokimi Ato Muhammad Nur mamlakat prezidentining buyrug'iga bo'ysunmayapti.

AQSh Afg'oniston yetakchilarini prezident va Balx viloyati hokimi o'rtasida yuz bergan kelishmovchilikni tinch yo'l bilan hal qilishga chaqirmoqda.

Siyosiy inqiroz bir oy avval Prezident Ashraf G'ani Balx viloyatining uzoq yillik hokimi Ato Muhammad Nurni ishdan olib, o'rniga boshqa odamni tayinlashi ortidan yuz berdi. Mintaqaning qudratli siyosiy yetakchisi hisoblanadigan Muhammad Nur prezident buyrug'iga bo'ysunmayapti. U o'z vazifasini topshirishdan oldin ayrim talablari markaziy hukumat tomonidan qondirilishini so'ramoqda.

Kobulda jurnalistlar bilan gaplashgan AQSh elchisi Jon Bas Afg'oniston konstitutsiyasida prezident hokimlarni tayinlash vakolatiga ega ekanini tilga olib, har ikki tomonni qonun ustuvorligi tamoyiliga rioya qilishga undadi.

"Hokimiyat sobiq gubernator Atodan yangi hokimga tinch yo'l bilan o'tishi muhim. Bu jamiyatda qo'shimcha zo'ravonlikka o'rin yo'q", - dedi Bas.

Vazifasidan chetlatilgan Nur yangi hokimni va politsiya rahbarini tayinlash huquqi o'ziga berilishini talab qilmoqda.

Viloyat markazi Mozori Sharifda tarafdorlari huzurida gapirgan Ato Muhammad Nurning aytishicha, agar partiyasi va Prezident G'ani idorasi o'rtasida davom etayotgan muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlansa, u mamlakat bo'ylab qo'zg'olon boshlaydi va "dushmanlik hamda g'azab devorlarini yakson qiladi".

Nur bu gaplarni markaziy hukumat siyosiy inqirozni bostirish uchun kuch ishlatishni rejalayotgani haqidagi xabarlarga javoban aytgan. Avvalroq u agar hukumat harbiy choraga qo'l ursa, afg'on askarlarining 70-80 foizi unga qarshi qurol ko'tarmasligini ta'kidlagan edi.

"Bu jamiyatda yetarli darajada, juda ko'p zo'ravonlik bor. Hukumat, viloyat rahbarlari va fuqarolar aralashgan nizolar ham juda ko'p. Afg'onistonga hozir ortiqcha zo'ravonlik kerak emas", - dedi AQSh elchisi.

Basga ko'ra, siyosiy ixtiloflardan faqat terrorchilar hamda Afg'oniston dushmanlari manfaat ko'radi.

Shu hafta boshida AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens Prezident G'aniga qo'ng'iroq qilib, sobiq hokim Nur bilan ketayotgan muzokaralarda Vashington Kobulni qo'llab-quvvatlashini bildirdi.

Kuzatuvchilarning aytishicha, davom etayotgan bu siyosiy inqiroz mamlakatdagi etnik raqobatni yanada kuchaytirib, terrorga qarshi olib borilayotgan kurashga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin.

Nurning "Jamiyati islomiy" partiyasi, asosan, tojik millatiga mansub tarafdorlarga ega. Prezident G'ani esa pashtu fuqarolar madadiga tayanadi. Prezident ayni paytda hukumatga, asosan, shu millatga mansub odamlarni to'playotganlikda ayblanmoqda.

Afg'oniston Bosh ijrochisi Abdulla Abdulla va Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy "Jamiyati islomiy" partiyasidan.

Partiyadagi manbalarning aytishicha, ayni siyosiy ixtilof sabab Tashqi ishlar vaziri Rabboniy Nyu-Yorkka kelmagan, U BMT Xavfsizlik Kengashida Afg'oniston bo'yicha bo'lib o'tadigan yig'inda qatnashishi rejalangan edi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp hokimiyatga kelgach, Afg'oniston bo'yicha siyosat o'zgardi. Shundan beri Afg'oniston armiyasi AQSh yetakchiligidagi xalqaro kuchlar yordami bilan Tolibon va boshqa jangari guruhlarga qarshi harbiy amaliyotlarni kuchaytirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG